Prezidentimizning Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqidan
...Chindan ham mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi G‘arb ilm-fani yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur. Lekin ularni kim tarbiyalaydi? Albatta, o‘zimiz, tarix saboqlari, zamon talablari asosida tarbiyalashimiz zarur...
...Ta’kidlab aytmoqchiman: bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi kerak, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!
Shu maqsadda xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishimiz lozim...
...Keyingi paytda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shu ishlarimizni davom ettirgan holda, umumta’lim maktablarida o‘zbek tilini o‘qitish samarasini oshirish masalasiga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratamiz...
...Jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz davom ettiriladi. Kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ko‘pming nusxalarda chop etish va barcha kutubxonalarga yetkazib berish choralari ko‘riladi...
...Yaqinda “Yoshlar uchun — ming kitob” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha alohida qaror qabul qildik. Unga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab farzandlarimizga rag‘bat beradigan eng mashhur ilmiy-ommabop kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, maktab va kutubxonalarga bepul tarqatish yo‘lga qo‘yiladi...
...So‘nggi yillarda kutubxonalar faoliyatini rivojlantirishga katta e’tibor beryapmiz. Ayniqsa, Respublika bolalar kutubxonasi rekonstruksiya qilinganidan so‘ng bu yerda yangi ma’rifiy hayot boshlandi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Mening nevaralarim ham shu maskanga katta qiziqish bilan boryapti.
Bu ezgu ishlarimizni davom ettirib, kelgusi yilda Samarqanddagi bolalar kutubxonasini rekonstruksiya qilamiz. Hududlardagi boshqa bolalar kutubxonalarini ham bosqichma-bosqich bolajonlarimizning sevimli maskaniga aylantiramiz.
So‘nggi paytlarda o‘z hisobidan kutubxona barpo etayotgan tashabbuskor insonlar ko‘payib borayotgani barchamizni mamnun etadi. Tasavvur qiling, 100 nafardan ziyod yurtdoshimiz bunday xayrli ishga qo‘l urgan. Masalan, Marhamat tumanida tadbirkor Qobiljon Obidov 50 mingdan ziyod kitob fondiga ega, uch qavatli zamonaviy kutubxona tashkil etgan, bu ziyo maskanida 300 mingta elektron kitob ham mavjud. Mana shunday insonlar jadidlarning munosib davomchilari, bugungi kun qahramonlari emasmi?..
...Hammamiz bir haqiqatni unutmasligimizni istardim. Hayot bor ekan — jaholat ham, ma’naviy tahdidlar ham bo‘lishi tabiiydir. Ammo eng xatarlisi — yurt kelajagiga loqaydlik, ezgu qadriyatlarga nisbatan beparvolikdir.
Tinch va farovon hayot qurish uchun, avvalo, odamlar qalbida bir-biriga hurmat, xalqqa, Vatanga mehr va ishonch mustahkam bo‘lishi zarur.
Mamlakatimiz yangi taraqqiyot davriga qadam qo‘ygan bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa, farzandlarimiz ongida Vatanga muhabbat, yurtimiz kelajagiga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayotning qadriga yetish tuyg‘usini kuchaytirishda siz, madaniyat ahlining o‘rningiz va ta’siringiz beqiyosdir.
Sizlar yuksak iste’dod va mahoratingiz, ijtimoiy hayotimizdagi faol ishtirokingiz bilan yangi Uyg‘onish davrini barpo etishga, albatta, munosib hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman...
22-dekabr 2023-yil