Mag‘ribda yodlangan “Yurakning shakli”
Ona tilimizning jarangi, jozibasi onamizning bizga o‘rgatgan ilk so‘zlari orqali qulog‘imizga singgan, yuragimizga yetib borgan. Shuning uchun ham uni onaga qiyoslaymiz. Tilimizning boyligi, imkoniyatlari haqida so‘z borganda, uning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q. Bugun dunyoda o‘zbek madaniyati, san’ati, tarixi bilan bir qatorda o‘zbek tili ham o‘rganilmoqda.
Yer sharining narigi nuqtasidan xalqimiz, mentalitetimiz haqidagi tasavvurlarini boyitish uchun yurtimizga kelayotgan xorijlik do‘stlarimizning sof o‘zbek tilidagi mulohazalarini eshitib turib, to‘lqinlanmay bo‘ladimi?!
Kristafor Fort Amerika Qo‘shma Shtatlarining Michigan universiteti doktorantura bosqichida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Kristaforning o‘zbek tilida ravon so‘zlashishini eshitgach, uning yurtimiz yoshlari, urf-odatlarimiz, madaniyatimiz haqidagi fikrlarini bilish juda-juda qiziq tuyuldi. Chunki u ikki yil davomida Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Markaziy institutida tadqiqotlar olib borgan edi-da. Kristafor taklifimizdan xursand bo‘ldi, chunki o‘zbek tilidagi muloqotlar uning so‘z boyligini oshirishga yordam berardi. Ilk savolni berganimizda o‘zbekcha takalluf bilan “yashang...” dedi.
– O‘zbek tilini o‘rganishingizga sabab nima bo‘lgan?
– 2009-yilda Michigan davlat Universitetining bakalavr bosqichida o‘qib yurgan paytlarim qo‘limga Kolumbiya universiteti professori Edvard Ollvortning 1990-yilda chop etilgan “Hozirgi o‘zbeklar” nomli kitobi tushib qoldi. Asarni mutolaa qilarkanman, O‘zbekistonning mintaqadagi tarixiy o‘rni, boy milliy qadriyatlari, madaniy merosi meni qiziqtirib qo‘ydi. O‘zbek tilini o‘rganish maqsadida yozgi ta’til mobaynida Indiana universitetida tahsil oldim. Bu yerda universitetning Yevroosiyo tadqiqotlar bo‘limi taklifi bilan kelgan, Amerikada o‘zbek tili va adabiyoti targ‘ibotchisi, taniqli filolog olim, uzoq yillar amerikalik talabalarga o‘zbek tilidan dars bergan professor Xayrulla Ismatulla haqida eshitdim. Domlani qidirib topmoqchi bo‘ldim, ammo ular ikki yil avval olamdan o‘tgan ekanlar. Olimning ikki jildlik “O‘zbek tili” darsligi Amerikaning ko‘plab institutlarida foydalaniladi. Darslik mening eng yaqin ko‘makchimga aylandi. Bakalavr bosqichidagi o‘qishlarimni tamomlagach, Ohayo davlat universiteti magistratura bosqichida O‘zbekiston haqidagi bilimlarimni oshirishga qaror qildim.
– Yurtimizga ilk bor qachon kelgansiz, u sizda qanday taassurot qoldirdi? O‘zbekiston yoshlari haqida fikrlaringiz?
– O‘tgan ikki yil davomida vataningizni dunyo xaritasida 25 yil ilgari paydo bo‘lib qolgan davlat emasligiga amin bo‘ldim. Bugun dunyoda o‘rganilayotgan o‘zbek modelining tamoyillaridan bosqichma-bosqich ko‘tarilayotganingizni ko‘rib turibman.
Yoshlarning ilmga chanqoqligi, ota-bobolaringiz o‘rnatgan axloqning oltin qoidalariga sodiqligi, necha yoshda bo‘lmasin, o‘zidan kattaga nisbatan hurmat, oilaviy qadryatlarning muqaddasligi kabi ibrat olgulik fazilatlaringiz bor. Men o‘zbek xonadonlarida kutilmagan mehmonga bo‘lgan munosabatni ko‘rib, lol qoldim. Mezbon ogohlantirmagani uchun xafa bo‘lish o‘rniga mamnunlik bilan dasturxon tuzashga tushib ketganidan hayron edim. Endi esa o‘zim ham do‘stlarimning taklifsiz tashriflaridan shodlanadigan bo‘ldim. O‘zbek yoshlarining o‘qish, o‘rganish uchun rag‘bati meni ilhomlantiradi.
– O‘zbek tilining imkoniyatlari xususida nima deya olasiz?
– Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi ham ona tilingizga bo‘lgan munosabatdan dalolatdir. Ba’zan, o‘zbek tilini mukammal o‘rgandim, deyishga ikkilanaman. Chunki har kuni o‘zim bilmagan yangi bir so‘zni, uning badiiy qirralarini “kashf etaman”. O‘zbek tilida, boshqa tillarda tarjimasi bo‘lmagan so‘zlar mavjud. Ular ibo, andisha, iymanish, ezgulik, ma’naviyat kabi milliy fazilatlaringiz ifodasi bo‘lib jaranglaydi. Yevropa xalqlarida esa “ibo”, “hayo”, “oriyat” so‘zlari umumlashtirilib “uyat”, degan tushunchani izohlaydi. Bu til imkoniyatlarining etnik sifatlar bilan uyg‘unligi bo‘lsa kerak.
– Jadid adabiyoti mavzusida ilmiy ish yozmoqchi ekansiz. Adabiyotimiz namoyondalaridan kimlarning asarlariga murojaat qildingiz?
– Toshkentga kelganimdan buyon ko‘p vaqtimni O‘zbekiston milliy kutubxonasida o‘tkazdim. Bu yer dissertatsiyam uchun materiallar to‘playdigan ma’lumotlar zaxirasidan tashqari “ikkinchi uyim” bo‘lib qoldi. Kutubxonada talabalar men bilan gaplashgisi kelar, savollarga ko‘mib tashlashardi. Mutafakkir Alisher Navoiyning “Lison-ut-tayr” asarini mutolaa qilganimda o‘zbek adabiyoti xazinasini topganday bo‘ldim. “Sharq ziyokori” kitob do‘konlarida har gal yigirma-o‘ttiztalab kitob sotib olsam, rasta xodimlari “keyingi gal kelishingizga ham qolsin”, deb hazillashishardi. Yozuvchilar uyushmasidagi adabiy kechalar, uchrashuvlarni o‘tkazib yubormaslikka harakat qilaman. U yerda xalq shoiri Iqbol Mirzo bilan yaqindan tanishdim. Shoirning “Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas” kitobi taqdimotida ishtirok etdim. Men ham qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov ta’biri bilan aytganda, shoirning she’rlarida o‘zbek she’riyatining buguni va ertasini ko‘rganday bo‘laman. “Yurakning shakli” she’riy to‘plamini o‘zim bilan Amerikaga olib ketyapman.
Dissertatsiyam mavzusi bevosita o‘zbek jadid adabiyoti namoyondalari bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ham Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriylarning deyarli barcha asarlari bilan tanishib chiqdim. Ammo “O‘tkan kunlar” orqali Qodiriy domlaning mahoratiga yana bir karra tan berdim.
– Yurtimiz tarixi, madaniyati – bu bizning iftixorimiz. O‘zga millat vakili sifatida sizning kuzatishlaringiz...
– Edvard Ollvortning “O‘rta Osiyo – rus hukumronligi ostida 120 yil” kitobini o‘qiganimda yurtingiz mustamlakachilik asoratlaridan hali qaddini tiklab ololmagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Biroq Xiva, Samarqand, Buxoro kabi tarixning jonli guvohlari bo‘lgan afsonaviy shaharlar menga O‘zbekistonning shaharsozlik, me’morchilik an’analaridan so‘zlaganday bo‘ldi. Dissertatsiyamga hunarmandchilikning nodir turlari, zardo‘zlik, do‘ppido‘zlik bilan birga Samarqand nonlarini ham kiritdim.
Kristaforning tilimizga, adabiyotimizga, Vatanimizga bo‘lgan hurmati, qiziqishi va izlanishlari uchun minnatdorchilik bildirdik.
Suhbatimizdan ikki kun o‘tib, u Qo‘shma Shtatlarga jo‘nab ketdi. “Dissertatsiyani yoqlab bo‘lgach, albatta, O‘zbekistonga yana qaytaman”, – dedi biz bilan xayrlashayotib.
Umida SADATOVA