Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shohrux “ikkichi” emas

Respublika bolalarining “Tong yulduzi” gazetasi­ bosh mu­harriri, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Feruza Adilovani juda yaxshi bilasiz. Yaqinda “O‘zbekiston” nashriyotida uning “Olti dona yong‘oq” deb nomlangan hikoya va ertaklar to‘plami bosmadan chiqdi. Unda bolalar hayotida uchrab turadigan qiziqarli voqealar sodda hamda jonli tilda hikoya qilingan. Kitobdan joy olgan ertaklarda esa do‘stlik, sadoqat ulug‘lanib, maqtanchoqlik va besabrlik qanday oqibatlarga olib kelishi ko‘rsatib berilgan. Ushbu to‘plamga kirgan quyidagi hikoya ham sizda yaxshi taassurot qoldiradi, deb o‘ylaymiz.

 

–   Shohrux, doskaga chiq, o‘tgan darsimiz mavzusining hech bo‘lmasa sarlavhasini ayta olasanmi? – dedi matematika o‘qituvchimiz norozi ohangda. To‘g‘ri-da, ustozning jahli chiqishi tabiiy, chunki Shohrux sira dars tayyorlamaydi, sinfda hammaga xalaqit qiladi, ba’zan darsga ham kirmaydi.

–   Xo‘p bo‘ladi, ustoz. O‘tgan darsda “Oddiy kasrlarni qo‘shish, ayirish” mavzusidan misol va masalalar yechgan edik, uyga vazifa qilib “Kasrlar ustida amallar bajarishga doir misollar ishlash”ni bergansiz. Men ham bajarganman, – deya biyron-biyron javob berdi va daftarini  ko‘rsatdi Shohrux. Ustoz ko‘zoynagini olib, Shohruxga bir qarab oldi-da:

–   Barakalla, bo‘larkan-u. O‘tir joyingga, bahong “5”. Sinfdoshlar hammasi hayron. O‘sha darsda faqat Shohrux hamma savollarga javob berdi. Keyingi soat adabiyot darsi bo‘ldi.

–   Ha, shovvoz, o‘tgan darsda nega yo‘q eding? – so‘radi Nazira opa Shohruxdan.

–   Shamollab qolgan edim, – dedi Shohrux yolg‘on gapirganidan xijolat bo‘lib. Buni ustoz darrov payqadi va “Ma’qul”, deb qo‘ya qoldi. So‘ngra uyga vazifa qilib topshirilgan “Vatan” she’rini o‘quvchilardan birma-bir so‘rab chiqdi. Navbat Shohruxga kelganda ustoz undan so‘ramay o‘tib ketdi. Shunda Shohrux:

– Ustoz, men ham yodlagan edim, – dedi. Sinfdoshlar hayron bo‘­lib unga qarashdi. Ustoz ham “Qani, aytaqol” deganday ishora qildi. Shohrux she’rni shunday ifodali, his-hayajonga berilib aytdiki, o‘quvchilar beixtiyor qarsak chalib yubordi... Ustoz ham uni maqtab,  “besh”  baho qo‘ydi. Tanaffus vaqtida sinfdoshlar uni o‘rab olishdi, ayniqsa, qizlar. Avvallari u bilan deyarli hech kim gaplashmasdi, qizlar esa uni “ikkichi” deb  mazax qilishardi. Uning hatto partadoshi ham yo‘q edi, yolg‘iz o‘zi o‘tirardi.

– Shohrux, zo‘r javob berding.

– Shoir bo‘lib ketibsan-ku!

– Sen bilan faxrlanamiz.

– Shohrux, mana senga pecheniy...

– Bunisi shokolad, yoqdimi, mazali ekanmi? – deya qizlar chug‘urlashib, uning atrofida parvona edi...

– Shohrux, Shohrux, bolajonim, turaqol, nega og‘zingni ochyapsan, maktabga kech qolma, – u onasining ovozidan cho‘chib uyg‘ondi.

“A’lochi bo‘lish qanday yaxshi ekan-a”, – o‘yladi tushida ko‘rgan voqealarni birma-bir yodga olib. “Nega shu vaqtgacha o‘qimadim, “ikkichi”, “to‘palonchi” degan nom oldim?”. Shohrux o‘zining xurmacha qiliqlarini o‘ylab, o‘z-o‘zidan uyalib ketdi. Unga mehr bilan tikilib  turgan oyijonisini mahkam quchoqladi va:

–   Oyijon, endi meni doim erta uyg‘oting, bundan keyin a’lo baholarga o‘qiyman, uyga vazifalarni vaqtida bajaraman, darsdan qochmayman, sizga ham uy ishlaringizda yordamlashaman, – deya va’da berdi. Onasi esa:

– Men senga ishonaman, bolajonim, – dedi va sezdirmaygina ko‘z yoshlarini  artdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.