PISA – tafakkur sinovi
Ilgari PISA haqida biror joyda eshitganmisiz? Yo‘q bo‘lsa, sizlar uchun yangi bo‘lgan bu atama ma’nosini tushuntiray.
PISA (The Programme for International Student Assessment) – xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi degani. Bu dastur dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi 15 yoshli o‘quvchilarning bilim darajasini tekshirish bilan shug‘ullanadi. PISAda asosan, uch yo‘nalish – o‘qish savodxonligi, matematik savodxonlik va tabiiy-ilmiy fanlar savodxonligi bo‘yicha sinov o‘tkaziladi. Savollar orqali o‘quvchilarning bilimlarni o‘zlashtirishi, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llay olish qobiliyati tekshiriladi. Asosiy maqsad – mamlakatlar ta’lim tizimidagi sustliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish uchun maslahatlar berish, shu orqali jahon mamlakatlari ta’lim tizimini yaxshilashga erishishdir.
PISA o‘quvchilarning fanlarni shunchaki o‘qishi, yodlab o‘rganishini istamaydi. Fanlarni o‘rganishda har bir mavzuning mohiyatini anglash, tushunish va kelajak hayotda uni tatbiq eta olish ham kerak.
PISA so‘rovi har 3 yilda o‘tkazilib, unda ishtirok etuvchi davlatlar yildan yilga ko‘payib boryapti. O‘zbekiston ilk bor PISA so‘rovida 2022-yilda (pandemiya sababli 2021-yilgi so‘rov 2022-yilga ko‘chirilgan) ishtirok etdi. 2023-yilning dekabr oyida e’lon qilingan natijalar, afsuski, maqtagulik emas. Bizning o‘quvchilar ushbu dastur doirasida yuqori natijaga erishishmagan. Albatta, ustozlar, direktorlar, muhimi, ta’lim sohasidagi mas’ullar bu natijadan tashvishga tushishdi. Shu bois, O‘zbekiston ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida aynan PISA dasturida ilg‘or 30 mamlakat qatoriga kirish ko‘zda tutilgan. Davlat tomonidan ta‘lim sohasiga e’tibor qaratilishi siz o‘quvchilardan fanlarni o‘zlashtirishga ko‘proq diqqat qilishingiz, ularni kundalik hayotda qo‘llashni o‘rganishingizni talab etadi.
“PISA – 2022” jahonning boshqa davlatlaridagi o‘quvchilar bizning o‘quvchilardan “a’lochi”roq ekanligini ko‘rsatdi. Masalan, qo‘shni Qozog‘iston o‘quvchilari ham bizdan ancha yuqori natijani qayd etishgan. Endi siz ham o‘qib, uqishga astoydil bel bog‘lashingiz, xalqaro darajadagi o‘quvchilar bilan bellashadigan bilimdon bo‘lishingiz, eng muhimi, o‘rganayotganlaringizning mohiyatini tushunish va ulardan foydalana olishingiz kerak.
Ko‘rib turibsizki, maqsadlarga faqat yaxshi o‘qish orqali erishish mumkin. Shunday ekan, do‘stlar, o‘qing, berilib o‘qing! Eng yuqori pog‘onalar, eng uzoq marralar sizniki bo‘lsin!