Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Senga ishonaman

Salom, “Gulxanjon”!

Sening har bir yangi soningni orziqib kutaman. Sahifalaringda tengdoshlarim erishayotgan muvaffaqiyatlarni o‘qib, ularga havasim keladi. Bu yil maktabni imtiyozli tamomladim va hozirda o‘zim orzu qilgan akademik litseyda o‘qishni davom ettiryapman. Senga o‘z yutuqlarim haqida yozmoqchiman. Men matematika fanidan viloyat miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etdim. Bu mening shu yoshgacha erishgan eng katta yutug‘imdir.

Ilgari juda tortinchoq, kamgap, yuvvoshgina bola edim. Kunlarning birida talaba qiz bizning sinfda amaliyot o‘tash uchun biriktirildi. Zamira opa biz bilan tez til topishib oldi. U juda quvnoq, mehribon va talabchan ekan. Amaliyot so‘nggida tadbir tashkil etmoqchi bo‘ldi va menga she’r yodlashimni aytdi.

– Ustoz, u sahnaga chiqsa, she’rini esidan chiqarib qo‘yadi. Ikki marta bizni uyaltirgan, – deyishdi sinfdoshlarim. Men indamay joyimga o‘tirdim.

– Tadbirga mening ustozlarim, kursdoshlarim kelishadi. Kamol meni ularning oldida uyaltirmaydi. Men unga ishonaman. – Zamira opa shunday deb yodlashim kerak bo‘lgan she’r matnini partaning ustiga qo‘ydi. Bu menga bildirilgan katta ishonch edi. O‘sha kuni tungacha she’r yodladim. Ertasiga sinfdoshlarim oldida yanglishmay aytib berdim. Zamira opa sevinganidan qarsak chalib yubordi. Tadbirimiz ikki sinf o‘rtasida turli fanlar bo‘yicha “O‘yla, izla, top!” tarzida o‘tkazilar ekan. Tadbirga mehmonlar, ota-onalar ham taklif etiladigan bo‘ldi. Xullas, tayyorgarlikni boshlab yubordik. Nihoyat, biz hayajon bilan kutgan kun yetib keldi. Chiroyli bezatilgan sahna hamon ko‘z oldimda.

– Senga ishonaman, – dedi Zamira opa meni sahnaga undar ekan. She’rni ohista, ravon boshladim. Nazarimda, ovozimda titroq bor edi. Zal jim-jit bo‘lib qoldi. Adashib ketmaslik uchun ko‘zimni Zamira opadan uzmasdim. She’rni hayajon bilan bo‘lsa-da, bironta so‘zni xato qilmay tugatdim. Hamma qarsak chaldi. O‘shanda Zamira opam yosh boladek sevinib ketgan edi.

Keyin sinfdoshlarim ajoyib qo‘shiq va raqslar ijro etishdi. Hisob tenglashdi. Navbat oxirgi shartga keldi. “Ushbu milodiy yilda yozilgan sanalarni hijriy yilga aylantiring. Alisher Navoiy 1441-yilda tavallud topgan”. Navbatdagi guruhga esa Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud yilini hijriy sanaga aylantirish topshirilgandi. Biz bunday shartni kutmagan edik. Chunki hay’at tomonidan tuzilgan bu savol biz uchun ancha murakkab edi. Shart o‘qilishi bilan dilimda hisoblay boshladim. Guruhdoshlarim negadir mening fikrim bilan o‘rtoqlashishni istashmadi. Belgilangan vaqt tugadi. Ikkala guruh ham ushbu savolga javob topolmadi. Qarasam, Zamira opa xomush bo‘lib qoldi. Shunda allaqanday kuch meni sahnaga yetakladi. Oppoq qog‘oz yopishtirilgan yozuv taxtasi yoniga keldim va marker bilan yoza boshladim:

1441–622=819*1.03=843.57 843

Javob: Alisher Navoiy hijriy 843-yilda tavallud topgan. So‘ng boshqa guruhning savoliga javob yozdim:

1483–622=861*1.03=886.83 887

Javob: Bobur Mirzo hijriy 887-yilda tavallud topgan.

Bunday hisoblashni menga dadam o‘rgatgan edilar. Hay’at raisi oliygohdan kelgan domla ekan, qarsak chalib sahnaga chiqdi. Shunday qilib jindek hissam qo‘shilib, g‘alaba olib keladigan so‘nggi ballni qo‘lga kiritdik. Zamira opaning xursandchiligining cheki yo‘q edi.

– Senga ishonardim, – dedi meni tabriklab.

Ertasi kuni Zamira opa o‘z hisobidan bizga so‘vg‘alar olib keldi. Menga shaxmat so‘vg‘a qildi. So‘ng qo‘limdan yetaklab, ikkinchi qavatga olib chiqdi. U yerda bizni yuqori sinflarga dars beradigan matematika o‘qituvchisi Ahmadjon aka kutib o‘tirgan ekan.

– Ustoz, mana shu bolaning qobiliyatiga befarq bo‘lmang. Kelajakda undan yaxshi matematik chiqishiga ishonaman.

– Shunchalik ishonar ekansan, albatta, shug‘ullanaman. Sendek yosh ustozning gapini ikki qilib bo‘larkanmi, – ustoz kulimsiradi. Ustoz men bilan tanishgach, mashg‘ulot uchun vaqt belgiladi. So‘ng ular bilan xayrlashib yo‘lakka chiqdik.

– Kamol, mening amaliyotim tugadi. Endi ko‘rishmasak kerak. Sen faqat yaxshi o‘qigin. Muvaffaqiyatlarga erishgan yoki qiynalgan damlaringda meni, albatta, eslagin, – Zamira opa shunday deya ikki yuzimdan o‘pib xayrlashdi. Yuragimning bir cheti huvillab qolgandek bo‘ldi. Nafaqat men, butun sinfimiz Zamira opani sog‘inardik.

Oradan yillar o‘tdi. Zamira opa hadya qilgan shaxmat men uchun juda qadrli. Har safar donachalarini surar ekanman, undan “senga ishonaman”, degan so‘zlar jaranglayotgandek tuyulaveradi. Ranglari uniqqan o‘sha shaxmat qutisi menga bir olam ishonch hadya etgan edi.

Yuragim sezadi. Qayerdadir Zamira opa har kun ertalab maktabga oshiqadi. Bolalarning beg‘ubor qalbiga iliq mehrini, muhabbatini, ilmini ulashadi. Uning suvdek zilol mehr bulog‘i qaynashdan charchamaydi. O‘quvchilarini buyuk ishlarga chorlaydi. Men kabi yuvvosh, tortinchoq, kamgap, ko‘rimsizgina bolalar orasidan iqtidorlarni izlaydi. “Men senga ishonaman”, deya ularni Vatan koriga yaraydigan insonlar bo‘lishga undaydi. Men bunga aminman.

 

Kamolning gaplarini oqqa ko‘chiruvchi Hilola Hamdamova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.