Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bolalik – boylik

Bugungi kunda mamlakatimizda “Sariq devni minib”, “Sariq devning oʻlimi” asarlari kirib bormagan birorta xonadon boʻlmasa kerak. Nafaqat bugungi maktab oʻquvchisi, balki ularning bobo-yu buvilari, ota-ona, aka-opalari uchun ham asar qahramoni Hoshimjon oʻz akasi, oʻz ukasi, oʻz doʻstiday qadrdon. Asar muallifi Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi TOʻXTABOYEV – har bir oʻzbekning sevimli ijodkori.

Baʼzilar “Besh bolali yigitcha”dagi Orif, “Sariq devni minib” xojasi Hoshimjon adibning oʻz bolaligi, unda muallifning boshidan oʻtgan sarguzashlar hikoya qilingan deyishadi.

Chindan ham shunaqamikan? Bu savolga javob topish uchun Gulxanjon koʻpyillik qadrdoni, sobiq bosh muharriri Xudoyberdi aka Toʻxtaboyevning uyiga yoʻl oldi. Keksalikdanmi yoki betoblik tufaylimi ranglari sal soʻlgʻigan Xudoyberdi aka Gulxanjonni koʻrib quvonib ketdi, dardini ham unutdi. Otasining sogʻligʻidan xavotirlangan oʻgʻillari Gulxanjonning qulogʻiga, kamroq gaplashing, charchab qolmasinlar, iltimos, deb pichirladi. Buni qarang, Xudoyberdi bobo shu shivirni ham eshitib qoldilar shekilli:

– Men yaxshiman, Gulxanjon bilan suhbatlashsam yanayam yaxshi boʻlaman, – dedilar shartta.

Bundan xursand boʻlib ketgan Gulxanjon suhbatni oʻylab kelgan savolidan emas, dilidagi savol bilan boshladi.

Ustoz, “Gulxan” jurnaliga rahbarlik qilgan 1978–1986-yillarda siz bilan mazza qilib ishlagandik-a?! Bolalarga boʻlgan mehringiz shundoqqina jurnal sahifalarida aks etgandi. Jurnal bolalarning dilidagi gaplarni topib ayta boshlagach, adadimiz ham salkam millionga yetgandi. Eh-he, siz bilan borgan xizmat safarlarimiz... Respublikamizdagi yuzlab isteʼdodlarni kashf qilgandik-a, oʻshanda. Lekin shuncha urinib ham tilimni uchida aylanib yurgan savolni berishga jurʼat qila olmagandim.

Nahotki, axir sen xayolingga kelgan gapni shartta aytadigan bola eding-ku, – jilmaydi Xudoyberdi bobo. – Soʻra-chi, u qanday savol ekan?

Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumani Katta Tagob qishlogʻidagi maktabda oʻqib yurgan chogʻingizda “Gulxan” oʻqiganmisiz? U sizga yoqarmidi?

Ha, – maʼyus tortdi Xudoyberdi bobo, – bilsang, oʻquvchilik yillarim ikkinchi jahon urushi davriga toʻgʻri kelgan. Xabaring bor, qishloqda yashaganman. Biz maktabga onda-sonda borardik. Oʻsha paytda bolalarga atalgan jurnal, gazetalar bormidi-yoʻqmidi buni ham bilmasdik. Otalarimiz, akalarimiz frontga ketgani bois dala, tomorqa ishlari, roʻzgʻor yumushlari biz tengi oʻsmirlarga qolgandi. Bir narsa esimda, 12-13 yoshli bolalardan iborat “Frontovaya brigada” tuzilgan edi. Men ham oʻshanga aʼzo boʻlganman. Eri, oʻgʻli urushga ketgan xonadonlarga borib, yumushlariga qarashganmiz. Demak, bolalik paytimda jurnal oʻqimaganman.

“Besh bolali yigitcha”dagi Orif sizning oʻzingizmi?

– Bolam, har bir yozuvchi yozayotgan asarida oʻzi koʻrgan, guvohi boʻlgan, baʼzan oʻzini boshidan oʻtgan voqealarga boshqa odamlar hayotidagi kuzatishlarini ham qoʻshib, boyitib tasvirlaydi. Romanlarimdagi qahramonlarda, albatta, hayotimdagi ayrim lavhalarni tasvirlaganman. Ammo ularni avtobiografik asar deyish notoʻgʻri.

Bolaligingiz ogʻir davrga toʻgʻri kelgan ekan. Oʻsha paytda hayotingizni oʻzgartirib yuborgan birorta ibratli voqeani eslay olasizmi?

Butun dunyoni qamrab olgan II jahon urushi koʻplar qatori mening ham bolalik hayotimni butunlay oʻzgartirib yubordi. Urush nafaqat mening balki, million-million bolalarning, turli millat xalqlarining hayot tarzini, oʻy-xayolini, fikr-mulohazalarini oʻzgartirgan. Qolganlari mayda-chuyda voqealar edi. Ular hayotimni oʻzgartirib yuboradigan darajada kuchli, taʼsirli emasdi. Masalan, Meli nonvoy amaki oʻz hisobidan non yopib, och qolgan bolalarga ulashardi. Esonqul bobo beva ayollarning ishkomidagi tokni tekinga kesib berar, Anya doktor hech kim aytmasa ham uyma-uy yurib, kasal bolalarni davolardi. Bular ham dunyoqarashimga, fikrimga taʼsir qilgan, albatta.

Bolaligingizda siz havas qilgan odamlar, asar qahramonlari boʻlganmi? Koʻproq kimga oʻxshashni orzu qilgansiz?

Afsus, ming afsus, oʻn toʻrt yoshgacha, yaʼni Qoʻqon pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirgunimcha birorta ham badiiy kitob oʻqimaganman. Mening ong-u axloqim, tafakkurim enam Robiyabibining ertaklari orqali shakllangan. Sevgan qahramonim “Uch ogʻa-ini botirlar” ertagidagi Kenja botir edi. Kenja botirdek qoʻrqmas, mard va jasur boʻlishni orzu qilardim.

Kitob, jurnal oʻqimagan boʻlsangiz, ertaklarni enangiz aytib bergan boʻlsa, kompyuter, telefonlar kashf qilinmagan boʻlsa, koʻchama-koʻcha mazza qilib oʻynab yurgan ekansiz-da. Oʻzi qanaqa oʻyinlar oʻynagansizlar?

Ishonasanmi, men kompyuter, telefon boʻlmaganidan sira oʻksinmayman. Chunki uning oʻrniga sogʻligʻimizni mustahkamlovchi, jismonan chiniqtiruvchi, eng muhimi, odamiylikni, oqibatni anglatuvchi – “Tayoq oʻyin”, “Lapta”, “Eshak mindi”, “Chillak” kabi oʻyinlarni oʻynaganmiz. Bu oʻyinlar bizni chaqqonlik, abjirlikkagina emas, balki doʻstlarni qadrlashga, ahillikka ham oʻrgatardi. Biroq bunday oʻyinlar oʻynashga ham vaqt kam boʻlardi. Aytdim-ku, biz kun boʻyi frontga ketgan erkaklarning oʻrniga dalada ishlardik.

Ustoz, aksariyat bolalar birdaniga koʻp narsaga erishishni orzu qilishadi. Goh shifokor, goh oʻqituvchi, goh futbolchi boʻlgisi keladi. Bu beboshlikmi, yoki qatʼiyatsizlik?

Unisi ham, bunisi ham emas. Bolalikning bir koʻrinishi. Bola – bola-da. Goh unga, goh bunga urinib koʻradi. Shumlik qiladi, tegajoqlik qiladi. Bular hammasi bolaning ichidagi energiya qaynab turishidan, kuchini qayerga sarflashni bilmayotganidan. Koreyslarda bir odat bor ekan. Bola yoʻlga kirganda kattakon stolga turli ish qurollarini qoʻyib bolani chaqirishar ekan. Bola qaysi ish qurolini (masalan) rapidani tanlasa nonvoy, pichoqni tanlasa oshpaz, oʻroqni tanlasa dehqon... boʻladi deb hisoblashar va shunga qarab bola tarbiyasiga kirishar ekanlar. Darhaqiqat, har bir bolada Olloh bergan biror sohaga layoqat, qobiliyat boʻladi. Buni ota-ona, ustoz vaqtida payqab toʻgʻri yoʻnalish berishi kerak.

Sizga alifboni tanitgan ustozingizni eslaysizmi? Siz uchun oʻqituvchi kim?

Men otamdan ajraganimda ikki yoshga ham toʻlmagan ekanman. Shundanmi otaga, ota mehriga tashna boʻlib oʻsdim. Boshqa bolalarniki kabi shirinsoʻz, mehribon otam boʻlishini orzu qilardim. Maktabda Abdullayev, Shonazarov ismli domlalar qoʻlida savod chiqardim. Ammo, hammadan ham dilimga yaqini Tursunov domla edi. U menga xuddi otamga oʻxshab tuyulardi. Uni koʻrgim, gaplashgim, har bir aytgan gapini qulogʻimga quyib olgim kelardi. Demak, bola kamolga yetayotganda oʻqituvchi ota oʻrnini bosishi ham mumkin ekan.

Baʼzi bolalar tabiatan qoʻrqoqroq boʻlishadi. Ota-onasi esa uni koyib, botir boʻlishni, hech narsadan qoʻrqmasligi kerakligini uqtiradi. Shu toʻgʻrimi, qoʻqroqlikni yengsa boʻladimi?

Quvonch ham, qaygʻu ham, botirlik ham, ikkilanish ham, dadillik ham hamma-hammasi fiziologik hodisadir. Oliy nerv faoliyatiga bogʻliq boʻladi. Bular hammasi yigʻilib inson xarakterini shakllantiradi. Xarakterni tarbiyalash mumkin boʻlganidek, mashq orqali qoʻrquvni ham yengsa boʻladi. Qoʻrquv bu insonning himoya holati. Psixologlar har qanday holat tajriba va mashq orqali oʻzgaradi, deydilar. Demak qoʻrquv oʻrnida bora-bora botirlik paydo boʻlishi mumkin. Hammasi mashqqa, tajribaga, ishonchga bogʻliq.

Bugungi jurnalxonlarga nimalarni taʼkidlashni istaysiz?

– Bolalik – boylik. Chunki siz bolalikda hayotda koʻrgan-kechirgan voqealar, oʻqigan badiiy asarlar, koʻrgan kinolaringiz tufayli maʼnaviy xazina toʻplaysiz. Bu xazina sizni kelajakda qanday inson boʻlib yetishishingizga asos boʻladi. Shunday ekan, tinmay kitob oʻqib turish kerak. Kishi kitob oʻqiganda, avvalo, oʻzini kitobdagi qahramonga solishtiradi, taqqoslab boradi. Yaʼni, oʻzini anglaydi, bora-bora boshqalarni ham anglaydigan boʻladi. Nima qilayotganini, qanday yashayotganini tushunib oladi. Bundaylar tez kamolga erishib, ham oʻzi, ham jamiyat uchun foydali insonlar boʻlib yetishishadi. Ishonaman, “Gulxan”ning zukko oʻquvchilari qanday kitob-jurnallar oʻqishni juda yaxshi bilishadi.

Gulxanjon samimiy, yaxshi tilaklar uchun rahmat aytib, ustozga sogʻlik tilab xayrlashdi.

 

Gulxanjonga M. Hamidova kotibalik qildi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.