Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oyni ko‘zlagan bola

Berdaq, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov, Oyimxon Shomurotova, Otajon Xudoyshukurov... Qoraqalpoq zamini azaldan betakror iste’dodlar vatani bo‘lib kelgan.

Oqqan daryo oqaveradi, deydi xalqimiz. Ushbu mashhur san’atkorlar ro‘yxati yoniga yana bir yosh iste’dod nomi qo‘shildi. U bugun dunyo opera san’ati osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlayotgan Jenisbek Piyazovdir.

Jenisbek 2007-yilda “Yosh operachilar” respublika ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni egallab O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga imtihonsiz qabul qilingan. Aynan shu yili “Nihol” mukofoti laureati bo‘ldi. Ko‘pgina mamlakat va xalqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etgan. 2010-yili “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. 2012-yilda Moskvada o‘tkazilgan Muslim Magamayev nomidagi operachilar tanlovida Gran-pri sohibiga aylandi. U 23 yoshida Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist, 25 yoshida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlariga sazovor bo‘ldi.

 

BESHTA SHAKALAD

Oilada olti farzandmiz. Hammamiz ota-onamiz izidan borib, san’at yo‘lini tanladik. Otam – Burgut Piyazov do‘mbira chalib, ashula aytadi. Onam – Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Injigul Sapurova g‘ijjak chaladi. Akam Nurlibek estrada, ukam Jonibek milliy yo‘nalishda, men va kenja ukam Oqilbek opera yo‘nalishida ijod qilib kelyapmiz.

Uyimizga el suygan san’at ustalari ko‘p kelardi. Ularga havas qilib, bir marta suhbatini olsak, shulardek katta san’atkor bo‘lib yetishsak, deb orzu qilardik. Bobomning kutubxonasida pand-nasihatga oid, real voqealarga asoslangan kitoblari ko‘p bo‘lardi. Bo‘sh vaqtim bo‘ldi deguncha qoraqalpoq va o‘zbek tilidagi kitoblarni, jahon adabiyoti namunalarini, shuningdek, ertaklar o‘qishni yaxshi ko‘rardim. Hozir esa ko‘p vaqtim operaga doir kitoblarni o‘qish bilan o‘tadi. Takror-takror o‘qib, yod olaman.

Maktabda o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlarda faol qatnashishga harakat qilardim. Ammo yuqori o‘rinlarni egallash u yoqda tursin, oddiy “Faxriy yorliq” ham ololmasdim. Goho otam bilan to‘ylarda xizmatda bo‘lardik. Qoraqalpog‘istonda to‘ylar asosan, juma, shanba, yakshanba kunlari o‘tkaziladi. Shuning uchun ham haftaning ikki kuni darsga borolmasdim. Bu holat o‘qituvchilarimning noroziligiga sabab bo‘lardi. Shunga qaramay, oilaviy sharoitimizni yaxshilash, kichkinagina uyimizni salgina kengaytirish niyatida barchamiz birdek harakat qilardik. Birlashgan o‘zar, deganlaridek buning uddasidan ham chiqdik...

Sinfda oldingi partada o‘tirishni, ayniqsa, yozishni yomon ko‘rardim. Dars paytida mavzuni diqqat-e’tibor bilan eshitib olardim-da, keyingi darsda tutilmay aytib berardim. Men uchun asosiysi, mavzuni yaxshilab tushunib olish edi. Tanaffus paytida bolalar bilan lanka, chillak o‘yinlarini o‘ynardik. Chillak xuddi hozirgi golf o‘yiniga o‘xshab ketadi. Bu o‘yinda ovoz sayqallanadi. Chunki yutqazgan bola ma’lum joygacha zuvillab borishi kerak-da. To‘g‘risini aytsam, tengdoshlarim bilan kelisholmasdim. Ko‘p janjallashardim. Buni yuzimdagi sezilar-sezilmas chandiqlar ham tasdiqlaydi.

Otam anchagina qattiqqo‘l bo‘lgani uchun ham yurish-turishim, odob-axloq, muomala madaniyati borasidagi pand-nasihatlarni gapirishdan charchamasdilar. Aka-ukalarim bilan odob me’yoridan chiqa boshlasak “Beshta shakalad beraymi?” deb qolardilar. “Beshta shakalad”ni eshitishimiz bilan hammamiz sergak tortardik. Chunki “shakalad” shapaloq degani edi-da.

 

BU – O‘ZBEK OPERASI

Xalq ashulalarini aytgim kelardi, lekin negadir ovozim to‘g‘ri kelmasdi. Estrada yo‘nalishida ijod qilishni boshlagan paytimda ham yaxshi edi, ammo keyinchalik balog‘at yoshiga o‘tish davrimda ovozim juda yo‘g‘on bo‘lib ketdi. Ovozimni “sozlash” uchun Nukus madaniyat va san’at kollejining “Musiqali teatr bo‘limi”ga o‘qishga kirdim. U yerda ovozimni sozlash va qo‘shiq ayta olish uchun tinimsiz mashq qilsam-da, baribir bo‘g‘zimdan yo‘g‘on ovoz chiqib ketaverardi. Bu ovoz menga bobomdan – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Zinel Piyazovdan o‘tgan ekan. Bobom uzoq yillar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatrida faoliyat ko‘rsatgan. O‘ziga xos ovoz sohibi bo‘lgan.

Yo‘g‘on ovoz bilan oddiy ashulalarni aytish juda qiyin. Shunda ustozim Abat Qaliyev “Bunday ovoz kamdan-kam uchraydi. Sen opera aytishing kerak”, deb qoldi. Ustozim sabab bo‘ldi-yu, 17 yoshimda opera san’atiga qiziqib ketdim. Bu men uchun oson bo‘lmadi. Uch yil davomida sinfdan chiqmay shug‘ullanganman. Tinimsiz mehnatlarim natijasida ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok eta boshladim.

Hech qachon unvon olish umidida ijod qilmaganman. Maqsadim, opera yo‘nalishi bo‘yicha dunyo miqyosida o‘z o‘rnimga ega bo‘lish edi. Avvaliga O‘zbekiston nomidan xalqaro tanlovlarga borganimda “O‘zbekistonda opera nima qilsin?”, degan ma’noda mensimay qarashardi. Ana shunda o‘zbekistonliklar nimalarga qodirligini ularga ko‘rsatib qo‘yish uchun bor kuchimni sarflashga harakat qildim va o‘z niyatimga erishdim. Keyinchalik xalqaro tanlovlarda meni ko‘rgan va taniganlar “Ana, O‘zbekistondan Jenisbek keldi, birinchi o‘rindan umid qilmasak ham bo‘ladi”, deydigan bo‘lishdi. Bu esa o‘zbek opera san’atining dunyoda tan olinishi edi...

 

BEBAHO VAQT

Maktabni tugatish arafasida bitiruv oqshomi o‘tkazdik. Hammaning ko‘zida yosh. Faqat men yig‘lay olmasdim. Xijolat bo‘lib, nima qilsam ekan, degan o‘yda bir dona piyoz izlab topdim. Uni ikkiga bo‘lib, qattiq siqdim. Piyozning achchig‘i ko‘zimni yoshlantirar, deb o‘ylagandim. Natija bo‘lmagach, burnimga ishqab ko‘rdim. Ko‘z yoshdan esa darak yo‘q. O‘rtog‘imning maslahati bilan ko‘zlarim atrofiga suv surkab qo‘ydim-da sinfdoshlarim yoniga bordim. Negadir hamma menga ajablanib qaradi va “Hamma yig‘lab bo‘ldi-ku, endi yig‘laysanmi?” deyishdi. Nima deyishni bilmay birpas kalovlanib turdim-da, kulib yubordim. “Biz xayrlashmaymiz, tez-tez ko‘rishib turamiz, men doimo sizlar bilan birga bo‘laman”, dedim. Yaxshi niyatlarim ijobati bo‘lsa kerak, teleekran orqali bo‘lsa-da, bayramlarda, konsertlarda ular bilan birgaman.

Bir kuni konsert zalida muxlislar talabiga binoan qo‘shiq aytayotgandim. Eng avjiga chiqqanda shunchalik berilib ketibmanki, ko‘zlarimni yumib olibman. Bir payt ko‘zimni ochib qarasam, zaldagi qandillar silkinayapti. “Mening ovozimdan hattoki zal ham titrab ketibdi-ya”, deb hayajonlanib, o‘tirganlarga qaradim. Hamma jim. Hech kim qarsak chalmaydi. Bir akamiz yugurib kelib qo‘limni siqdi-da, “Rahmat, Jenisbek. Zo‘r ijro bo‘ldi. Shunchalik berilib ijro etganingizdan hattoki zilzila bo‘lganiniyam sezmadingiz-a”, dedi.

Qiziq voqealardan yana biri oliy o‘quv yurtining 1-kursida o‘qiyotgan kezlarimda yuz berdi. Ijarada turadigan uyimiz yonida oziq-ovqat do‘koni bo‘lardi. O‘qishdan uyga qaytayotgan kunlarimizning birida o‘rtog‘im:

– Kel, shu do‘konga kiramiz-da, o‘zimizni chet eldan kelgan mehmonlardek tutamiz. Bunday qarasang, ikkalamiz ham xitoylikka o‘xshab ketamiz. Faqat sen manavi ko‘zoynakni taqib ol. Men bosh kiyimimni boshqacha kiyib olaman. Qarabsanki, chet ellik bo‘lamiz-qolamiz, – dedi. Bir sho‘xlik qilgim keldimi, men ham rozi bo‘la qoldim. Do‘konga kiraverishda boshim aylanib qoqilib ketdim. O‘rtog‘imning ko‘zoynagi uzoqni yaxshi ko‘rish uchun mo‘ljallangan ekan. Go‘yoki bir dunyo narsa xarid qiladigandek do‘konni obdan aylandik. Cho‘ntagimizda ikkimizning pulimizni qo‘shganda 3000 so‘m bor edi. Xitoy tilini bilmasak-da, yolg‘ondan bir-birimizga nimalardir deyaverdik. Nihoyat, o‘nta tuxum olib, sotuvchi yoniga bordik. O‘zimizcha xitoychalab tuxum narxini so‘radik. Sotuvchi ayol miyig‘ida kulib turaverdi. Shunda o‘rtog‘im qo‘li bilan tushuntirdi. Bizni kuzatishdan charchamagan sotuvchi ayol dabdurustdan o‘zbekchalab, “7000 so‘m bo‘ladi”, desa bo‘ladimi! O‘sha paytda o‘nta tuxumning narxi 2500 so‘m bo‘lardi. O‘rtog‘im ham o‘zbekchalab, “Voy, juda qimmat-ku!” deb yubordi. “Agar haqiqatdan ham chet ellik mehmon bo‘lganlaringizda tuxumni tekinga berib yuborardim”, dedi sotuvchi ayol. Shu-shu ikki yil bu do‘konga kirishga yuragimiz betlamadi. Jazosiga uyimizdan ancha uzoqdagi do‘konga borib keladigan bo‘ldik...

Menimcha, kibr va manmanlik bor joyda iste’dod ham asta-sekin tamom bo‘la boshlaydi. Shu shiorga amal qilgan holda kamtarlikni do‘st tutib, o‘z ustimda tinmay izlanishga harakat qilaman. Chet el sahnalarida, asosan, italyan tilidagi partiyalarni ijro etaman. Bunday paytlarda, albatta, har bir so‘zning talaffuziga va ma’nosiga e’tibor qaratish muhimdir. Tushunmagan so‘zlarimning ma’nosini elektron lug‘atlar yordamida bilib olaman. So‘zlar ma’nosi qanchalik teranroq anglansa, ijro ham shunchalik ta’sirli chiqadi va qalblarga yetib boradi.

Otam doim “Oyni ko‘zlasang, cho‘qqiga chiqasan” deydi. Onam esa:

“Jonim rohat topadi, deb yotavermagin,

Ishlayman, deb joningni qiynayvermagin”, deya uqtiradi. Shuning uchun ham men vaqtdan unumli foydalanishga, faqat kerakli ishlar bilan shug‘ullanib, kun tartibimni to‘g‘ri tashkil etishga harakat qilaman.

“Gulxan” jurnali bolalariga ham vaqt bebaho tuhfa ekanligini aytgan holda doimo oyni ko‘zlab yashashlarini tilab qolaman.

 

Nilufar JABBOROVA suhbatlashdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.