Qahramon bobo
Said bobo Alimardonov bu yil 93 bahorni qarshi oldilar. Ular 18 yoshida Ikkinchi jahon urushiga jo‘nab ketganlar. Shiddatli kechgan Stalingrad, Leningrad janglarida ishtirok etib, o‘qlar yomg‘iri, tanklar nishonidan omon chiqib, bugungi osoyishta kunlarimizga tamal toshi qo‘yganlar. Janglarda bir necha bor jiddiy jarohat olganlar.
Shunda ham qat’iyat va sobitqadamlik bilan safdoshlari singari yurt himoyasiga o‘zini baxsh etadi. Ko‘rsatgan mardligi, jasorati uchun medallar bilan taqdirlanadi. Urush tugab, Kosonga qaytgach, Bahor buvi bilan besh nafar farzandni voyaga yetkazishdi.
Qishlog‘imizda kim nima ish boshlasa, Said bobodan kelib maslahat so‘raydi, duolarini oladi. Men ham o‘rtoqlarim bilan ularning yonlariga tez-tez borib turaman. Urush vaqtlaridagi ayanchli va ibratli qiziq hikoyalarni, jang xotiralarini so‘zlab beradilar. Har safar pulemyotlar, snaryadlar, asirlar va qoraxat haqidagi suhbatlardan so‘ng tinchlikning qanchalik bebaho ne’mat ekanligini his qilaman.
Shohrux USMONOV,
Qashqadaryo viloyati Koson tumani
7-maktab 9-sinf