Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Parij galereyasida

Kichkinaligida multfilm qahramonlarining rasmini chizish Komilaning sevimli mashg‘uloti bo‘lgan. Qizaloq bog‘chada tarbiyachisi ko‘rsatgan gul, quyosh va bulut tasvirlarini qog‘ozga tushirdi. Ranglarni to‘g‘ri tanlab, tasavvurini aniq ifodalay olgan Komilaning chizgan rasmi o‘shanda bog‘cha opalarni ham hayron qoldirdi. Bayramlarda, “Yosh musavvirlar” tanlovlarida faol qatnashgani uchun unga ertak kitoblar, rangli qalamlar sovg‘a qilishdi. O‘sha paytlarda u tengdoshlari havas bilan qarayotganini ko‘rib, mehnat qilish yaxshi ekanligini murg‘ak qalbi bilan his qildi.

Maktabga bora boshlaganda ham rasm darsi bo‘ladigan kunni intiqlik bilan kutardi. Qorli o‘rmonlardan sovg‘a to‘la qopini ko‘tarib ketayotgan qorbobo, yalmog‘iz kampir, har gal bo‘rini dog‘da qoldiradigan quyoncha rasmlarini chizganda, Komila ertaklar olamiga tushib qolar, kitobga bo‘lgan mehri yanada oshardi. Tabiat qo‘yniga dam olishga chiqqanda, xiyobonlarga borganda ko‘rgan taassurotlarini qog‘ozga tushirish unga, ayniqsa, o‘zgacha zavq bag‘ishlardi. Buvisi rassom nabirasiga turli bo‘yoqlar, rangli qalamlar va ertak kitoblar olib kelardi. Tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqish uni Yunusobod tumanidagi 26-bolalar musiqa va san’at maktabiga yetakladi. U yerda Komilaga Elvira Mingdubayeva ustozlik qilishni o‘z zimmasiga olib, ortiqcha narsalarga chalg‘imaslik, dangasalik kabi illatlardan uzoqda yurishni tushuntirdi. Komila qo‘shimcha mashg‘ulotlarga ishtiyoq bilan qatnab, chizgan suratlaridan zavq olardi.

– Har yili “1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan ko‘rgazma tashkil qilinadi. Unda iste’dodli yoshlar o‘z ijodiy ishlari bilan qatnashadi. Endi mehnatingni ko‘rsatadigan, atrofdagilar fikri va taassurotlarini eshitadigan payt keldi, – dedi ustozi bir kun Komilaga.

Ustozining ishonchidan xursand bo‘lsa-da, u oldida turgan mas’uliyatni his qilib biroz cho‘chidi. “Hali bunday tadbirlarda ishtirok etishga ertaroqmikan”, deb ikkilandi.

– Maqsadingga erishish uchun mehnat qilasan. Kimnidir maqtovini eshitsang, kimnidir tanqidiga uchraysan. Kamchiliklaring ustida ishlab, xatolaringni to‘g‘irlaysan, – deb dalda berdi undagi ichki xavotirni sezgan buvisi.

Bu gaplardan keyin Komila ko‘rgazmaga tayyorlanishga jiddiy bel bog‘ladi. Nihoyat o‘sha kun keldi. Tadbirda ijodiy ishlari bilan yig‘ilganlarda iliq taassurot qoldirgan qahramonimiz endi maqsad sari oldinga harakat qilishi lozim ekanligini angladi. Maktabdagi “Bilimlar bellashuvi”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Yosh iste’dod egasi” hamda “Yuksak ma’naviyatli avlod” respublika festivallarida “O‘z asarida milliylikni aks ettirgan rassom” yo‘nalishlarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– Har bir muvaffaqiyat ijodkorni yana ijod qilishga undaydi. Noyob asarlarni ko‘rganingda, ijodkorlar bilan suhbatlashganing sari bu san’atning o‘zing bilmagan, anglamagan sir-asrorlariga duch kelasan. Bu holat seni intilishga, izlanishga yetaklaydi. Endi kuching, iqtidoringni xalqaro festivallarda sinaymiz.

Komila endigina o‘n bir yoshni qarshilagan bo‘lsa-da, ustozining bildirgan ishonchidan sevindi. Xalqaro festivallarda munosib o‘rinlarni qo‘lga kiritishga ahd qildi. Buning uchun kun tartibiga qat’iy rioya qilib, ustozining har bir harakatini zimdan kuzatdi. Tasvirda kishi ilg‘amas mayda detallarga e’tibor qaratish lozimligini angladi. Buning uchun bo‘yoq va matoni to‘g‘ri tanlay bilishi muhimligini his qildi. Oldinda turgan sinovlarda bellashish, mahoratini ko‘rsatish – uning asosiy maqsadlaridan biriga aylandi.

2014-yil Rossiyada bo‘lib o‘tgan “Hammasi qushlar haqida”, “Mening to‘rt oyoqli do‘stim” va “Mening kichik vatanim” xalqaro ko‘rik-tanlovlarida, 2015-yil Fransiya poytaxtida “Biz Parijni sevamiz” nomli xalqaro festival, 2016-yil Xitoyda o‘tkazilgan “Pekin yulduzlari” II xalqaro ijodiyot festivali, 2017-yil Italiyada “Viva Roma” V xalqaro ijodiyot festivali va 2018-yil Dubayda 14-18 yoshli o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, g‘oliblar safidan joy oldi.

– Har safar ko‘rik-tanlovlarga urf-odatlarimiz, tarixiy obidalarimiz, milliyligimiz aks etgan ijodiy ishlarim bilan qatnashganimda, boshqa davlatlardan kelgan mohir rassomlarning chizganlarimni qiziqib tomosha qilayotganini ko‘rib sevinib ketaman. Ayniqsa, Parijdagi tasviriy san’at galereyasiga qo‘yish uchun ijod namunalarimdan olib qolishganda xursandligimdan yig‘laganman. Taniqli musavvirlar rasmlarimga yuqori baho berib, munosib o‘rinlarga loyiq topganidan quvonganman. Ustozim doim, qo‘lingga qalam oldingmi, qalamingni sinishiga yo‘l qo‘yma. Yanada o‘tkirlab, tekis va ravon chizishga harakat qil. Agar bog‘dagi gullarni chizmoqchi bo‘lsang, o‘zing o‘sha gulning biri bo‘l. Shunda tasviring tiniqlashadi, deb o‘rgatadilar. Kelajakda ta’lim bergan barcha ustozlarimning mehnatini oqlash uchun intilishdan to‘xtamayman, – deydi Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 86-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Komila Sagatova.

Qahramonimiz hozirda ijod qilish bilan birga fransuz va ingliz tillarini mukammal o‘rganayotganini aytib o‘tdi. Yoshiga xos shijoatli, zukko qiz Komilaning orzulari qanot bog‘lashini va ijod yo‘llari kamalak ranglari kabi yorqin bo‘lishini tilab, u bilan xayrlashdik.

 

Iroda UMAROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.