Sog‘lom yurtning sog‘lom farzandlari
Bolalar, Gulxanjon hamisha siz bolalar davrasiga, siz bilan bo‘lib o‘tadigan tadbirlarga borishdan erinmasligidan, birgalikda qo‘shiq kuylab, she’rlar aytishidan xabaringiz bor. Yaqinda ana shunday bayramlardan biri Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 206-maktabda “Sog‘lom ona va bola yili” hamda Amir Temur tug‘ilgan kunning 680 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazildi. Bayramga 4-”A” sinf rahbari Dilorom Boymatova boshchilik qildi. Sinfning zukko, bilimdon hamda san’atsevar bolalari ijro etgan kuy-qo‘shiq, she’r va raqslari zalga yig‘ilgan o‘quvchilar, ota-onalar, ustozlar va bolalarni nihoyatda xushnud etdi. Ishtirokchi bolalarning barchasi o‘z o‘rni, so‘zi uchun shay turdilar. Ular ijrosida “O‘g‘il bola”, “Kapalak”, “Surxoncha raqs”, hajviy sahna ko‘rinishini zavq bilan tomosha qildik. Qiziqchi, masxaraboz libosida sahnaga chiqqan bolalar ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. O‘quvchilar “Temur tuzuklari”ni yod aytib berdilar. Tadbir so‘nggida maktab rahbari Mag‘zuna Hamdamova boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Bilimlar sinovi” tanlovining tuman va shahar g‘oliblarini tabriklab, ularga “Faxriy yorliq”lar topshirdi.
Xuddi shu kuni yuqori sinf o‘quvchilari bilan “Amir Temur millat faxri” deb nomlangan tadbir ham bo‘lib o‘tdi. “Temur tuzuklari” bilimdoni tanlovida 1-o‘rinni 8-”V” sinf o‘quvchisi Ruxshona Hamroyeva egallagani e’lon qilindi.
Gulxanjon esa 206-maktab bolalari hamda ustozlari bilan bundan buyon ham hamkorlikda ishlashini aytib tahririyatga qaytdi.
O‘z muxbirimiz