Qorako‘llik bilimdonlar
Buxorolik o‘quvchilar “Bilimlar bellashuvi”ning respublika bosqichida umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallashdi. Ushbu jamoa a’zosi, Qorako‘l tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Jalolbek Boboqulov chuqur tarixiy bilimi bilan talabchan hay’at a’zolarini qoyil qoldirib, oltin medal va 1-darajali diplom sohibi bo‘ldi.
Tarixni bilmasdan turib vatanni sevish mumkin emas. Jalolbek nafaqat O‘zbekiston, balki o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qorako‘l tumani tarixini ham katta qiziqish bilan o‘rgandi.
– Hozir biz cho‘li malik, bepoyon sahro deb biladigan tumanimiz miloddan avvalgi II ming yillikda Zamonbobo nomli ulkan ko‘l bo‘yida vujudga kelgan. U mahalliy aholi tilida “Qora ko‘l”, “Qorayib ko‘ringan ko‘l” deb atalgan. Qadimda “Qora” so‘zi “Buyuk” degan ma’no o‘rnida ham qo‘llanilgan. Bu ko‘l o‘sha paytlarda juda katta bo‘lganini anglatadi. Qorako‘l tarixi O‘zbekistonimiz tamaddunida ulkan ahamiyatga ega, u dehqonchilik va chorvachilik gullab yashnagan voha bo‘lgan, – deydi Jalolbek g‘urur bilan.
– Sinfdoshim Jalolbek hamma fanlardan a’lochi. Ayniqsa, tarix faniga muhabbati bo‘lakcha. U kutubxonamizdagi tarixga doir nafaqat badiiy, balki hujjatli kitoblarni hammasini o‘qigan. Hondamir, Abdurazzoq Samarqandiy, sharqning mashhur sulolalari haqidagi asarlarni bizlarga juda qiziqarli qilib so‘zlab berdi. Mirkarim Osim, B. Ahmedov, H. Ziyoyevlarning tarixiy asarlarini esa birgalikda o‘qib chiqdik. Ana shu bilimlarimiz qo‘l kelib, jamoamiz bilan “Siz tarixni bilasizmi?” viktorinasining viloyat bosqichida 1-o‘rinni egalladik. Jaloliddin Prezident asarlari bilimdoni hamdir, – deydi Dilnoza Mahmudova.
J. Boboqulov ustozi Istat opa Yo‘ldoshevaning eng ishongan yordamchisi. U tarixdan test, viktorinalar uchun nihoyatda qiziqarli va munozarali savollar tuzadi. Darsdan bo‘sh paytlarida tumandagi akademik litsey o‘qituvchisi Furqat Hamroyevdan qo‘shimcha saboq olmoqda. Uning maqsadi kelajakda huquqshunos bo‘lish.
Jalolbekning yana bir do‘sti 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internat o‘quvchisi Abbos Sayliyev 2013–2014–o‘quv yilida matematika fanidan o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”ning respublika bosqichida kumush medalga sazovor bo‘lgan edi. O‘tgan o‘quv yili oxirida esa Xitoyning Chang Chun shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematiklar Olimpiadasida ham kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shu yili Moskva Davlat Universitetining Toshkent shahridagi filialining “Lomonosov – 2015” fanlar festivalida qatnashib diplom bilan taqdirlandi.
– Olimpiadada dunyoning 29 davlatidan 672 nafar o‘quvchi ishtirok etdi, – deydi Abbosjon, – ularning har biri ham o‘z mamlakatining eng bilimdon o‘quvchisi ekanligini yurakdan his qilardim. Biroq o‘z kuchimga ishonganim, “Biz hech kimdan kam emasmiz”, degan fikr miyamda charx urgani bois juda xotirjam edim. Bu shior butun O‘zbekiston yoshlarini yuksak marralarga undaydi. Men bor diqqatimni raqiblarimni kimligiga emas, o‘z bilimimni namoyon etishga qaratdim.
Abbosning matematikaga mehr qo‘yishida va bu darajada bilimdon bo‘lishida oilaviy muhitning o‘rni katta. Onasi matematika o‘qituvchisi bo‘lgani bois uyda bu fanga doir qiziqarli kitoblar, ko‘rgazmali qurollar ko‘p edi. Abbos, daraxtda o‘tirgan qushlarni nechtaligini yoki qo‘lidagi qalamiga ukasining 5 ta rangli qalamini qo‘shsa qancha bo‘lishini so‘rasa, onasi bajonidil javob berar, o‘g‘li bilan birgalikda masalalar tuzardi.
Jajji shogirdidagi matematikaga bo‘lgan o‘zgacha layoqatni sezgan muallim Ro‘zimurod aka Ro‘zimurodov u bilan alohida shug‘ullandi. Darslik dasturidan tashqari mavzularni ham astoydil, erinmasdan o‘rgatdi. Natijada u matematika fani bo‘yicha tumanda, viloyatda, hatto respublikada ham eng bilimdon o‘quvchilar safidan joy oldi. Har bir turnir, bellashuv, musobaqada bilimi charxlanib borgan Abbos Sayliyev ustozlari, vatani ishonchini oqladi. Xalqaro matematiklar olimpiadasida g‘olib bo‘ldi. Uning sharofati bilan O‘zbekiston bayrog‘i yuksaklarda hilpiradi. Endilikda ustozi J. Mirzaqulovdan matematika fanini chuqurlashtirilgan dasturda puxta o‘rganayapti. Maqsadi, Jahon olimpiadasida qatnashib g‘olib bo‘lish.
Buxoro viloyatidagi zukko, bilimdon, har ishda faol, ibrat bo‘lgan 20 o‘quvchi viloyat hokimi stipendiyasiga sazovor bo‘ldi. Ular orasida qahramonimiz Abbos Sayliyev ham bor.