Oddiylikka aylangan murakkablik
Mart oyida yurtimizga kirib kelgan tojdor virus koʻpgina tashkilot va muassasalar ish faoliyatini vaqtincha toʻxtashiga sababchi boʻldi. Ammo shunday kasb egalari borki, ular pandemiya sharoitida ham faoliyatdan toʻxtashmayapti. Ana shunday kasb egalaridan biri – ustozlar siz aziz bolajonlarning bilim olishingiz, kelajakda har tomonlama komil inson boʻlib ulgʻayishingiz uchun tinim bilmay ishlashmoqda.
Yaqinda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan bir guruh fidoyi pedagoglar “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak-nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida Toshkent shahar Chilonzor tumani 217-maktabning kimyo-biologiya fani oʻqituvchisi Sevara Hasanova ham bor.
Sevara opa kimyo va biologiya fanlarini juda murakkab deb hisoblaydigan bolalarga ularni oʻrgatishning ham sodda, ham puxta zamonaviy, innovatsion usullarini izlab topmoqda.
Shu bois ham Sevara Hasanovaning shogirdlari tuman, shahar miqyosida oʻtkazilgan fan olimpiada va “Bilimlar bellashuvi”da faxrli oʻrinlarni egallashmoqda. Ustoz tuman va shahar miqyosida tashkil etilgan “Mahorat maktabi”, “Tayanch maktabi” saboqlarida yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat olib bormoqda. Quvonarlisi, 2017–2018-oʻquv yilida oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining tuman va shahar bosqichlarida nufuzli oʻrinlar sohibasi boʻlgan.
Yaxshi bilasiz pandemiya sababli shu yilning mart oyidan boshlab “Online maktab” loyihasi asosida televizion darslar tashkil qilindi. Yoz faslida esa abituriyentlar uchun efirga uzatilgan “Online repetitor”, kimyo fani oʻqituvchilar uchun “Online kasbiy rivojlantirish” saboqlarini ham Sevara opa olib bordi. Hozirgi kunda umumtaʼlim maktablarining 5–8–sinflar uchun berib borilayotgan “Online maktab” loyihasida kimyo fanidan saboq bermoqda.
Balki sahifadagi suratlarga qarab, ustozni tanib olgandirsiz.
– Oʻquvchilarimga avvalo, kimyo va biologiya qiziqarli fan ekanligini, astoydil intilgan bolaga eng murakkab fan ham oson boʻlib qolishini koʻp gapiraman. Har bir darsimda ularga bir-biridan qiziqarli misollar aytib, ushbu fanlarga yana-da mehr qoʻyishlari uchun harakat qilaman. Misol uchun ularga shunday savollar beraman:
1. Kundalik turmushda koʻplab kimyoviy jarayonlarga duch kelgansiz, lekin uning qanday amalga oshishi haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Masalan: Sut qaynayotganda nega toshadi?
Haqiqatdan qiziqarli va biroz kishini oʻyga toldiradigan savol. Javob: Sut tarkibida suv bilan birgalikda yogʻ, oqsil, uglevod va bir qancha minerallar mavjud. Sut tarkibidagi yogʻ koʻpikchalari uni isitganda yuqoriga chiqadi. Bugʻ koʻpikchalari miqdori koʻpayib, qobiq hosil qiladi. Bu qobiqni yorib chiquvchi bosim hosil boʻladi. Natijada sut toshadi.
2. Qurib qolgan siyoh dogʻi hatto kir yuvish mashinasida yuvilsa ham ketmaydi. Bu kabi vaziyatlarga deyarli har bir oʻquvchi duch kelgan. Uni qaysi yoʻl bilan tozalash mumkin? Javob: 1:1 nisbatda olingan etil va nashatir spirti aralashmasi bilan artish bu muammoni hal qiladi. Yana bir yoʻli esa kiyimning siyoh dogʻi tekkan joyini bir necha soat sutda ivitib qoʻyib, keyin yuvilsa, dogʻdan asar ham qolmaydi.
Sevara opa ana shunday ketma-ket savol-javoblar, misollar orqali oʻquvchilarga baʼzan kimyo fanidan olgan bilimlarimizni hayotimizda ham tadbiq qila olishimizni, kichik muammolarga duch kelganimizda uni oʻrganganlarimizga tayanib, hal qilishimiz mumkinligini tushuntiraman, – deydi Sevara opa toʻlqinlanib.
Sevara opa Oʻqituvchilarga metodik yordam sifatida “Kimyo auksioni”, “Oksidlanish-qaytarilish”, “Murakkab efirlar”, “Metallmaslar”, “Mening tasavvurimda kimyo” mavzulari boʻyicha dars ishlanmalari ijtimoiy tarmoqlarda muntazam berib borilayotganini aytayotib, yana bir ajoyib yangilikka toʻxtaldi:
– Oʻquvchilarning kimyo va biologiya faniga boʻlgan qiziqishlarini, oʻqitish sifatini oshirish, fan va texnikani oʻrganishga boʻlgan intilishlarini oʻstirishda yangi Milliy oʻquv dasturlari joriy etilmoqda. Jumladan, Science dasturining kiritilishi yurtimizda oʻquvchilarga tabiiy fanlar – biologiya, geografiya, kimyo va fizikani 1-sinfdan boshlab oʻrgatilishi eʼtiborga olinmoqda. Bunda boshlangʻich sinflardan mazkur fanlar haqidagi dastlabki tushunchalar singdirib boriladi. Rivojlangan mamlakatlar taʼlim tizimini oʻrganib, shunga guvoh boʻldimki, asosiy vazifalar oʻquvchiga yuklangan, yaʼni dars jarayonida oʻqituvchi yordamchi rolida, oʻquvchi esa bosh rolda. Bunday oʻqitish tizimida oʻquvchilarning tadqiqotchilik, ijodkorlik, muammoli vaziyatlarni bartaraf etish qobiliyatlari rivojlanadi.
Shularni inobatga olgan holda, yaratilishi rejalashtirilayotgan darsliklarga kiritish uchun ajoyib maʼlumotlar toʻplanmoqda. Endi ular Oʻzbekistondagi taʼlim sifatini birinchilardan boʻlib, PISA xalqaro tadqiqotida namoyish etishadi. Bu qanday tadqiqot deysizmi?
PISA – bu har uch yilda oʻtkaziladigan eng katta xalqaro oʻquvchilar bilimini baholash dasturi. Uning natijalari xalqaro miqyosda yoshlarni qanday bilim va malakalarga ega ekanligini koʻrsatadi. Unda oʻquvchilarimizning bilimi boshqa mamlakat oʻquvchilarining natijalari bilan solishtirilib, kelgusidagi rejalarni belgilashda muhim ahamiyatga ega.
Sevara Hasanovaning soʻzlarini tinglar ekanmiz, qalbimizda bunday fidoyi ustozlarimizning tinimsiz mehnati kelajakda yurtimizda dunyo boʻylab oʻz bilim va salohiyatini namoyish eta oladigan munosib avlodlarni voyaga yetkazadi, degan ishonch uygʻotdi.
Nilufar JABBOROVA