Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bolalikning oydin xayollari

Bahor fasli haqida gap borganda she’r, she’riyat yodga tushadi. O‘lkamizda bahor O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavallud topgan kundan boshlanadi. Buni qarangki, xalqimizning yana bir zabardast ijodkori, Zulfiyaxonimning suyukli, iste’dodli shogirdi, O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva ham avji bahor pallasida tug‘ilgan. Shu boisdanmi Oydin opa ijodining anchagina qismini bahorga bag‘ishlangan she’rlar tashkil qiladi. Shoiraning “Shabnam”, “Manzillar”, “Men sevgan qo‘shiq”, “Zar kokil qiz va quyosh”, “Orzu guli”, “Dostonlar”, “Xushxabar”, “Ko‘zimning oq-u qorasi”, “Mushfiq onajon”, “Ishonch yulduzlari”, “Shom shu’lalari”, “Tong tuhfalari” kabi ko‘plab she’riy to‘plamlar muallifi. U jahon va qardosh adabiyot vakillarining doston, ballada va turkum she’rlarini o‘zbekchaga o‘girgan. She’rlari rus, ukrain, qozoq, qirg‘iz, tojik, belorus, fransuz, ingliz va urdu tillarida nashr etilgan. Yana bir gap. Oydin opa uzoq yillar bolalarning sevimli nashri “Gulxan” jurnalida rahbarlik qilganlar. U kishining sa’y-harakati bilan “Gulxan” jurnali ko‘zni quvontiradigan rangli bo‘yoqlarda chop etila boshlagan.

 

BO‘STONLIK “MUXBIRCHA”

Oilada o‘n beshinchi farzand bo‘lib dunyoga kelganman. Otam onamga “Bibinarzi! Buningni peshonasi do‘ng ekan. Supra qoqdi bu. Elomonlik bo‘lib, oydinlikka chiqaylik, iloyim. Otini Oydinoy qo‘yaman”, degan ekanlar. Sababi, akalarim ikki-uch yoshga yetib-yetmay qizamiq, chechak, terlamadan nobud bo‘lavergan ekan.

Patila sochli, erka qizaloq edim. Besh dugona: men, Muhabbat, Latofat, Nazira va Muborak kavushchalarimizni ham kiymay oyoqyalang yugurardik, ammo hecham charchamasdik. Birgalikda “Sandiqcha-yu kursicha”, “To‘ptosh”, “Yashinmachoq” o‘ynardik. Hozir o‘sha damlarni cheksiz hayajon bilan eslayman.

Hayit va bayram, qishloq to‘ylarini intizorlik bilan kutardim. Hayitda yangi chit ko‘ylakcha tikib berishardi. Sochlarimni qirq kokil o‘rishib, uchiga jamalak yoki pilik taqib qo‘yishardi. Yangi mato topmaganlar-chi, sizilib ketgan ko‘ylaklari yoki qalg‘ay ro‘mollarini bo‘yab, bichib, yangidan ko‘ylak tikishardi.

Ko‘klam kezlari onam bir qozon bo‘yoq qaynatib, avvaliga oq doka ro‘molni har yer-har yeridan ip bilan tugib, bo‘yab olardilar. “Oyguli” ro‘mollar paydo bo‘lardi. So‘ng eskirgan, rangi o‘chib ketgan surp ko‘ylaklar solinar, har xil “yangi” mato paydo bo‘lardi.

Maktabga borganimda men mo‘jizalar olamini topdim. Muallima Rahima Saloyeva har bir darsining oxirida mendan yodlagan she’rlarimni aytib berishni so‘rardi. She’rni ifodali o‘qishni o‘rgatar, barcha majlislarga meni qunt bilan tayyorlardi. Qish kunlarining birida shoir Uyg‘un bilan uchrashuv bo‘lgan. Tumanning katta klubida tumonat odam. Bir necha chiqishlardan so‘ng she’rga navbat keldi. O‘sha paytda uchinchi sinf o‘quvchisiman. Uyg‘unning “Men qushlarga don berdim” she’rini dona-dona qilib o‘qib berayotganimda... birdan to‘xtab qoldim va ketma-ket ikki-uch marta aksirib yubordim. O‘zimni yo‘qotmasdan she’rni o‘qishda davom etdim. Ana shu holat Uyg‘un boboda ajib taassurot qoldirgan bo‘lsa kerak, shoir Toshpo‘lat Hamidga “Shu qizaloqqa ustozlik qiling”, deya tayinlabdilar...

Shu voqeadan so‘ng meni ko‘rganlar alohida samimiyat bilan ko‘rsatib, Uyg‘unga she’r o‘qib bergan qizcha kelayapti, deyishardi. Bibirajab opam menga bir sidra yangi ust-bosh, kavushcha olib berdilar. Ana shunday kunlarning birida maktabga borsam, Toshpo‘lat Hamidning ayollari meni chetga imladilar. U kishi rus tilidan dars berardilar. Tumanimizning kichkina gazetasida mening “she’rim” chiqibdi. Muallima menga tayinlab aytdilar: “Kim so‘rasa, o‘zim yozdim, degin”. Maktabdagi ochiq maydonchada yig‘ilish bo‘ldi va meni “she’rim” bilan qutlashdi. Dars tugashi bilan xalq maorifi idorasiga, Toshpo‘lat Hamid o‘tiradigan xonaga olib borishdi. Ko‘lmak yo‘llarda kavushcham loy bo‘lgan edi. Ostonada yechib qoldirib, iymanib ichkariga kirdim. Mening odobimdan zavqi kelibmi, xursandchilikdanmi, u kishi meni yaxshi kutib oldilar va o‘tirishga taklif qildilar.

– Obbo, sen-yey, she’r yozibsanmi? – dedilar kulib.

– O‘zim yozdim, – dedim muallima tayinlaganday. U kishi birdaniga qahqah otib kuldilar. Tizzalariga urib, “obbo, sen-ey”, deb meni hayratga solardilar. Nihoyat kulishdan to‘xtab, dedilar:

– Bu she’rni sening nomingdan men yozdim. Sen ko‘p she’rlarni yod bilasan, dostonlarni ham yoddan o‘qiysan. Bir urinib ko‘r, qofiyalar topsang, o‘qituvching turoqni o‘rgatsa bo‘ldi, she’r yozaversang bo‘ladi, – deb maslahat berdilar.

O‘sha lahzalardan boshlab mening murg‘ak ongimda o‘zim anglab yetmagan bir orzu kurtak yozdi. Opam paxsa devorli uyning bir burchagiga kichkina stolcha qo‘yib berdilar. Kecha-yu kunduz qog‘oz qoralay boshladim. Nimasidir she’rga o‘xshamasdi ularning. Lekin maktab tadbirlarida, yobonda ayollar davrasida o‘qib berardim. Butun tumanga “muxbircha” bo‘lib dovrug‘im ketdi.

 

 

“GULXAN” ILHOMLARI

Bolaligimda muallimlarim “Oydin matematikani suv qilib ichgan, matematik bo‘ladi”, deb yurishardi. Meni esa so‘z sehri o‘z olamiga maftun qildi. O‘sha yillar hayajonlari meni she’riyatga shaydo qilgan ekan, endi bilsam.

Qishlog‘imizda kichkinagina kutubxona bo‘lardi. Zaxgina, nimqorong‘u ikki xonadan iborat edi. Qish kunlari maktab, dala va uy ishlaridan ortib kutubxonaga kirishga vaqtim bo‘lmasdi. Yorug‘ yozda kutubxona oldidagi hovuz bo‘yi shiypon vazifasini o‘tardi. Qizlar kashta tikishsa, men kutubxonadan kitob tanlab chiqib, muk tushib o‘qirdim. Pushkinning ertaklari, o‘zbek xalq ertak va dostonlari, sharq xalqlarining afsona-yu rivoyatlarini bosh ko‘tarmay o‘qir, ba’zilarini uch-to‘rt bor takroran ko‘zdan kechirardim. Yozda yulduzlar sayrini tomosha qilib hovlimizdagi baland supada uxlardik. Oyning yorug‘ida allamahalgacha kitob o‘qirdim. Ertaklardagi qahramonlarim qismati yuragimga ham azob, ham faxr solardi. Tonggacha ertaklar dunyosida yashardim. Onamning ertaklari esa hech tugamas, sigirimiz paxtani yeb, ipga aylantirib berishini kutardim. Otasining ko‘ziga malham izlab ketgan kenja qizning sarguzashtlari meni hali-hamon sehrlab keladi. She’riyatning sehrgar xayollari bilan yashardim. Ana shunday tuyg‘ular menga jur’at bag‘ishlagan va shunday jasorat bilan qishlog‘imdan birinchi bo‘lib Toshkentga o‘qishga kelganman.

Milliy universitet darsxonalari chinakam ijod olamiga olib kirdi va mashqlarimni ilk bor tahririyatga, “O‘zbekiston xotin-qizlari” jurnaliga olib bordim. 1961-yili hozirgi “Saodat”ning avgust sonida she’rim chop etildi. O‘sha she’rimni har gal o‘qisam, yuragim nurga to‘ladi. Zulfiyadek buyuk ustozning imtihonidan o‘tganimga suyunib yuraman...

Ilk kitobim “Shabnam” 1971-yili dunyo yuzini ko‘rdi. Onam kitobning ilk nusxasini ko‘zlariga surtib yig‘lab yubordilar. “Otangiz, o‘g‘illarimning o‘ntasi ham yerga yem bo‘ldi, qizlarim birovning xasmi, otim qolmaydi, deb armon qilgan edi. Mana endi Hoji boboning nomi o‘chmaydigan bo‘libdi, o‘rgilay sizdan”, degandilar. Shu kungacha 30 dan ortiq to‘plamim chiqdi: she’rlar, maqolalar, tarjimalar, badialar. Albatta, ularning mazmun-mundarijasi, saviyasi har xil. Ko‘nglim to‘lmaganlarini ham o‘zimning injiq bolamday qadrlayman.

“Gulxan” jurnali men uchun judayam qadrli. Hozir ham uning muxlisiman. Sevib o‘qiyman, bahra olaman. Bolalarning shunday topqir, rang-barang mavzuli nashri borligidan, u bolalikka sirdosh, maslahatdosh va do‘st bo‘lib qolayotganidan xursand bo‘laman. Tahririyatning navqiron va izlanuvchan xodimlariga bahor tilaklarini bildirib qolaman. “Gulxan” doimo gurillab tursin.

 

N. JABBOROVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.