“O‘zim bunyod qilgan bog‘...”
Taniqli bolalar shoiri Habib Rahmat “Gulxan” jurnalining 50 yillik qadrdoni. Habib aka siz bolalarni juda yaxshi ko‘radi, o‘zi zavqlangan voqea, mavzularni she’rga soladi-da, jurnalimizga taqdim etadi. “Gulxan” muxlislariga ma’qul bo‘lgan she’rlarni esa to‘plab kitob qiladi.
Habib Rahmatning 30 ga yaqin kitobi shu tariqa dunyo yuzini ko‘rgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘ylaymiz-ki, kuni kecha “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilib, bugun sizga taqdim qilinayotgan “Qaytdim yana bolalikka” to‘plami ham kitob javoningizning yuqorisidan joy oladi.
Mitti bog‘bon
Dunyoni bog‘ qilishni
Orzu qilar odamlar.
Daraxt ekish sirlarin
O‘rgatdilar dadamlar.
O‘yib bir gaz chuqurcha,
Nihol ekdim avaylab.
Parvarish qildim dildan
Unga mehrimni boylab.
Ko‘kka cho‘zib qomatin
Quloch yozib shoxladi.
O‘sishidan zavqlanib
Yana mehr boyladim.
Dadam derlar: – Payt kelar
Meva qilar sollanib.
Yemasang ham, jon o‘g‘lim,
Noming turar yodlanib.
Chaman bo‘lib ko‘rindi
Ko‘zimga har daraxt, shox.
Ko‘ring, qanday chiroyli
O‘zim bunyod qilgan bog‘.
Kurash
Mard lochinga hujum qildi
Bir to‘p quzg‘un bosqinchi.
Yakka lochin olishardi
Ketmasin, deb tog‘ tinchi.
Derdilarki: “Ular ko‘pdir,
Chekin yoki bo‘l taslim”.
Sado keldi: – Taslim bo‘lish
Mening uchun bu o‘lim.
Or qilaman kesak kabi
Sekin-asta nurashdan.
Men – lochinman, yengilsam ham
Kurash bo‘lsin kurashday.
So‘qmoq yo‘l
Huv, ko‘ringan so‘qmoq yo‘l
Jilg‘aga o‘xshar go‘yo.
Men yurganman undan mo‘l,
Unga mehrim bir dunyo.
Keng qirlarga boqsangiz,
Tasvir bo‘lar namoyon.
Oqib borar xuddi u
Olis dengizlar tomon.
Osmon kabi kengliklar,
Tengsiz anvoyi chaman.
Beg‘ubor havosidan
To‘yib-to‘yib ichaman.
Qirlardagi manzara
Maftun etar dilimni.
Bilmay qolaman sira
Bosib o‘tgan yo‘limni.
O‘tib qirlar bag‘ridan
Manzil tomon yetaklar.
Hamroh bo‘lar butun yo‘l,
Qirda kulgan chechaklar.
Til bilmas yo‘lbars
Yo‘lbars yurar qafasda,
Ko‘rdik dadam, men, G‘ani.
Hazil qilar dadamlar:
– Ahvol qalay, og‘ayni?
Yo‘lbars parvo qilmaydi,
Ukam sekin jilmaydi:
– Afrikadan kelgan u,
Tilimizni bilmaydi.