Dillarga muhrlangan sayohat
Abdurahim bobo nevaralari Jasur, Shodiya va Shabnamni har yili yozgi ta’tilda sayohatga olib chiqadi. O‘tgan yili ular Samarqand va Buxoro shaharlaridagi obidalarni ziyorat qilishgan edi. Bu ikki azim shahar taassurotlari butun o‘quv yili davomida bolalarni tark etmadi. Odatda adabiyot fanidan ko‘pincha “to‘rt” baho oladigan Jasur, o‘qituvchisi erkin mavzuda insho yozib kelishni topshirganida, bobosining maslahati bilan sayohat taassurotlarini qog‘ozga tushirib, “besh” oldi. U, ayniqsa, Buxoro arkini shunday tasvirlagandiki, muallim butun sinfga o‘qib eshittirganda sinfdoshlari beixtiyor: “Qoyil!” deb yubordi. Shu-shu, Jasurning adabiyot faniga qiziqishi yanada ortdi.
Bu yil bobo-nevaralar poytaxtga keldi. Dastlab Toshkent hayvonot bog‘i va Botanika bog‘iga borishdi. Bolalar darsda yirtqich hayvonlar haqida qiziqarli ma’lumotlarni o‘qishgandi, jonivorlarni yaqindan ko‘rib, g‘oyatda hayratlanishdi. Botanika bog‘iga safar ham taassurotlarga boy o‘tdi. O‘zlariga notanish xilma-xil o‘simlik va butalarni ko‘rib, yurtimiz tabiatining naqadar boy va fusunkor ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilishdi.
Toshkent safarining eng qiziqarli onlari muzeylarda o‘tdi. Avvaliga Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Tasviriy san’at galereyasi kabi maskanlarda vaqtning qanday o‘tib ketganini bilmay qolishdi.
– Bolalarim, – dedi Abdurahim ota nevaralariga, kechqurun Toshkentda yashaydigan katta o‘g‘li Ibrohim akanikida dam olishayotganda. – Men sizlarni bu yil poytaxtga olib kelganimning sababi bor...
Shunday deya bobo o‘g‘lining kitob javonidan, bir paytlar unga o‘zi sovg‘a qilgan Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy va Abdulhamid Cho‘lponlarning kitoblarini qo‘liga oldi.
– Bu yil bilasizlar, mustaqilligimizning 25 yilligini nishonlaymiz. Mustaqillik tufayli O‘zbekistonni dunyo tanidi, tan oldi. Lekin undan avval bir asrdan ziyod vaqt mobaynida xalqimiz istiqlol orzusida yashaganini bilasizmi? Mana bu zotlar, – bobo ko‘zlariga qalqib chiqqan ikki qatra yoshni barmoqlarining uchi bilan sidirib tashlar ekan, kitoblar muqovasidagi ulug‘ nomlarga ishora qildi, – el-yurtimiz ozodligini chin dildan istagan, ammo bu yorug‘ kunlarga yetolmay armonda ketgan yurtdoshlarimizdir. Men sizlarni poytaxtga olib kelishimning boisi, bu yerda ularning aziz xotiralari uchun tiklangan bir ajoyib maskan bor, o‘sha yerga olib bormoqchiman...
Bolalar bobosining gapidan qancha xursand bo‘lmasin, u kishining ko‘zlari yoshlangani boisini unchalik tushuna olishmadi. Asl kasbi muallimlik bo‘lgan Abdurahim bobo nevaralarining qalbidagi gapni anglagandek, qo‘shib qo‘ydi:
– Istiqlolning qanday buyuk ne’mat ekanini, bu yo‘lda vatandoshlarimiz qanday mashaqqatlarni boshidan kechirganini, muhtaram Yurtboshimizning xalqimizni qanday og‘ir damlardan olib chiqqanini ertaga o‘zlaring yaxshilab ko‘rib, anglab olasizlar. O‘shanda, balki, meni ham tushunib qolarsizlar...
Ertasiga ertalab ular poytaxtimizdagi Bo‘zsuv kanali bo‘yidagi qarovsiz jarlik o‘rnida Yurtboshimiz tashabbusi bilan bundan o‘n olti yil muqaddam bunyod etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuiga yo‘l olishdi. Majmua tarkibidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyini tomosha qilishdi. Ularning shundoqqina ko‘z oldilarida o‘tmish namoyon bo‘ldi.
Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q deyishadi. Bu – yurtimizning har bir farzandi avvalo o‘zini, o‘zligini yaxshi anglamog‘i, kimlarning, qanday buyuk zotlarning avlodi ekanini chuqur bilmog‘i va shunga yarasha ilm olishi, Vatanga xizmat qilishi kerak, deganidir.
Mana shunday ezgu va ulug‘vor g‘oyalar haqiqatga aylanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 1999-yili mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasini barpo etishga qaror qilindi. Qisqa muddat ichida bu qaror ijrosi ta’minlanib, bu borada ulkan ishlar amalga oshirildi. Xususan, el-yurt ozodligi uchun jonlarini fido etgan vatandoshlarimizning qutlug‘ xotirasiga atab muazzam xiyobon bunyod etildi.
2001-yildan buyon yurtimizda 31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlab kelinmoqda. Bu kun o‘tgan aziz zotlar pok ruhlariga duolar qilinib, ezgu ishlari xotirlanadi.
2002-yilda ochilgan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi nafaqat qutlug‘ sanalarda, balki har kuni gavjum.
Muzeyda istiqlol yillarida ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash bo‘yicha olib borilgan ulug‘vor ishlar alohida ekspozitsiyalarda aks etgan. Ularni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda.
Bolalar Abdurahim bobo va muzey ilmiy xodimi boshchiligida yorug‘ va shinam zalni aylanishdi. Zal markazida o‘rnatilgan “Iztirob haykali” oldida mehmonlar uzoq turib qoldi. Unda jigarbandini intiq bo‘lib kutayotgan ota-ona, o‘z yorini sog‘ingan ayol, ota mehriga to‘ymagan bola tasvirlangan edi.
Yetti bo‘limdan iborat muzeyning har bir bo‘limida shu davrga oid hujjatlar, maxfiy qog‘ozlar, suratlar, eksponatlar bor.
Muzeydan qaytar ekan, Abdurahim bobo nevaralariga: “Muzey sizlarga yoqdimi?” deb so‘radi. Bunga Shodiya va Shabnam: “Yoqdi, bobojon, yoqdi! Sizga katta rahmat!”, – deb javob berdi.
Jasur negadir jim, xayol surib borar, ko‘z oldidan Vatanimiz ozodligi yo‘lida shahid ketgan bobolarning nurli siymolari ketmasdi.
U uyiga yetgan zahoti Toshkent safari haqida insho yozishni, uni o‘quv yilining ilk kuni o‘tiladigan “Mustaqillik darsi”da o‘qib berishni ko‘ngliga tugib borardi.
Elmurod NISHONOV