Shodmonqul Salom
Shodmonqul SALOM – shoir, publitsist, nosir. “Do‘stlik” ordeni sohibi.
Shodmonqul Salom 1980-yil 23-dekabr kuni Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani Ketmonchi qishlog‘ida tug‘ilgan. 2003-yil Termiz davlat universitetining Kimyo fakultetini tugatgan. 2003-2005-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Oliy adabiyot kursida o‘qigan.
“Turkiston”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Chag‘oniyon” gazetalari, “Saodat”, “Fermer” jurnallarida faoliyat ko‘rsatgan. Hozirda “Ma’naviy hayot” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.
Shodmonqul Salomning “Yurak iqlimi” (2004), “Ko‘ngil kitobi” (2011), “Borligini bilganlar” (2013), “Ko‘ngil obidasiga yo‘l” (nasriy, 2018), “She’r sayyorasi” (2021), “Tongning iqbolini tilarmen” kabi kitoblari chop etilgan. She’rlari turk, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz tillariga tarjima qilinib, turli adabiy-badiiy jurnal va almanaxlarda nashr etilgan.
2013-yildan beri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
Asl shoir hamisha o‘zgarishda yashaydi. Hayot tajribalari, quvonch-u alamlar, millat va ona yurt tashvishlari shoir tabiatida o‘zgarishlar yasaydi. Ijodkorning she’rlarida ana shu haqiqatni ko‘rasiz.
Shodmonqul Salom O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning yorqin va ayni paytda zahmatga to‘la hayot yo‘li haqida hikoya qiluvchi badiiy filmda bosh qahramonning yigitlik va o‘rta yosh siymosini gavdalantirgan.