Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Saidbekning yutuqlari

36 yildan buyon boshlangʻich sinflarga dars beraman. Har gal birinchi sinfni qabul qilib olganimda avvalgilarga oʻxshamagan isteʼdodlarni kashf qilaman. Saidbek Rumxonov ham mening yangi topilmam. U oʻqishga kelgan dastlabki kunlaridanoq sersavolligi, har bir mavzuni sinchiklab soʻrashi, soʻz boyligining koʻpligi bilan eʼtiborimni tortdi. Buning sababini oilasi bilan tanishgach bilib oldim. Ularning xonadonida kattagina kutubxona bor ekan. Saidbekka baʼzan onasi Oydinxon, baʼzan akasi badiiy kitoblar oʻqib berib uning adabiyotga havasini orttirgan ekan. Bu kutubxonada oʻzbek xalq ertaklaridan tortib jahon xalq ertaklari, Andersen, aka-uka Grimmlar, rus xalq ertaklarining rangli rasmlar bilan bezatilgan koʻplab nusxalari bor ekan.

Nazarimda, u biroz shoshqaloqday tuyulardi. Buning ham sabablari bor ekan. Saidbek onasi bilan uy vazifasini bajarib boʻlgach, kelgusi darsda oʻtilishi kerak boʻlgan mavzuni hamoʻrganib olar ekan. Shu bois mavzuni doskaga yozishim bilan oʻrnidan turib matnni dona-dona qilib gapirib beradi. Yaxshilikning qanoti bor, deganlaridek Saidbekning bu odati boshqalarga ham “yuqdi”. Endi men yangi mavzuni avval shogirdlarimdan tinglaydigan, keyin ular tushunmagan yoki unutib qoldirgan qismlarini gapirib, savollarga javob oladigan boʻldim. Shunday kunlarning birida Saidbek bizni yana hayratga soldi. U oʻzi oʻqigan “Majnuntol” sheʼriga moslab videorolik ishlab keldi. Videorolik bolalarga ham maʼqul boʻldi va men shogirdlarimga kadrda sheʼr, ertak oʻqishni va unga uygʻun tabiat tasvirlarini, jonivorlarni qatnashtirib videorolik tayyorlashni topshiriq qilib berdim.

Biz yaratgan bu yangiliklar pandemiya sababli taʼlim onlayn tizimiga oʻtganda juda qoʻl keldi. Oʻquvchilarim onlayn tarzida oʻtkazilgan tanlovlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Saidbek Rumxonov Xalq taʼlimi vazirligi tashkil qilgan “Logikal Match”, “Bravo match” mantiqiy olimpiadalarining respublika gʻolibi boʻldi. U yozgi taʼtilni ham juda samarali oʻtkazdi. 5-iyun – Atrof-muhitni himoya qilish kuni munosabati bilan Toshkent shahar Xalq taʼlimi boshqarmasi tashkil qilgan “Bebaho ona tabiat”, Xalqaro otalar kuniga bagʻishlangan “Ota – oila ustuni”, “Biz sportchi oilamiz” onlayn tanlovlarida muvaffaqiyatli qatnashib, sovrinlarni qoʻlga kiritdi.

Isteʼdodli oʻquvchim “IQ Champions” intellektual olimpiadasining respublika bosqichida 1-oʻringa sazovor boʻldi.

Mana bugun yangi oʻquv yilini ham sinfim bilan birgalikda juda koʻtarinki ruhda boshladik. Garchi mashgʻulotlar onlayn tarzida oʻtayotgan boʻlsa-da, oʻquvchilarimning bilimga boʻlgan ishtiyoqlari shundoq sezilib turibdi. Demak, bu yilgi oʻquv yilimiz ham muvaffaqiyatlarga, yutuqlarga boy boʻladi.

 

Sanam Mahmudova,

Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 231-maktabning 1-toifali oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.