Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ginnesga kirgan o‘zbek hakami

“Gulxan”ning qadrli muxlislari, jurnalning yangi yildagi ilk sonida sizga nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoda tanilgan professional futbol hakami Ravshan Ermatov mehmon bo‘lmoqda. Ravshan Ermatov 1977-yil 9-avgust kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. U 2000-2019-yillarda O‘zbekiston Ligasida va 2003-2019-yillarda xalqaro miqyosda ishlagan. 2019-yil iyun oyida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti etib tayinlandi.

“Men hakamlarni mina izlovchi sapyorlarga o‘xshataman. Sal noto‘g‘ri harakat minaning portlashiga olib keladi“, — deydi u. Ravshan Ermatov Ginnesning rekordlar kitobiga “Jahon chempionatlarini eng ko‘p boshqargan hakam“ sifatida kiritilgan.

OQSHOMGACHA MAYDONDAN KELMASDIK

Uyimiz Ostrovskiy nomidagi “Pionerlar bog‘i”ning burchagida joylashgandi. U yerning bir tomonida katta futbol maydoni bor edi. O‘sha yerda har kuni mahalladosh bolalar bilan yig‘iladigan joyimiz bo‘lardi. Hammamiz maktabdan keyin darsimizni qilib, futbol va turli xil o‘yinlar o‘ynardik. Xudoning bergan kuni o‘sha yerda edik. Otamning beshta aka-ukasi bo‘lgan va hammasi bir uyda turishgan. Oilamiz juda katta bo‘lib, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”ning bir turi edi. Biz bolalar qorong‘i bo‘lmaguncha maydondan kelmasdik. Kechki payt qornimiz ochib chiqardik-da, qo‘limizni yuvib-yuvmay ovqatga o‘tirardik va birgalikda ahillik bilan ovqatlanardik.

U paytda hovlilarning bir burchagida mol-hol bo‘lardi. Bizda ham sigir va  salkam 20 ta qo‘y bo‘lardi. Har kuni tonggi beshda turib, yem berishda buvimga yordamlashardik. Buvim rahmatli bir kosadan qaymoq berardilar. Non va shirin choy bilan yeb, maktabga ketardik.

Onam tikuv fabrikasida hisobchi edilar. Otam murabbiy bo‘lganlar. Bolalar futbol maktabida va “Paxtakor”da murabbiylik qilardilar. Biz yashayotgan joyda hamma futbol bilan shug‘ullanardi, futbolga yoshligidan mehr qo‘yardi. Bu sportga mehr qo‘ygan odam undan chetda yurolmaydi. Yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotingizning kasbingizga bog‘liq bo‘lishi katta baxt. Ko‘pchilik maosh olish uchun, ro‘zg‘orni tebratish uchun yoqtirmagan ishini qilishga majbur. Taqdirning taqozosi bilan men ham u yerdan bu yerga urilib, oxiri murabbiy bo‘ldim. Yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotim bilan kelajagimni bog‘lashimga otam, murabbiylarim, yoshligimdagi futbol maydoni, bog‘ – hammasi yordam berdi.

FUTBOLCHI O‘QISHI SHART EMAS?

Bizda futbolchining maktabda o‘qishi shart emas, degan tushunchalar uchrab turadi. Hozir akademiyalarda o‘qiyotgan bolalarning o‘qishini nazorat qilishga qattiq qaraymiz. Otam maktabda bitta “3” baho olsang futbolga bormaysan, deb shart qo‘ygandilar. Mening choragimda ham, kunlik baholarimda ham umuman “3” bo‘lmasdi, “4-5” bahoga o‘qirdim. Futbol maktabida yaxshi o‘qish uchun motivatsiya bo‘lgan. Hozir ham o‘qishni, ham futbolni yaxshi eplaydigan bolalar juda kam. Men farzandlarimning o‘qishiga jiddiy qarayman, kundaligini tekshiraman, savol-javob qilaman. Agar yaxshi baho olmagan bo‘lsa, jazolayman, nimadandir cheklayman.

 Ota-onalar yaxshi nazorat qilmayapti. Akademiyamizda o‘qiyotgan 2000dan ortiq bolaning o‘qishi va ingliz tilini o‘rganishini nazorat qilamiz. Ingliz tili futbolchining kelajakda oyoqqa turishi uchun juda muhim. Masalan, Abbosbek Fayzullayev ingliz tilini yoshligida o‘rgangan. Hozir ingliz va rus tilini mukammal biladi. Yangi joyda murabbiylari bilan til topishib, berayotgan ko‘rsatmalarini tushunib, jamoadagilari bilan tez chiqishib ketdi. Biror yangi joyga borganingizda muloqot qilmasangiz, begonasirab yuraverasiz. Mana, Abbosbekning misolida tillarni bilish qanchalik muhimligini ko‘rdik. Futbolchilarimizni yoshligidan kelajakka tayyorlab borishimiz kerak.

FUTBOLCHI BO‘LISH ORZUM EDI

Futbolni juda yaxshi ko‘rib, borimni berib shug‘ullanardim. Maydonda yutqazib qo‘ysak, mendan baxtsiz odam bo‘lmasdi, yutsak eng baxtli odam edim. Futbol bilan yashardik. Orzumga erishish uchun o‘zimni ayamasdan har kuni mehnat qilardim. O‘smirlar terma jamoasida o‘ynardim. Bilasizmi, har bir insonning hayotida burilish nuqtalari bo‘ladi? Jarohat hayotimdagi burilish nuqtasi bo‘ldi, bir yildan oshiq cho‘loqlanib yurdim.

Hozir ham operatsiyaning chandiqlari bor. Stadionlarga kelib yig‘lab o‘tirardim, qayerda o‘yin bo‘lsa borardim. Men ham shunday o‘ynashim mumkin edi-ku, deb ko‘zimga yosh kelaverardi. Endi futbol o‘ynashim mumkin emas.

HAKAMLAR BILAN CHIQISHOLMASDIM

17 yoshimda sport institutiga kirdim, otam murabbiy bo‘lgani uchun men ham murabbiy bo‘laman dedim. So‘ng ingliz tili bilan shug‘ullanib, institutda yordamchi murabbiy bo‘lib ishladim. 4-sinfdan boshlab ingliz tilidan dars o‘tgan o‘qituvchimiz Inobat opa sabab bu tilga mehrim boshqacha bo‘lgan. O‘sha paytda AFKning “C” litsenziyasi O‘zbekistondan o‘tka­zilgan. Bolalar bilan ishlashga huquq beradigan shu kursda o‘qiganman. Yordamchi murabbiy bo‘lib dadamning jamoasida ishlardim. Har yakshanba shahar birinchiligi bo‘lardi. Bir kuni hakam o‘yinga kelmagan va dadam hushtakni berib, sen hakamlik qilaqol, deganlar. Men yo‘q deganman. Chunki futbolchi bo‘lgan paytlarim hakamlar bilan yaxshi chiqisholmasdim, ko‘p urishardim. Sariq, hatto qizil kartochka ham olganman,  hakamlarning qarori adolatsizdek tuyulaverardi menga. Lekin otam aytgani uchun maydonga tushganman. Hakamlik qilish juda yoqqan. Hakamlik qilganimda futbolchi bo‘lgan paytimdagi kabi o‘yinning ichida yurib, yugurib, futbolchi to‘pni qayerga yuborishini oldindan taxmin qilib  o‘yinni “o‘qiganman”. Vaqtning qanday o‘tganini sezmay qolganman. Chiqqanimda, senda hakamlikka iqtidor bor ekan, deyishgan. Hakamlik yoqib qolganidan so‘ng o‘zimda burilish bo‘ldi. Paxtakor stadionining yonida Toshkent shahar futbol federatsiyasi bo‘lardi, ertasi kuni o‘sha yerga borib, meni hakamlikka qabul qilishingizni so‘rayman, deb ariza qoldirib chiqqanman.  Ustozimiz juda talabchan edilar. O‘sha paytda 230 betlik futbol qonun-qoidalari kitobini ham rus va o‘zbek tilida yodlaganman. Har yili pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilaverganman va shu tariqa o‘zimga ishonchim ortgan. Jahon chempionatlarini boshqarayotgan hakamlarni ko‘rib, men ham buni eplay olaman deganman.

U paytlarda men 23-24 yoshli yigit edim, hakamlik qilish uchun yoshlarga to‘siqlar qo‘yib tashlangandi. 2002-yil Osiyo hakamlari boshlig‘i Toshkentga “Paxtakor” – “Sug‘diyona” jamoalari o‘yiniga keldi. Taqdir taqozosi bilan u kelgan o‘yinda men hakamlik qilganman. Keyin u kimligim haqida surishtirib, meni federatsiyaga chaqirgan.

Qishda Malayziyaga seminarga borganman. 90 minutlik o‘yinda 20 ta hakamga 4-5 minutdan o‘zini ko‘rsatish uchun imkon berishgan. So‘ng menga Xitoyda bo‘ladigan Osiyo chempionlar ligasining chorak finalida hakamlik qilishni ishonib topshirishgan. 2003-yilning 9-fevral kuni Xitoyning Dolyan shahrida Koreya va Xitoy jamoalarining o‘yiniga hakamlik qilganman. Keyin turnirlar ko‘paydi, o‘sha yilning o‘zida Finlyandiyadagi 17 yoshlilar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga yuborishdi. Bu ham men uchun katta maktab bo‘ldi.

NIMA BO‘LSA YAXSHILIKKA

Men ishimga bo‘lgan munosabatimni FIFA musobaqasiga tushganimdan so‘ng mutlaqo o‘zgartirdim. O‘rganishim kerakligini tushundim, yangi rejalar tuzdim, o‘z ustimda ishladim. Hakamlikka sho‘ng‘ib ketdim, shu bilan yashadim. Albatta, barchasi bir tekis ketmaydi. Hakamlik shunday mas’uliyatki, maydondagi holatni ko‘rolmay qolasiz yoki ulgurmaysiz. Tanqiddan ko‘plar depressiyaga tushadi. Biz bilan psixologlar ishlardi. Ular bilan ishlayverib o‘zimiz psixolog bo‘lib ketgandik. Shu sabab maydonda o‘tirgan odamlar yoki futbol yulduzlari bosim o‘tkazolmasdi. Men uchun maydonda oqlar va sariqlar o‘ynayapti degan tushuncha bor va o‘zimga nisbatan ishonch bor edi. Ishonch oldinga qadam tashlashimga yordam berdi.

Oyog‘imni jarohatlagan futbolchidan juda xafa bo‘lganman. Keyin bilsam, bu voqea hamda hakamning o‘yinga kelmay qolishi yaxshilikka bo‘lgan ekan. Balki o‘sha paytda hakam o‘yinga kelganida, hech qachon maydonda hakamlik qilmagan bo‘lardim. Agar oyog‘imdan jarohat olmaganimda, futbol o‘ynab yuraverardim, lekin futbolchi sifatida jahon chempionatiga chiqolmasdim. Shu kungacha hakam sifatida Kanada, Nigeriya, Koreya va boshqa davlatlarda bo‘lib o‘tgan 16 ta jahon chempionatlarida qatnashdim. Nima bo‘lsa, yaxshilikka degan gap bor-ku, noxush voqea bo‘lgan paytda tushunmaysiz buni, u paytda juda baxtsiz bo‘lasiz. Lekin qat’iy ishonch bilan harakat qilsangiz, hamma orzularingizga erishasiz!

 

Shahribonu RAHMATOVA

suhbatlashdi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.