Mo‘jiza ro‘y bergan kun
yoxud XV yozgi Paralimpiya o‘yinlariga bir nazar
“Hech bir narsa mamlakatni sport kabi tezda dunyoga mashhur qila olmaydi”. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zbek sportchilari uchun dasturulamal bo‘lgan mazkur iborani bejizga tez-tez ta’kidlab o‘tmaganligini bugun davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Ayniqsa, o‘tayotgan yil yurtimiz sportchilari hayotida muhim iz qoldirganligini barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz. Okean orti mamlakati – Braziliya bu hayajonli damlarni butun dunyoga ko‘rsatib berdi. Avvaliga Olimpiada o‘yinlariga mezbonlik qilgan bu davlat bir muddat o‘tgach paralimpiya musobaqalarini yuqori saviyada tashkillashtirdi. Endigi fikrlarimiz shu haqida.
Shu yilning 7-18-sentabr kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri navbatdagi sport musobaqalariga mezbonlik qildi. Bo‘lib o‘tgan XV Paralimpiya o‘yinlarida 32 nafar paralimpiyachi hamyurtlarimiz beshta sport turi bo‘yicha ishtirok etishdi. Quvonarli jihati shundaki, musobaqada qatnashgan 32 atletimiz yakunda o‘z hisoblariga 31 medal yozib qo‘yishdi – 8 oltin, 6 kumush, 17 bronza.
O‘zbek sportchilarining Paralimpiya o‘yinlari ishtirokidagi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bizni xursand qiladigan raqamlarni keltira olmaymiz. Chunki shu vaqtga qadar faqatgina 2012-yil Londonda bo‘lib o‘tgan musobaqalarda bitta kumush medal bilan kifoyalanib kelayotgan edik. Shu ma’noda atletlarimizning bu yil ko‘rsatgan mo‘jizakor natijalari bizni chindan to‘lqinlantirib yubordi. Yuragida yurtga bo‘lgan sadoqat va cheksiz muhabbatni jo qilgan sportchilarimiz har bir bellashuvni katta ishtiyoq bilan o‘tkazishdi. Ortida millati, yurti va xalqi, ota-onasining duoga ochilgan qo‘llari mushtoq kutayotganligini dildan his qilishdi. Sportchilar yuzida porlab turgan g‘urur va or tuyg‘ulari musobaqalarga yanada shukuh bag‘ishladi.
O‘zbekistonlik sportchilar musobaqalarning dastlabki kunlaridanoq dunyo ahlida o‘zgacha mehr va havas uyg‘otdi. O‘zaro bahslarda jahonning 160 dan ortiq davlatidan kelgan to‘rt mingdan ziyod sportchilar orasida munosib ishtirok etgan atletlarimiz bizni deyarli har kuni quvonchli xabarlar bilan xursand qilishdi. Dastlab dzyudochimiz Sherzod Namozov vazni 60 kilogrammgacha polvonlar orasida tengsiz ekanligini isbotladi. U finalda yaponiyalik Makoto Xiroseni yengib, yurtimiz hisobiga ilk oltin medalni tuhfa qildi. 66 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasida O‘tkirjon Nig‘matov ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Shuningdek, mutlaq vazn toifasida Odil To‘lendiboyev ham zafar quchdi. U hal qiluvchi bellashuvda mezbonlar vakili Vilians Silva de Arauxoni bor-yo‘g‘i ikki soniyada sof g‘alaba – “ippon” bahosi bilan yengdi. Sportchimiz mahoratini tan olgan Silva bahs so‘ngida, “men fikrimni bir joyga jamlab olgunimcha, To‘lendiboyev hammasini hal etdi”, deya uning g‘alabasini samimiy e’tirof etdi. O‘z vazn toifasida Hayitjon Alimova kumush, Sevinch Salayeva, Tursunposhsha Nurmetova, Gulruh Rahimova, Feruz Saidov, Shuhrat Boboyev hamda Shirin Sharipovlar bronza medallari bilan taqdirlanishdi.
Yengil atletikachilarimizdan Husniddin Norbekov disk uloqtirish bo‘yicha 59,75 metr natija qayd etib, jahon rekordini o‘rnatdi. Aleksandr Svechnikov nayza otishda nafaqat oltin medalni qo‘lga kiritdi, balki Paralimpiya o‘yinlari rekordini ham yangiladi. Sofiya Burxonova esa (yadro uloqtirish) ikkinchi o‘rinni egalladi. Uzunlikka sakrash bellashuvlarida Doniyor Soliyev bronza medalga sazovor bo‘ldi. Suzish musobaqalari ham hayajonli damlarga boy bo‘ldi. Tajribali sportchimiz Fotima Amilova 100 metrga brass usulida suzishda shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi va 1 daqiqa-yu 12,45 soniya bilan jahon rekordini yangiladi. Diqqatga sazovor jihati, Fotima 200 metrga kompleks, 100 metrga batterflyay usullarida suzishda kumush va bronza medallarga sazovor bo‘ldi. Shunday qilib, Fotima Amilova bitta Paralimpiya o‘yinlarining o‘zida ham oltin, ham kumush, ham bronza medalga ega chiqqan birinchi o‘zbek sportchisi bo‘lib tarixga kirdi.
– Har bir ona uchun farzandining baxt-u kamolini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak, – deydi Fotimaning onasi Ziyoda Amilova. – Qizimning bu muvafaqqiyatlaridan bugun juda katta hayajondaman. To‘g‘risi, hozir mendan baxtli ona bo‘lmasa kerak.
Musobaqaning keyingi kunlarida ham birin-ketin xushxabarlar kelib turdi. Firdavs Musabekov 100 metr masofaga brass usulida suzishda raqiblarini ortda qoldirgan bo‘lsa, Muslima Odilova 50 metrga erkin hamda 100 metrga batterflyay usullarida suzish yo‘nalishida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi. Shohsanam Toshpo‘latova esa bu borada ikki bronza medali bilan taqdirlandi. 100 metrga batterflyay usulida suzishda Kirill Pankov kumush, Muzaffar Tursunxo‘jayev bronza, 400 metrga erkin usulda suzishda Dmitriy Xorlin bronza medal egasiga aylandi. O‘n metrdan to‘pponchada o‘q otish bahslarida qatnashgan Server Ibragimov va pauerlifting bo‘yicha vazni 80 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar musobaqasida o‘z mahoratini namoyish qilgan Ahror Bozorov ham o‘z hisoblariga bronza medallarini yozib qo‘yishdi.
Va nihoyat musobaqaning so‘nggi kuni – 18-sentabr sanasi yetib keldi. Hamyurtlarimiz hisobida shu vaqtga qadar 30 medal mavjud. Yurtimizning so‘nggi ishtirokchisi Nozimaxon Qayumova maydonga chiqdi. Yengil atletikaning nayza uloqtirish bahslarida qatnashayotgan Nozimaxon oxirgi natijaga ko‘ra 44.58 natija bilan jahon rekordini yangiladi va Paralimpiya o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Bu medal O‘zbekiston uchun o‘ttiz birinchisi edi. O‘zbek paralimpiyachilari ishtirokini katta qiziqish va havas bilan kuzatib kelayotgan xorij OAV vakillari Nozimaxonning yutug‘idan so‘ng hayratini yashirolmadi. O‘zaro muloqotlarda mazkur sanani “O‘zbekiston uchun mo‘jizaviy kun, mo‘jiza ro‘y bergan kun” deya baholashdi. Sirasini aytganda ham haqiqat shu: o‘zbek paralimpiyachilari Rioda chinakam mo‘jiza yaratdi, mo‘jiza ko‘rsatdi.
Yurtimiz vakillari umumjamoa hisobida ishtirokchi davlat vakillari orasida medallar sifati bo‘yicha 16-o‘rinni, soni bo‘yicha 13-o‘rinni egalladi. 6 ta jahon, 7 ta Paralimpiya o‘yinlari, 12 ta Osiyo rekordini o‘rnatib, shu vaqtga qadar birorta davlat vakillari erisholmagan natijani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi, MDHda ikkinchi, Osiyoda uchinchi pog‘onani egalladi.
Ko‘rsatgan jasorat va matonati, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yoyishdagi ulkan xizmatlari va fidoyiligi uchun XV Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz Davlatimizning yuksak mukofotlari va pul mablag‘lari bilan taqdirlanishdi.
Farhod ESHMO‘MINOV