Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shijoat bayrog‘in tutib

Tug‘ilganimizdan to yashayotgan lahzamizgacha hayotimiz qator raqamlar bilan bog‘liq ekanligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Asr, yil, oy, hafta, kun, soat, daqiqa va soniya... Barchasi raqam va hisob-kitoblardan iborat. Bugun sizlarga ana shunday algoritmik funksiya va informatika dasturlariga qiziquvchi, bu borada yaxshigina yutuqlarga erishgan yoshlarni tanishtiramiz.

 

Adabiyotdan – matematikaga

Abdumalik Abduqayumov Buxoro viloyatining Olot tumanidagi chekka bir qishloqda tug‘ilgan. O‘qishni shu yerdagi 34-maktabda boshlagan. Borliqdagi har bir jonzot va jarayonga savol nazarida qarab o‘rgangan, bilimga chanqoq bolakay o‘z savollariga kitobdan javob topishini bilar, shu bois juda ko‘p o‘qirdi. Undagi bu xislatlarni sezgan ota-ona o‘g‘lining o‘qishini tumandagi 52-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabiga ko‘chirishadi. Abdumalik A. Qodiriy, A. Qahhor, G‘. G‘ulom, X. To‘xtaboyev, I. Turgenev, N. Gogol singari o‘zbek va jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini miriqib o‘qiydi. “4-sinfda o‘qib yurgan kezlarim she’r yozib markaziy bolalar nashrlariga jo‘natardim. Kunlarning birida hamma meni tabriklab suyunchi oldi. O‘shanda “Gulxan” jurnalida ilk she’rlarim chiqqan ekan. Shunda quvonganimdan vujudimni titroq bosib kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qolganman...”, – deya eslaydi Abdumalik.

Yangi maktabda qobiliyatining o‘zi bilmagan qirralari yuzaga chiqa boshladi. Matematika Abdumalikni ohanrabodek o‘ziga tortdi. Tobora bu fanning sirli olamiga kirib bordi. U 6–8-sinflarda o‘qiyotgan paytlari shu fan bo‘yicha “Bilimlar bellashuvi”da qatnashib ketma-ket ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 9-sinfda esa o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadasining viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldi. Endi u hayotini matematikasiz tasavvur qila olmasdi. Maktabni tamomlagach, Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-son Qorako‘l akademik litseyiga o‘qishga kirdi. Bu yerda matematikaning o‘ziga xos sirlarini angladi. 2-bosqichda o‘qiyotganda o‘quvchilar o‘rtasidagi fan olimpiadasida sovrindor bo‘ldi, 3-bosqichda esa 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika terma jamoasi a’zosiga aylandi. Uning g‘alabalari g‘alabaga ulanib, maktabning 9-sinfidan hozirga qadar – to‘rt yil mobaynida M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent shahar filialida o‘tadigan matematika va informatika fanlari festivalida kumush medali sohibi bo‘lib kelmoqda.

Yana bir muhim jihat, shu yilning 12-18-yanvar kunlari Qozog‘istonning Almati shahrida o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan matematika, fizika, informatika fanlaridan XIII xalqaro Jautikov olimpiadasida hamyurtlarimiz jamoasi zafar quchdi. Ular orasida Abdumalik Abduqayumov ham bor edi. Nufuzli olimpiadada u 2-o‘rin – kumush medalga sazovor bo‘lib ustozlari ishonchini oqladi.

 

Oddiydan – murakkabga

Bo‘lajak fizik Sirojiddin Nurmanov ham Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-akademik litsey o‘quvchisi. U dastlab Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 19-maktabda, 2009-yildan esa shu tumandagi 6-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida o‘qidi. O‘qish davomida “Bilimlar bellashuvi”ning faol ishtirokchisiga aylandi.

Litseyning 2-bosqichida o‘qiyotganida o‘quvchilar o‘rtasidagi fan olimpiadasining viloyatda fizika fanidan 1-o‘rinni qo‘lga kiritadi. 3-bosqichda “Ilmgohim – iftixorim” respublika ko‘rik-tanlovining g‘olibi, yanvar oyida esa Almati shahrida o‘tkazilgan Jautikov olimpiadasi ishtirokchisiga aylandi. Mazkur xalqaro tanlovda u fizika fani bo‘yicha bronza medali sohibi bo‘ldi.

– Shunday mas’uliyatli xalqaro tanlovda qatnashishni eshitib, to‘g‘risi, juda hayajonlandim, – deydi Sirojiddin. – Almati shahriga borganimizda hayajonim yanada oshdi. Bellashuv ikki kun davom etdi. Har bir kunda uchtadan topshiriqning yechimini topishimiz kerak edi. Ko‘rinishidan oddiy tuyulgan masalani yechishga kirishganim sari javobini topish murakkablashib bordi. Natija e’lon qilinguniga qadar to‘g‘risi, nihoyatda betoqat bo‘ldim. Nihoyat g‘oliblar nomi e’lon qilindi... Xayriyat, ustozlarimiz, ota-onam va yurtimiz ahli oldida yuzim yorug‘ bo‘ldi.

 

Yosh dasturlovchi

Temurbek Xo‘jayev Toshkent axborot-texnologiyalari instituti qoshidagi 2-akademik litseyning 2-boqichida tahsil olmoqda. U 2016-yilda o‘quvchilarning “Ilmgohim – iftixorim” nomli respublika ko‘rik-tanlovida 1-o‘rin sohibi bo‘ldi. G‘alaba Temurbekka ham XIII Xalqaro Jautikov olimpiadasining informatika yo‘nalishida ishtirok etish imkoniyatini berdi. Ushbu bilimdonlar bellashuvida u bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bugungi kunda Temurbek “Informatika va dasturlash” to‘garagida ustozi Ahad aka Azamatovdan yangi-yangi dastur g‘oyalarini o‘rganmoqda. Bu dargohda kompyuter yoki uning dasturlari borasida texnik muammolar vujudga kelsa, barcha albatta, Temur va uning do‘sti Abdurasul Rahimovdan yordam so‘rashadi. Bu esa uning shu sohaning nechog‘li yaxshi o‘zlashtirganini, anchayin kuchli bilim va salohiyatga ega ekanini anglatadi. Temurbek kelajakda yangi dasturlar yaratish niyati borligini, buning uchun juda ko‘p o‘qib, izlanib, bilim olishdan to‘xtamasligini aytdi.

Yurtimizda voyaga yetayotgan bunday yoshlarning g‘ayrat va shijoat bilan o‘qib-izlanishini ko‘rib havasimiz ortadi. Nazdimda, ular qo‘lida shijoat bayrog‘ini baland tutgancha, dadil qadam tashlamoqda. Shu ma’noda, yoshlarning o‘z iste’dodini namoyon etishi, nufuzli olimpiada, xalqaro tanlovlarda Vatanimiz sha’nini himoya qilishi barchamizning dilimizga bir olam quvonch olib keladi.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.