To‘yga to‘yona bilan
Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik to‘yini katta yutuq va muvaffaqiyatlar bilan kutib olayapmiz. Bayram arafasida qurib bitkazilgan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining ishga tushirilishi mamlakatimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘ldi.
Bundan uch yil avval Yurtboshimiz ushbu yo‘l qurilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edilar. Uch yilda ana shu temir yo‘l bitkazilib, vodiy aholisi O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan temir yo‘l orqali bog‘lanish imkoniga ega bo‘lishi haqida aytib o‘tganlarida, to‘g‘risi, ko‘pchilik hayron qolgan edi. Mana, oradan qisqa fursat o‘tib ulkan loyiha amalga oshirildi. Yuksak xalqaro talablarga javob beradigan noyob loyiha O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishiga xizmat qiladi, yuk tashishda vaqt va mablag‘ni tejash imkonini berar ekan. Ushbu qurilish ishlari Xitoy quruvchi va muhandislari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Uzunligi 123,1 kilometr bo‘lgan Angren – Pop temir yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida 19,2 kilometrlik tunnel ochildi. Uni qurib bitkazishda xitoylik ishchi-mutaxassislar bilan birga uch mingdan ko‘proq temir yo‘lchilarimiz ishtirok etishgani ma’lum bo‘ldi.
Mustaqillikning ilk yillaridanoq mamlakatimizda yo‘l qurilishiga, temir yo‘l qatnovi ishlarini amalga oshirishga katta e’tibor qaratildi. Bunga misol qilib “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” temir yo‘lini olishimiz mumkin. Xizmat safari bilan Surxondaryoga yo‘l olsak, albatta poyezdga o‘tiramiz. Poyezd 10-12 soatda bizni O‘zbekistonning janubiy qismi bo‘lgan Surxon vohasiga eltadi. Yo‘l davomida atrofimizdagi yo‘lovchilarning mamnuniyat bilan aytgan so‘zlari qulog‘imizga chalinadi: “Ming shukr, mana shunday uzog‘imizni yaqin qiladigan yo‘llar qurildi. Hech qiynalmay ko‘zlagan manzilimizga yetib olayapmiz. Temir yo‘l xizmatchilari ham odamlarga shirinso‘zlik bilan xizmat ko‘rsatishmoqda. Ilgarilari Toshkentga yetib olish uchun qo‘shni davlat yerlaridan o‘tilardi. Chegaralardagi noxush holatlarni aytmaysizmi. Bugun esa, har qancha quvonsak, davlatimiz rahbariga har qancha rahmat aytsak arziydi. Negaki, yurtimiz obod, uzog‘imiz yaqin, yo‘llarimiz tinch, osmonimiz musaffo.
Tarixdan ma’lumki, yo‘llar hamisha taraqqiyot garovi bo‘lgan. Ular bir hududni ikkinchi hudud bilan mustahkam bog‘lab turadi. Yo‘llar bog‘langan yerda esa qurilish, sanoat, savdo-sotiq, iqtisodiyot, madaniyat va ma’rifat rivojlanadi, hayot jonlanadi, xalq farovon yashaydi.
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida eng qisqa temir yo‘l tarmog‘ini barpo etish o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim qadamdir. Bu Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlariga, undan keyin Janubiy Osiyoga chiqishini ta’minlaydi. Angren – Pop temir yo‘li esa bu borada ko‘prik vazifasini o‘taydi. U nafaqat xalqaro munosabatlarni mustahkamladi, eng avvalo vodiylik yurtdoshlarimizning uzog‘ini yaqin qildi. Bu yo‘l mustaqil yurtimizning tinchliksevar fuqarolariga asrlar davomida xizmat qilishiga ishonaman.
Gulxanjon