Bahouddin Naqshband
Ravshan bobo toʻngʻich nabirasini ona yurti Buxoroga olib bordi. Lekin mashinasini uyda emas Kogon shahri yaqinidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohi yonida toʻxtatdi. Firdavs bu yerga tavobga kelayotgan gurra-gurra odamlarni koʻrib bobosidan hayrat bilan soʻradi:
– Dodajon, odamlar nega buncha koʻp, ular hammasi Naqshband boboni taniydimi?
– Ha bolam, bu ulugʻ avliyo zotni nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda yaxshi tanishadi. Alloma bobomiz Buxoromiznigina emas Oʻzbekistonimizning faxri. Buyuk bobomiz insoniyat tarixida oʻz oʻrniga ega boʻlgan ulugʻ zot. Dunyoga mashhur avliyo, Buxoroning yettinchi piri, naqshbandiya taʼlimotining asoschisi. Naqshband bobomiz mana shu Kogonga yaqin Qasri Hinduvon hozirda Qasri Orifon degan manzilda tugʻilganlar. Asli ism shariflari Muhammad Bahouddin. Bahouddinning otalari Sayyid Muhammad kimxob toʻquvchi hunarmand boʻlgan. Kimxob toʻnlarga naqsh tikkanlar. Naqshband kunyasi ana shu hunarga bogʻliqlikni anglatadi.
Ustozlari Amir Kuloldan tasavvuf taʼlimoti boʻyicha yetti yil taʼlim olganlar.
Naqshbandiya taʼlimotiga asos solgan maʼrifatli bobomiz arab, fors, turk tillarini yaxshi bilganlar. U kishidan bizga “Avrod” risolasi, maʼrifatga oid risolalari, nasriy, nazmiy oʻgitlari meros boʻlib qolgan.
Bahouddin Naqshband yaratgan taʼlimot asosidagi mehnatsevarlik, insonparvarlik, ilm-maʼrifatga intilish va butun borliqqa muhabbat gʻoyasi bugungi kunda ham komil insonni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
– Boʻldi, esladim, buvijonim bizga Bahouddin Naqshbandning “Dast ba kor-u dil ba Yor” yani qoʻlingiz ishda boʻlsin, qalbingizda doim Xudoni yoʻqlab turing, degan oʻgitlarini tushuntirib, ana shunda hamma ishingiz yurishadi, deganlar.
– Ha barakalla, ana shu aqidaga amal qilgan kishilargina komil inson boʻlib yetishadi.
Ravshan bobo nabirasining peshonasini siladi-da:
– Endi Gʻijduvonga – Naqshband hazratlarining ustozi Abduxoliq Gʻijduvoniy ziyoratgohiga boramiz, – dedi.
– Uyga-chi, Zafar amakimlarnikiga qachon boramiz? – hayron boʻldi Firdavs.
– Bolajonim, biz allaqachon uydamiz, mana shu koʻhna va qadimiy goʻzal shahri Buxoro bizning jonajon uyimiz.
Uning har bir koʻchasi, har bir madrasa-yu minorasi, koʻhna koʻchalari-yu, yodgorliklari bizni sogʻinib kutyapti. Ona yurtimiz, buyuk bobolarimiz hayot yoʻlini bilish, ular bilan faxrlanish har birimizning burchimiz, – dedi Ravshan bobo nabirasini quchib, ularni koʻrmay, ular bilan sirlashmay ketsak xafa boʻladi.
Erkin ZOIROV,
filologiya fanlari nomzodi