Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Quvnoq uchrashuv

Jurnalni varaqlayotgan qadrdonlarim. Bilaman, “Gulxan”ni qo‘lingizga olar ekansiz, eng avval sahifalardagi rang-barang rasmlarni ko‘zdan kechirasiz. So‘ng qayta varaqlab mutolaa qilishni boshlaysiz. Sizni jalb qilgan o‘sha jilvakor rasmlar mahoratli rassomlarning ijod mahsulidir. Har bir sahifadagi sermazmun va qiziqarli she’r, hikoya, ertag-u qissalarga yorqin bo‘yoqlarda chizilgan g‘aroyib rasmlarni ko‘rib ko‘nglingiz ravshan tortadi. Shu rasmlarning bir chetiga yozilgan mualliflarning ismi-sharifiga ham ko‘zingiz tushadi. Ular orasida tahririyatimizning bolajon rassomi Sarvar Farmonov nomi sizga yaxshi tanish, albatta.

Yaqinda O‘zbekiston Republikasi Qurolli kuchlari davlat muzeyining ko‘rgazmalar zalida quvonchli tadbir tashkil etildi. “1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan “Ranglar sehri” deb nomlangan ijodiy ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmadagi rasmlar muallifi esa siz sevib o‘qiydigan “G‘uncha” va “Gulxan” jurnallarining rassomi Sarvar Farmonov hamda jamoatchi rassom Umid Sulaymonovdir. Ushbu ko‘rgazma rassomlarning ilk shaxsiy ko‘rgazmasi hisoblanadi. Bu ikki ijodkor akalaringiz nafaqat jurnallar badiiy bezagiga, balki “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi va “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan chop etilgan kitoblar hamda illyusatsiyalari badiiy ko‘rinishiga ham salmoqli hissa qo‘shib kelishmoqda.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan grafika va rangtasvir asarlari bilan birga barchamizga tanish “Sharq ertaklari”, bolalikka yetaklovchi “Mo‘jizalar dunyosi”, “Baxtiyor bolalik” kabi turkum asarlar rassomlarning mohir mo‘yqalam sohibi ekanini ko‘rsatadi. Tasviriy san’at va adabiyot uyg‘unlashgan bu asarlarni tomosha qilsangiz, qarshingizda bolalikning go‘zal olami namoyon bo‘ladi. Musavvir Sarvar Farmonovning falsafiy mushohadaga chorlovchi g‘oyalarga yo‘g‘rilgan rasmlari sizni fikrlashga undaydi.

Ko‘rgazmani muzey direktori Ubaydulla Oltinov ochib berdi. Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti, Sarvar akangizning ustozi Abdulaziz Akbarxo‘jayev shogirdi haqida iliq fikrlar bildirdi. Tadbirda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi 171-umumta’lim maktabining o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi hammaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

– Avval ham bunaqa ko‘rgazmalarga onam bilan birga kirib turardik. Lekin bu ko‘rgazma menda boshqacha taassurot qoldirdi, – deydi maktabning 7-sinf o‘quvchisi Sherzod Tojiboyev. – Chunki ko‘rgazmadagi rasmlarning barchasi menga tanishday. Sababi, biz bilgan “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallari sahifalaridagi qahramonlar bugun ko‘z oldimizda boshqacha namoyon bo‘ldi. Sarvar aka chizgan barcha rasmlar menga qandaydir sirli tuyuladi. Menimcha, bu bolalikning sirlari bo‘lsa kerak.

Xullas, ko‘rgazma sabab o‘quvchilar o‘zlarining sevimli nashrlari bilan jonli muloqotga, iste’dodli ijodkor akalari bilan quvnoq ijodiy uchrashuvga musharraf bo‘lishdi.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.