Online dars kerakmi?
Aziz oʻquvchilar! Bilasiz, yurtimizda pandemiya tufayli hozirgi kunda koʻpgina muassasalar oʻz ishini toʻxtatdi, jumladan maktablar ham. Darslar masofaviy oʻqitildi. Shu bois koʻpchilikni bir savol qiynayapti – maktablar ochilishi kerakmi yoki darslar onlayn tarzda oʻtilavergani maʼqulmi? Keling, bu haqida tengdoshlaringizning fikr va mulohazalariga quloq tutaylik. Onlayn darslarning qulay-noqulay tomonlarini koʻrib chiqaylik. Xulosa chiqarish esa, sizlarga havola.
Maktabimni sogʻindim
Onlayn taʼlim olish dastlabki paytlarda ancha qiziq tuyulgandi. Ammo teleekran orqali ketma-ket darslarni kuzatar ekanman, maktab dargohida, sinfdoshlarim bilan birga, ustozlarimizning jonli saboqlarini tinglash zavqi butunlay boshqacha ekanligini tushundim.
Onlayn darslarning noqulay tomoni shundaki, oʻquvchi oʻzi tushuna olmagan savollarni ustoziga bera olmaydi. Shu sababli ham koʻpgina mavzularni oʻzlashtirishim qiyin boʻlyapti. Maktabdagi ustozlarimiz har bir oʻquvchini darsni diqqat bilan tinglashi yoki betoqatlanib oʻtirishidan, mavzuni yaxshi tushungan yoki uqmaganini yaxshi farqlashardi. “Mavzuni yana bir bor qaytaraman. Yaxshilab tushunib olinglar”, – deb takrorlashardi. Teleekranda esa takror koʻrishning iloji yoʻq. Nazarimda, ekrandagi oʻqituvchilar efir vaqtiga moslashish uchun tezroq gapirayotgandek. Axir, qiyinroq mavzularni maktabdagi ustozlarimiz sodda qilib, osongina tushuntirishardi-da.
Hozir sinfdoshlarimdan faqatgina 6-7 tasi maktabga boryapti. Ular: “Oʻquvchilar bilan toʻla sinfda dars eshitish maroqli edi. Qachon avvalgi kunlarga qaytar ekanmiz?”, deyishadi xoʻrsinib.
Bobom bilan buvim biroz sabr qilishimni, bu virus bolalardan koʻra koʻproq keksalarda ogʻirroq kechayotganini, maktabga qatnayotgan oʻquvchilar kattalarga virus tashuvchi boʻlib qolishlari mumkinligini tushuntirishdi. Shuning uchun ham onlayn darslar zerikarli tuyulsa-da, sabr qilib oʻqiyapman. Men tezroq maktabga borishni, sinfdoshlarim bilan bahslashib, oʻynashni, jismoniy tarbiya darsidagi bir-biridan qiziqarli musobaqalarimizni judayam sogʻindim.
Asliddin JUMANOV,
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi
1-maktabning 5-sinf oʻquvchisi
Efir soati oʻzgarsa
Koʻpchilikda, ayniqsa, chekka qishloqlarda internet muammosi bor. Shu sababli aksariyat oʻquvchilar onlayn darslarda qatnasha olmaydi. Qishloqlarda ikki-uch kunlab tok boʻlmaydi. Demak, bolalar shugʻullana olmaydi. Darslar bir vaqtda boʻlmasligi ham katta muammo. Ayniqsa, yuqori sinflarning darslari juda kech efirga uzatiladi. Bitiruvchi sinf oʻquvchilari qoʻshimcha repititorga qatnashishadi va darslarga ulgurmay qolishadi. Shu sababli darslar muayyan bir vaqtda boʻlishi juda muhim.
Baʼzi bolalar oʻz maktablari bilan telefon orqali onlayn dars oʻtadi. Afsuski, ayrimlar oʻquvchilar darsda faqatgina davomad uchun kirishadi xolos. Darslar, asosan, juda qisqa oʻtiladi. Natijada, yangi mavzularga, topshiriqlarga tushunmay qolamiz. Onlayn darslarning yaxshi tarafi esa maktabga qatnashga ketadigan vaqt tejalib, qoʻshimcha dars tayyorlash mumkin boʻlyapti. Kasallik yuqishining oldi olinyapti. Ota-onalar farzandalaridan koʻngli bezovta boʻlmay, ishga xotirjam borib kelishmoqda.
Munisa BAHODIROVA,
Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi
236-maktabning 8-sinf oʻquvchisi
Ustozlar – kun qahramoni
Maktablar yangi oʻquv yilidan ikki usulda oʻz faoliyatini boshlab yubordi. Baʼzilar onlayn, baʼzilar esa offlayn tarzda oʻqimoqdalar. Onlayn oʻqiyotganlar televizor qarshisida dars qilib oʻtiribdilar. Uyda taʼlim olishni istaganlar uchun onlayn maktab loyihasi aʼlo darajada ishlab chiqilgan. Onlayn oʻqiydiganlar darslarini fan oʻqituvchilarga telegram orqali yuboradilar. Anʼanaviy oʻqishni istaydiganlar esa maktabda karantin qoidalariga amal qilgan holda oʻqiydilar
Online maktabning yaxshi tarafi – uyda, oila davrasida birga dars oʻrganamiz. Uyda qolib xotirjam oʻqisak boʻladi. Yomon taraflari esa dars soatlari juda qisqa. Bu vaqtda oʻquvchi darsni tushunib ololmaydi. Online maktabda oʻqigan oʻquvchi ertalabdan turib maktab formasini kiyishi shart emas. Bu ham oʻquvchilarga yaxshi boʻldi. Maktablar karantinga yopilgan toʻrtinchi chorakda jamiki bolalar onlayn taʼlim olgan edi. Onlayn dars davomida ustozlarning mashaqqatli mehnatiga, fidoyiligiga guvoh boʻldik. Oʻqituvchilarimiz ham kun qahramonlari boʻlgan shifokorlar kabi tinmay ishlamoqdalar.
Abdulloh ABDUMOʻMINOV,
Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi
102-maktabning 6-sinf oʻquvchisi