Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qutlugʻ ostona

Olmos mening yuragim,

Tolmas mening yuragim.

Kim aytadi sheʼrimda

Qolmas mening yuragim.

Qudrat HIKMAT

 

Sheʼriyat olami – qutlugʻ olam. Sheʼriyat olamini, jumladan, bolalar sheʼriyatini ham yuzlab, oʻn minglab ijodkorlar yaratadilar. Bu olam yaratuvchilarini shoirlar deb ataydilar. Ularning yana bir nomi tuygʻuchilardir. Shu nomning oʻziyoq sheʼr – qalb mahsuli, his-tuygʻu hosilasi ekanini anglatadi. Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov lutf qilganlaridek, sheʼr dil savoliga dilning javobi hamdir.

Ha, sheʼrlardan bunyod boʻlajak sheʼriyat olami sirlar, moʻjizalar, hayratlar dunyosidir. Boshqa adabiyotlardan farqli oʻlaroq, sheʼriyatni – badiiy adabiyotni oʻqib yigʻlashingiz, kulishingiz, oʻyga toʻlishingiz mumkin. Adabiyotni, bejiz dunyoning sakkizinchi moʻjizasi deyishmaydi. Kitobimizning ushbu sahifalarida siz aziz muxlislarni bolalar sheʼriyati olamiga sayohatga chorlayman. Bu sayohat sheʼr yozishga ixlosmand kichkintoylar uchun, ayniqsa, foydali boʻlishiga ishonchim komil. Sayohatimiz moʻjazgina qoʻllanmaga aylanib qoladi, degan umidim ham yoʻq emas.

Ushbu qoʻllanmadan “Yosh qalamkashlar” toʻgaragining rahbarlari, adabiyot fani oʻqituvchilari, sheʼr yozishga ishtiyoqmandlar foydalanishlari mumkin.

Aziz bolajonlar! Mana, yangi oʻquv yili boshlanishiga ham ozgina vaqt qoldi. Zerikmayapsizmi? Maktabingiz, sinfdoshlaringizni sogʻinayotgandirsiz? Albatta, sogʻinyapsiz, men buni dilidan his etib turibman. Chunki, bir paytlar men ham sizdek bola boʻlganman, maktabda saboq olganman. Bahorda tezroq taʼtilga chiqishni, yoz oylarida sentabrning kelishini intizorlik bilan kutganman. Taʼtilda miriqib oʻynab, ota-onamga uy yumushlarini bajarishda yordam berganman. Kutubxonadan kitoblar olib, mazza qilib oʻqiganman. Ayniqsa, “Gulxan”, “Gʻuncha” va “Tong yulduzi”ni qoʻlimdan qoʻymaganman. Tush paytlarida anhorda choʻmilib, tiniqib uxlashga ham, oynayi jahonni koʻrishga ham vaqt topganman.

Mana, bugun siz ham taʼtildasiz. Har haftada uyingizga oʻz “oyogʻi” bilan kirib boruvchi bolalar gazeta va jurnallarini, shuningdek, koʻplab badiiy kitoblarni oʻqishingizni istayman. Sheʼrlar yod olishingizni xohlayman. Kim biladi, bir kun kelib, balki siz ham asarlar yozarsiz, qator-qator kitoblaringiz chop etilar.

Sizga bir sirni ochay, koʻnglingizda shoir yoki yozuvchi boʻlaman, degan orzungiz boʻlsa, unga albatta yetasiz. Chunki koʻp narsa, avvalo, niyatga bogʻliq. Toʻgʻri, hech qayerda shoir yo yozuvchilikni oʻrgatadigan maktab, oliy oʻquv yurti yoʻq. Lekin qunt qilsangiz, jilla qursa, ushbu koʻp yillar davomida jamlangan adabiy qaydlar, mulohazalar bilan tanishsangiz – biz bilan bolalar sheʼriyati olamiga sayohatga chiqsangiz, adabiyot, sheʼr, shoir va yozuvchilarning ichki dunyosi haqida anchagina maʼlumotlarni bilib olasiz. Bilganlaringiz esa ijod maktabi vazifasini oʻtaydi, badiiy asarlar yozishingizga turtki boʻladi. Bu borada sizga omad tilayman.

Ana endi bolalar sheʼriyati deb atalgan sirli va goʻzal chamanzorga sayohatimizni boshlaymiz. Shoirlarning adabiyot deb atalmish bu muqaddas boʻstonda amalga oshirgan ishlari – sheʼrlarini koʻzdan kechiramiz, zavqlanamiz. Oʻqib, oʻrganamiz.

Dunyoda Shukur Saʼdulla degan bolalar shoiri yashab oʻtgan. Oʻsha shoirning “Bahor” haqida bir sheʼri bor. Sheʼrda:

 

Keldi bahor, gulbahor,

Erib bitdi oppoq qor.

Uchib keldi qushlarjon,

Daraxtlar taqdi marjon...

 

kabi oʻynoqi misralarni oʻqiymiz.

Yoshligimda 1970-yillarning nari-berisida shu sheʼrni oʻtirsam ham, yursam ham yoddan aytaverardim. Qushlarning “qushlarjon” deb atalgani, daraxtning “marjon” taqqani har gal bir hayratimga oʻn hayrat qoʻshar edi.

Bir kuni ona tili va adabiyot fani oʻqituvchimiz Lolaxon opa Yusupova uyga “Bahor” mavzusida insho yozib kelish vazifasini topshirdi. Sinfdoshim Gʻafurjon bilan inshoni birgalashib yozishni dars paytida vaʼdalashib olgan edik. Xullas, tashqarida qish, sovuq, tanchadagi qor taftiga oyogʻimizni toblab, ikkimiz bahorni rosa madh etdik. Inshoni Shukur Saʼdullaning yuqoridagi sheʼriga nihoyatda oʻxshash misralar bilan yakunladik.

“Shoirchilik” shu voqeadan soʻng boshlandi.

Oʻshanda 1973-yilning bahori arafasi edi.

Oradan ancha vaqt oʻtib, ikkinchi marotaba “sheʼr” yozishga kirishdim. Unga ham havas sabab boʻldi.

1974-yil. Bahor kunlarining birida qoʻlimga “Yangiyoʻl” tuman gazetasi tushib qoldi. Gazetada qoʻshni maktabning 4-sinfida oʻqiydigan bir sanʼatsevar qiz haqida maqola chop etilgan ekan. U qoʻshiq aytib, nufuzli tanlovda yuqori oʻrinni olibdi. Shu qizga biram havasim keldi! Qoʻshiq aytganiga emas, gazetada chiqqaniga! Bolaman-da, endi meni kim gazetaga maqtab yozar ekan, deb rosa bosh qotirdim. Keyin oʻzim gazetaga biror narsa, masalan, “sheʼr” yozib joʻnatsam boʻladi-ku, degan fikrga keldim. Va bu ishning “hadisi”ni olganim yodimga tushib, “sheʼr yozish” odatimni yana yangidan boshlab yubordim. Daftar-qalamimni olib lolaqizgʻaldoq bilan bezangan loysuvoq tom ustiga chiqib ketdim. Kechgacha koʻzimga nima koʻrinsa, oʻshani maqtab, taʼriflab yozaverdim, yozaverdim. Chipor tovugʻimga 164 qator “sheʼr” bagʻishladim. Aroqxoʻrlik haqida “Voy belim, voy, voy belim” radifli (radifning nimaligini keyin bilganman) “asar” yozdim. Keyin ularni onam, opam, ammam, dadamga oʻqib berdim. Ular: “Yoz, bolam, yozaver!” – deyishdi.

Yoza-yoza sheʼrda “qofiya” degan narsa boʻlishi kerakligini, nihoyat, fahmlab qoldim. Qofiya nimaligini bilasiz-a? Bu bir-biriga ohangdosh soʻzlar degani-da!

Masalan, “soʻz” soʻziga “koʻz” yoki “bola” soʻziga “lola” soʻzi qofiyadosh boʻladi. Bu yodingizdan koʻtarilmasin, chunki menga oʻxshab birdan sheʼr yozgingiz kelib qolsa, buni bilishingiz sizga juda asqotadi. Qofiya sheʼrda katta oʻrin tutishini bilib olgach, tovuq va aroqxoʻrlik mavzularini bir chetga yigʻishtirib qoʻyib, qofiya yigʻishga kirishib ketdim. Xayolimga kelgan soʻzga qofiya topa boshladim. Masalan, daftarga “tosh” soʻzini yozaman-da, yoniga chiziqcha tortib, “bosh”, “osh”, “yosh” soʻzlarini yozib ketaveraman.

Bu mashgʻulot oʻzimga rosa yoqib qoldi. Darvoqe, boʻsh vaqtingizda siz ham shunday yumush bilan bir shugʻullanib koʻring. Hech boʻlmaganda, soʻzlarni toʻgʻri yozishni oʻrganib, diktantdan “aʼlo” baho olasiz.

 

Abdurahmon Akbar

 

(Shoirning “Gʻaroyib avtobus” kitobidan olindi.)

(Davomi bor)

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.