Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mo‘jizalar mamlakati

Biz miriqib nafas oladigan havo qanday kimyoviy elementlardan iborat? Suvning tarkibini bilasizmi? Tuproqning-chi? Mevalar tarkibi bilan qiziqqanmisiz? Diqqat qilsak, butun dunyo kimyo(viy unsurlar)dan iborat ekanini anglaymiz.

Kimyo – ilm-fan xaritasidagi haqiqiy mo‘jizalar mamlakati.

Odamlar ilk bor toshdan buyum yasay boshlaganida yoki temirni kashf etgan paytlaridayoq ushbu fanning tamal toshi qo‘yilgan edi. Keyinchalik boshqa elementlar ham kashf etildi, tabobat rivojlandi. O‘simlik va mevalarning xususiyatlari o‘rganildi, asrlar osha kimyo rasman mustaqil fan sifatida tan olindi.

Mazkur sahifa kimyo faniga mehri baland o‘quvchilar uchun tayyorlandi.

 

Badaxshon la’li yoxud ming yillik haqiqat

Kimyo darslari orqali Henri Kavendish (1731–1810), Antuan Loran Lavuazyye (1743–1794), Amedeo Avogadro (1776–1856), Dmitriy Mendeleyev (1834–1907) va boshqa ko‘plab mashhur kimyogarlar faoliyati bilan yaxshi tanishsiz. Ularning har biri bu fan rivojiga katta hissa qo‘shgan. Ammo bilasizmi, ular dunyoga kelishlaridan ming yilcha oldin, ya’ni IX–X asrlarda O‘zbekistondan yetishib chiqqan Abu Abdulloh Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, ibn Sino kabi allomalar laboratoriyalarida shunday tajribalar o‘tkazishganki, ular qilgan kashfiyotlar, aniqlagan ma’lumotlar keyinchalik butun dunyoda tabiiy fanlarning yuksak taraqqiy etishiga asos bo‘ldi. Xususan, Beruniy “Javohirlarni bilishga oid ma’lumotlar to‘plami” (“Mineralogiya”) kitobida yoqut, la’l, olmos, najdak, marvarid, zumrad, firuza, aqiq, zabarjad, oniks, billur, lojuvard, nefrit, mo‘miyo, qahrabo, ohanrabo, shisha, chinni kabi ko‘plab qimmatbaho tosh va minerallarning mukammal tavsifini keltirdi.

Buyuk ajdodimiz o‘z davridan ancha ilgarilab ketgan edi. Uning fan rivoji yo‘lidagi bebaho xizmatlaridan yana biri – kompyuterlar, elektron asbob-uskunalar ixtiro qilinmagan bir davrda metall hamda minerallarning solishtirma og‘irligini aniqlaganidir. Buning uchun u oddiy qoliplar va o‘zi yasagan piknometr(jismlar zichligini aniqlaydigan maxsus asbob)dan foydalanadi.

Qizig‘i shundaki, Beruniy o‘lchab aniqlagan metall va minerallarning solishtirma og‘irligi oradan salkam ming yil o‘tib, ya’ni XX asrda zamonaviy uskunalarda qayta o‘lchanganida, mutlaqo to‘g‘ri ekani isbotlandi.

Beruniy qaysi sohada tadqiqot o‘tkazmasin, tajribaga suyangan. O‘qigan, eshitgan ma’lumotlarini tekshirgan, biror ma’lumot yuzasidan shubhasi bo‘lsa, albatta, uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini dalillar bilan aniqlagan.

Masalan, la’l (qizil rangli qimmatbaho tosh)ni ta’riflar ekan, sifatlarini batafsil hikoya qilgach, bu mineralning qayerlarda uchrashi to‘g‘risida ma’lumot beradi. Uning aytishicha, ba’zilar la’l Badaxshonda (bugungi Tojikiston va Afg‘oniston Respublikalarida joylashgan hudud) qazib olinadi, deyishgan. Haqiqatan ham, tarixiy kitoblarda, hatto badiiy asarlarda “Badaxshon la’li” degan iboraga ko‘p duch kelish mumkin. Xo‘sh, rostdan ham bu toshning vatani Badaxshonmi? Yo‘q. Beruniyning yozishicha, “Badaxshonning la’lga hech qanday bog‘liqlik joyi yo‘q”. Badaxshon la’li deb atalishiga sabab, bizning yurtlarga bu qimmatbaho tosh Badaxshon orqali olib kelingan, taroshlangan va sayqal berilgan. “Badaxshon uning (boshqa) mamlakatlarga tarqalishi uchun darvozadir”. Xo‘sh, u holda la’l konlari qayerda? Bu savolga javobni ham allomaning o‘zi beradi: “La’l konlari Badaxshondan uch kunlik yo‘lda, Vohan chegarasida, shahanshoh mamlakatining poytaxti Shiqosimdan Shikinanga ketaverishdagi Varzafanj qishlog‘ida joylashgan”.

Ha, buyuk vatandoshimizning ko‘plab sohalar, xususan, kimyo, mineralogiya fanlari rivojiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir.

 

Tabib ilon hikoyasi

“Kimyo olamiga sayohat” (Toshkent, “O‘zbekiston” NMIU – 2015) kitobida mashhur o‘zbek kimyogari, akademik Sobir Yunusov hayotiga oid qiziq hikoya keltirilgan. Unda aytilishicha, olim o‘tgan asrning 80-yillarida Parkent tumanida ilmiy izlanishlar olib borgan. U kishi tumanning Zarkent qishlog‘ida yashovchi Turob ota degan keksa tabib bilan tanishadi. Bir kuni ikkalasi ariq bo‘yida suhbatlashib o‘tirganda o‘n yoshlardagi bolani otasi olib keladi. Ma’lum bo‘lishicha, bolaning boldiridan ilon chaqqan ekana.

“Turob ota:

– Ko‘zing bilan ko‘rdingmi, qanday ilon? – deb boladan so‘radi va unga dalda berdi-da, yaktagining cho‘ntagidan qalamtaroshini chiqardi, – deb hikoya qiladi akademik. – Payqadimki, ota bolaning ilon chaqqan joyini tilmoqchi. Men tezda otaning qo‘lidan pichoqni olib, gugurt alangasiga tutdim. Turob ota bolaning ilon chaqqan joyini tilib yubordi, ariqning narigi qirg‘og‘idagi qandaydir giyohni yulib olib keldi. Giyohning bargini kaftida ezib, bolaning yarasiga qo‘ydi-da: “Endi ketaver, yaxshi bo‘lib qolasan”, dedi...”

Bola otasi bilan ketgach, olim tabibga zahar qonga o‘tib, yurakni ishdan chiqaradi-ku, deydi. Tabib pinagini buzmay: “O‘tning suti ham qonga o‘tib, zaharni kesadi”, deb javob beradi. Akademik ertasiga tongda borib, surishtirsa, haligi bola yaxshi bo‘lib ketibdi. Olim hayron bo‘lib, qaytib kelib Turob otadan “tabiblikni kimdan o‘rgangansiz?” deb so‘raydi.

– Ilondan, – deb javob beradi ota.

Keyin u g‘alati voqeani so‘zlab beradi. Aytishicha, u bir joyda qovog‘arilarga talangan ilonni ko‘radi. Bir necha joyidan chaqib tashlangan ilon vishillagancha qochib soy bo‘yida o‘sib yotgan baland bir o‘tga chirmashibdi. O‘tning uchini rosa so‘rib, hech narsa bo‘lmagandek, pastga o‘rmalab ketibdi. Ilonga davo bo‘lgan bu o‘t nima ekan deb borib qarasa, u sabzi bargli, hidi ham sabzi hidli ermon o‘simligi ekan. “Shunday qilib, tabiblikni men ilondan o‘rganganman”, degan ekan Turob ota. “Keyinchalik, aniqlanishicha, tabib dori sifatida foydalangan giyohlarning kimyoviy tarkibi tekshirib ko‘rilganda, ular shifobaxsh moddalarga boy ekani ma’lum bo‘ldi”, deyiladi mazkur kitobda.

 

Ilm – dardlarga davo

Tarixiy manbalarda Abu Ali ibn Sinoning og‘ir xastalik paytlarida ham asarlar yozishdan to‘xtamagani aytiladi. Alisher Navoiy ham umrining so‘nggi damlariga qadar ijod qilgan. Savol tug‘iladi: ular nimadan quvvat olganlar? Buning boisi shuki, ular hamisha ijod, yozish, yaratish zavqi bilan yashaganlar.

Mashhur fransuz kimyogari Klod Lui Bertolle (1748–1822) hayotida ham shunga o‘xshash voqea yuz bergan. U bir kuni qattiq betob bo‘lib qoladi. Uni ko‘rgani kelgan do‘stlari qarashsa, olimning ahvoli juda yomon, ko‘zlarini yumib, jim yotar, savollarga ham javob bermas edi.

– U nafas olmayapti, – deya xavotirlanadi do‘stlardan biri.

Shunda boshqasining xayoliga ajoyib fikr keladi. Olimga o‘zi suygan ilmiga oid savol berish kerak.

– To‘xta-chi, – deydi u va Bertollening qoshiga kelib so‘raydi: “Klod, iltimos, aytib yubor, suvning formulasi qanday edi?”

– Hash ikki O, – pichirlaydi xasta olim va salgina chiroyi ochiladi. Ular kimyoga oid yana ozgina suhbat quradilar.

Bir necha kundan keyin Bertolle butunlay tuzalib ketadi.

Ha, ilmning kuchi mana shunday bo‘ladi.

Kimyogarlar hayotida bunday ajoyib voqealar sanoqsiz. Chunki bu fanning o‘zi ajoyib-da! Mo‘jiza, sehrga o‘xshaydi. Nima dedingiz, aziz o‘quvchilar!

 

Manbalar asosida Elmurod NISHONOV tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.