Eng oliy burch
Sizning tengdoshlaringiz, sinfdoshlaringiz orasida kelajakda harbiy – Vatan himoyachisi bo‘laman, deydiganlar bor, to‘g‘rimi? Sahifamizda yuragida Vatan ishqi tug‘yon urgan, oilasi, yurtning himoyasi uchun kamarbasta bo‘ladigan bo‘lajak Vatan himoyachilarining dildagi gaplarini tuhfa etamiz.
Dunyo tarixiga nazar solsak, Vatan himoyasi, xalqning tinch-totuvligi yo‘lida hayotining so‘ngiga qadar kurashgan, yurt tinchligi yo‘lida jon bergan shahidlar oz emas. Shuningdek, bugungi dorilomon kunlarning ham o‘z himoyachilari bor. Bizning emin-erkin hayotimiz uchun ular tun-u kun sergak. Albatta, ularga havas qilib, kelajakda Vataniga, xalqiga xizmat qilishni, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishni o‘z burchi deb biladiganlar ko‘p. Ularning bir qismi Ichki ishlar vazirligi IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tahsil olishmoqda.
***
Men maktab-internatning bitiruvchi sinfida o‘qiyman. Besh yildan buyon bu yerdagi sifatli ta’lim va o‘quvchilar uchun yaratilgan qulay sharoitlardan foydalanib, turli yutuqlarga erishib kelyapman. O‘tgan yili Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkazilgan test sinovlarida qatnashib, B2 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritdim. Qolaversa, 2023-2024-o‘quv yilida o‘tkazilgan fan olimpiadasida ona tili fanidan tuman va shahar bosqichlarida faxrli 1-o‘rinni egalladim. Albatta, bu maktabdagi malakali ustozlardan olgan bilimimning natijasi, muvaffaqiyatlarimning boshlanishi ekanligiga ishonaman. Kelajakda Vatanga sodiq kadr bo‘lishga va’da beraman. Meni ko‘z qorachig‘iday asragan yurtni men ham ulg‘ayib himoya qilaman.
Akromaliyev Azamat, 9-“B” sinf o‘quvchisi
***
Ota-onamga havas qilib, ularga o‘xshashni istab bu maktabga kirganman. Kelajakda ichki ishlar xodimi bo‘lmoqchiman. Maktabga kirgach, sportning taekvondo yo‘nalishi bilan shug‘ullanib, katta yutuqlarga erisha boshladim. 2022-yilda o‘tkazilgan Toshkent shahar kubogida faxrli 1-o‘rinni egalladim, chet elda “Kubok Neva” musobaqasida ham peshqadamlik menga nasib etdi. Hozir 28 ta medal sovrindoriman, bulardan 12 tasi oltin, 10 tasi kumush, 6 tasi bronza.
Kelajakda yurtimiz bayrog‘ini ko‘kka ko‘tarish, unga munosib bo‘lish, Vatanimni himoya qilishga bel bog‘laganman.
Safarboyev Ehtirom, 9-“B” sinf o‘quvchisi
***
Bolaligimda otamning liboslariga havas qilardim, hozir esa maxsus formani egnimda kiyib yuribman. Buning gashti, g‘ururi bilan mas’uliyati ham borligini endi his etyapman. Vatan himoyasi, xalq tinchligi uchun har bir er yigit qayg‘urishi kerak. Buyuk sarkarda bobolarimiz Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo kabi yuraklar yurt ishqida yonmog‘i kerak.
Rahimjonov Pahlavon, 9-“B” sinf o‘quvchisi
***
Hammaning o‘z orzulari bo‘ladi. Bu orzular biz yashagan muhit, olgan tarbiyamiz bilan bog‘liq. Ota-onam IIV xodimlari. Shuning ta’siri bo‘lsa kerak, men ham o‘z kelajagimni ichki ishlar sohasida ko‘ryapman.
Ichki ishlar xodimlari xalq tinchligi, farovonligi himoyachisidir. Men Vatanimga va xalqimga sadoqat bilan xizmat qilaman. Buni o‘zimning insoniy va farzand sifatidagi burchim deb bilaman.
Sheribboyev Xursandbek, 9-“B” sinf o‘quvchisi
***
Mening bu sohaga qiziqishim bolalik xotiralarim bilan bog‘liq. Ko‘chada IIV xodimlarini ko‘rsam, ularga havas qilardim. Kelajakda IIV xodimi bo‘lishni, harbiy kiyim kiyishni jajji paytimdan niyat qilganman.
Maqsadim ona Vatanim, oilamning xavfsizligini ta’minlash va xalqimiz osoyishtaligini saqlashdir. Bu maktabga kelgach, ustozlar malakasini, bizga chuqur bilim berishini ko‘rib xursand bo‘lganman. Bizning maktabda tarix, matematika, xorijiy tillar, huquq va ona tili fanlari chuqurlashtirib o‘tiladi. Darsdan keyin deyarli barcha fanlardan to‘garaklar tashkil etilgan.
Maktabning barcha qulayliklarga ega ekanligi, o‘rnatilgan qat’iy tartib-intizom bizning oliy maqsadlarga erishishimizda muhim ahamiyatga ega. Ulg‘ayib halol, shijoatli va talabchan ichki ishlar xodimi bo‘lishga, Vatanimga xizmat qilishga va’da beraman.
G‘afforov Amirbek, 9-“B” sinf o‘quvchisi
Muhammadali PO‘LATOV
tayyorladi