Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘zbekiston lochinlari

Aslida, istiqlolning ilk kunlari bizga, xalqimizga katta parvozlar uchun yo‘l ochib bergandi. Yurtimizdagi har bir inson bunday shukuhli lahzalarni olam-olam quvonch bilan yodga oladi. Biroz fursat o‘tib, mamlakatimiz va xorij davlatlari osmonida mustaqil O‘zbekiston samolyotlari parvoz qila boshlagach, chinakam ma’noda faxrlandik, g‘ururga to‘ldik. Yurtboshimizning 1992-yil 28-yanvarda “O‘zbekiston havo yo‘llari Milliy aviakompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni esa shu yo‘ldagi asosiy dadil qadam bo‘ldi.

Xo‘sh, mustaqillikdan oldin bizning samolyotlarimiz chet davlatlarga parvoz qilmaganmidi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu so‘roqqa bir so‘z bilan aytganda, “yo‘q”, deb javob berish mumkin. Chunki biz uchun havo yo‘llari yopiq, aniqroq aytganda, ochilmagan edi. Kimdir chet o‘lkalarga bormoqchi bo‘lsa, avval Moskvaga uchar edi. Undan keyin esa kerakli manzil tomon yo‘l olgan. Qaytishda ham xuddi shunday: avval Moskvaga, so‘ng Toshkentga kelgan. Ko‘rdingizmi, yurtdoshlarimiz qanchalar ovora-yu sarson bo‘lishgan. Bugun esa matonat bilan o‘sha qiyinchiliklarni ortda qoldirib, o‘z havo yo‘llarimizga ega bo‘ldik. Ilk bor 1992-yili London, Karachi, Dehli, Kuala-Lumpur, Tel-Aviv, Pekin kabi dunyoning yirik shaharlariga yo‘l ochildi. Bu o‘lkalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri samolyotlarimiz qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 1993-yilda “Toshkent xalqaro aeroporti” birinchi “A – 310” aerobusini qabul qildi. Natijada Frankfurt va Bangkok shaharlariga havo qatnovi ochildi.

1995-yilga kelib Toshkent – Nyu-York qit’alararo havo yo‘li orqali birinchi parvozni amalga oshirdi. Eng muhimi, o‘sha yili “Toshkent xalqaro aeroporti” havodagi harakatni boshqarishi avtomatlashtirilganda butun mustaqil davlatlar orasida eng yaxshi markazga aylandi. 1996-yil 30-noyabrda poytaxtimiz aeroportidan birinchi “Boeing – 767” havo kemasi qanot yozdi. 1997-yili aviakompaniya parki yana ikkita “Boeing – 767” hamda o‘rta masofaga uchuvchi “Rj – 85” havo kemalari bilan to‘ldirildi. Shundan so‘ng Parij va Dakkaga qatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Bu samo yo‘llari yanada uzoqroqqa – Rim, Birmingem, Amritsarga qadar cho‘zildi. 2001-yilga kelib, samolyotlarimizning Toshkentdan Osakaga parvozi boshlandi. 2003-yilda esa aviakompaniyaga “Boeing – 767–300 ER” yo‘lovchilar havo kemasi keltirildi. Shu yillar davomida viloyatlardagi aeroportlar ham qayta rekonstruksiya qilinib, yangi qiyofa kasb etdi. “Toshkent aeroporti – 3” yangi mahalliy yo‘nalishlar aerovokzali ham ishga tushirildi.

Ha, vaqti kelib siz ham bu havo laynerlarida parvoz qilsangiz, ne ajab. Ana shu vaqtlarda yuragingizda barq uradigan iftixor tuyg‘ularini hozir his qilib turibmiz. Ishonamizki, orangizda aviatsiya sohasida bilimlarini oshirib biri uchuvchi, biri aviatsiya muhandisi bo‘lib yetishadigan o‘g‘il-qizlar kamol topmoqda.

Shu o‘rinda esa osmonda keng quloch yoyib parvoz qilayotgan samolyotlarimizni “O‘zbekiston lochinlari” degimiz keldi. Zero, bu parvozlarimiz abadiy bo‘lsin.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.