Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ozodlik uchun kurashganlar

Aziz muxlislar, barchamizga maʼlumki 2001-yildan buyon 31-avgust sanasi mamlakatimizda Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadi. Shoʻro davrida yurtimizda minglab begunoh insonlarning umri xazon boʻlgani, qancha-qancha oilalar parokanda va xonavayron boʻlib, bolalar yetim qolganini tarix va kelajak avlod hech qachon unutmaydi.

Xalqimizning fidoyi va matonatli farzandlari nomlarini qayta tiklash, xotirasini abadiylashtirish maqsadida poytaxtimizda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi bunyod etilgan. Bu yer shunday chiroyli ziyoratgohga aylantirilganki, unda sayr qilib yurib, Vatan mustaqilligi yoʻlida jon fido qilganlarni eslab, uzoq oʻylanib qolasiz, maydonni tark etgingiz kelmaydi. Garchi mustabid tuzum ularni “xalq dushmani”, “millatchi” deb ayblagan boʻlsa-da, hozir bu fidoyi insonlarning hayoti va faoliyati olimlar tomonidan batafsil oʻrganilmoqda.

– Maʼrifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimiz erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillar butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarini yangi namunalar bilan toʻldirish, ijod maktablari tashkil etish boʻyicha koʻp ishlar qilinyapti. Bularning hammasi – odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun...

Bu insonlar haqiqiy yetakchilar, ilgʻor ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatagʻon qilinmaganida Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan boʻlar edi, xalqimizni oldinga boshlardi, – dedi Prezidentimiz 31-avgust kuni Shahidlar xotirasi hiyoboniga tashrif buyurganida.

Davlatimiz rahbari qatagʻonga uchragan 100 ming odamning har biri boʻyicha izlanish, nomlarini tiklash, qilgan ishlari haqida kitoblar chop etish, ular yashagan mahalla va maktablarga nomlarini qoʻyib, xotirasini abadiylashtirish zarurligini taʼkidlab oʻtdi.

Soʻnggi yillarda Isʼhoqxon Ibrat, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy singari maʼrifatparvarlar xotirasiga bagʻishlab muzeylar ochildi. Poytaxtimiz markazidagi Adiblar xiyobonida ularning muazzam haykallari qad rostladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda Qatagʻon qurbonlari muzeyining boʻlimlari ochildi.

Maʼlumki, mamlakatimiz rahbari ilm-fan ahliga, ziyolilariga alohida eʼtibor berib, ehtirom koʻrsatmoqdalar. Chunki ana shu insonlar ajdodlarimizdan qolgan va hali batafsil oʻrganilmagan merosni kelajak avlodga namoyon etishiga ishonadilar. Nasib etsa ana shu ishonch va umidlar xalqaro maydonda qad rostlayotgan yangi Oʻzbekistonning nurli ertasiga munosib hissa qoʻshadi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.