Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bolalarning samimiy do‘sti

Qadrli o‘quvchilar! Yozuvchi va publitsist Ashurali Jo‘rayev nomi sizga yaxshi tanish. Uning “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallarida, “Tong yulduzi” gazetasida e’lon qilingan hikoyalarini o‘qigansiz. Adib o‘z ijodini bolalarga atalgan Toshbaqalar poygasi kitobi bilan boshlagan. O‘qish kitobingizdagi Kichik Vatan, Hovli to‘la bolalar nomli hikoyalarini sinfdoshlaringiz bilan birgalikda muhokama qilgansiz. Bilasizmi, Ashurali aka sizning hayotingizdagi g‘aroyib voqealarni qayerdan biladilar? U kishi bir necha yillar mobaynida “Gulxan” jurnaliga rahbarlik qilganlar. O‘sha paytlarda Respublikamizdagi qator viloyat maktablarida bo‘lib, bolalar bilan dildan miriqib suhbat qurganlar.

Ularni xursand qilgan yangiliklar, o‘ylantirgan muammolarni darrov yon daftarlariga yozib olardilar. Bu chizgilar yozuvchining serqirra qalamida ajoyib hikoya, ibratli lavha, dolzarb maqolaga aylangan. U kishi tahririyat yig‘ilishlarida, “Gulxan” har bir bola izlab, sevib o‘qiydigan jurnal bo‘lishi kerak, deb ta’kidlaydilar. Albatta, bunga o‘zlari ham qat’iy amal qilardilar. Bu esa jurnalning o‘sha yillarda nafaqat dizayn va mazmun jihatdan, balki adad jihatidan ham sezilarli darajada o‘sishiga imkon bergan. Viloyatlardagi ijodkor va kuyunchak bolalarning sirdosh do‘stiga aylangan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali aka Jo‘rayev hozirda “O‘zbekiston” NMIU direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida mehnat qilmoqda.

Biz, zahmatkash ijodkor, bolalarning samimiy do‘sti Ashurali Jo‘rayevni qutlug‘ 60 yoshlari bilan chin dildan tabriklaymiz.

 

“Gulxan” tahririyati jamoasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.