Orzuning chegarasi
Bir necha yildan buyon “Gulxan” sahifalarida Hidoyat OLIMOVAning ertaklarini oʻqib bormoqdasiz. Yaqinda “Akademnashr” nashriyoti adibaning “Bukri shahzoda” deb nomlangan kitobini chop etdi. Kitobga 80 dan ortiq ertaklar jamlangan. Quyida ushbu kitobdan joy olgan ertaklardan birini eʼtiboringizga havola etamiz.
Kunlarning birida yosh tuyaqush kattalarning suhbatini eshitib qolibdi.
– Orzu yoʻlida mashaqqatlardan qoʻrqmasdan harakat qilish mardlarga xos. Koʻp yaxshi ishlar xayolda orzu boʻlib tugʻiladi. Keyin uni roʻyobga chiqaradilar, – debdi ota tuyaqush.
Ona tuyaqush uning gaplarini qoʻllab-quvvatlabdi:
– Shuning uchun ham orzuga ayb yoʻq, deydilar-da.
Bu gaplarni eshitgan yosh tuyaqush suvda baliq kabi suzish orzusida daryoga boribdi.
– Ey baliqlar, men yerda yurishni ham, uchishni ham qoyillataman, ammo sizlardek suzishni orzu qilaman. Iltimos, meni suzish sirlaridan ogoh etsangiz. Bu yoʻlda qanday qiyinchilik boʻlsa, yengishga tayyorman.
Tuyaqushning bu gapidan baliqlar hayron boʻlishibdi. Ulardan hali hech bir jonzot bunday narsani iltimos qilmagan ekan.
– Biz tugʻilganimizdan buyon suzamiz, ammo buni qachon, kimdan oʻrganganimizni bilmaymiz, xuddi sen qachon yurishnioʻrganganingni bilmaganingdek. Shuning uchun senga suzishni oʻrgatolmaymiz. Yaxshisi, dengizga borib, katta baliqlardan – kit va delfinlardan soʻrab koʻr, balki, ular yordam berar, – deb maslahat berishibdi.
Tuyaqush dengizni izlab uzoq yoʻl yuridi. Bepoyon dengizni koʻrib juda quvonibdi. Ulkan kemalar uni hayratga solibdi. “Suzishni oʻrganib olsam, dengiz jonivorlari bilan kim oʻzarga bahs boylashardim”, – deb shirin xayollarga berilibdi. Oʻzi tomon suzib kelgan bahaybat kitga bu yerga nima uchun kelganligini aytibdi.
– E, hali sen tuyaqushbaliq boʻlmoqchimisan? Keyin tuyaqushbaliqilon boʻlging ham kelib qolar? Agar tuyaqushbaliqilon boʻlib qolsang bormi, nafaqat suzishni, yerda sudralib yurishni ham oʻrganib olarding, – debdi kit kesatib.
Kitning bu gapini eshitgan dengiz jonivorlari tuyaqushni kalaka qilib kulishibdi.
– Axir, orzuga ayb yoʻq deydilar-ku. Suzishni orzu qilsam, buning nimasi yomon ekan? – debdi tuyaqush ulardan xafa boʻlib.
Shunda ularni jim kuzatib turgan keksa kit muloyimlik bilan:
– Uning ustidan kulmanglar, hali yosh ekan, balki, u orzuning ham chegarasi borligidan bexabardir, – debdi.
Keksa kitning gapidan soʻng dengiz jonivorlari tuyaqushning ustidan kulishni bas qilishibdi. Oʻsha kuni yosh tuyaqush uyiga xomush qaytibdi va ota-onasiga shunday debdi:
– Sizlar orzuga ayb yoʻq, kim nimani istasa va astoydil harakat qilsa, albatta, niyatiga yetadi, degan edinglar. Men ham baliqlardek suzishni orzu qilib daryoga, soʻng dengiz jonivorlari oldiga bordim. Ular menga: “Orzuning chegarasi bor. Senga bu haqda hech kim aytmaganmi? Tuyaqushlar suzishni orzu qilishlari ana shu chegaradan chiqish degani. Shuning uchun qanchalik harakat qilma, bu niyating roʻyobga chiqmaydi”, – deb dakki berishdi. Sizlar suhbatlaringizda bu haqda hech narsa demagan edingiz.
Ona tuyaqush uni yupatish uchun ohista soʻz boshlabdi:
– Orzuning chegarasi shunday chegaraki, undan narida sen va mening imkoniyatlarimiz yetmaydigan narsalar bor. Baliqlar suzgich qanotlari bilan dunyoga kelgan. Baliq, kit, delfin va yana bir qancha jonivorlar suvda yashash uchun yaratilgan, ularga suzgichlar ato etilgan. Suzgichlarni hech qaysi jonzot oʻzi uchun yarata olmaydi. Biz, tuyaqushlar suvda emas, quruqlikda yashaymiz. Sen baliqlardagi suzgichlarni oʻzingda boʻlishini orzu qilganingda ana shu chegaradan oʻtmoqchi boʻlgansan. Hatto eng aqlli jonzot boʻlgan odamlar ham oʻzlarining imkoniyat chegarasidan oʻtolmaydilar, aks holda, ular muqarrar halokatga yuz tutar edilar.