Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sohibqiron o‘gitlari

Tarix hamda adabiyot darslari, badiiy asarlar va filmlar orqali buyuk bobokalonimiz Amir Temurning insoniyat oldidagi beqiyos xizmatlari, Vatanimiz tinchligi va ozodligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida ko‘rsatgan jasoratlaridan yaxshi xabardorsiz. Biroq Sohibqirondek ulug‘ zotlar hayoti va faoliyatini o‘rgangan kishi, ularning avlodlarga o‘rnak bo‘lgulik fazilatlari hech bir kitob yoki badiiy filmga sig‘masligiga amin bo‘ladi.

Tarixda minglab podshohlar, hukmdorlar, davlat arboblari o‘tgan. Lekin ular orasida adolat, haqiqatni o‘z ishining asosi deb bilgan, yuksak ma’naviyatli, ma’rifatparvarlari ko‘p bo‘lmagan. Sohibqiron bobomiz o‘z yurtidagina emas, dunyoning o‘nlab mamlakatlarida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlagan, adolat va haqiqat bayrog‘ini baland tutgan, ilm-u ma’rifat, san’at-u adabiyotga homiylik qilgan, avlodlarga “Temur tuzuklari”dek noyob asarni meros qoldirgan ulug‘ zotdir.

Bu kitobni o‘qigan har bir inson, u qaysi kasb yoki soha vakili bo‘lmasin, o‘zi uchun kerakli o‘gitni oladi. Unda, xususan, biz, bugungi yosh avlodlar uchun ham zarur yo‘l-yo‘riqlar bisyor.

Muallif biror o‘rinda shunchaki quruq pand-nasihat qilmaydi, o‘gitlarini hayotga bog‘lab, sodda, ravon uslubda bayon etadi.

Orangizda kelajakda Vatan himoyachisi bo‘laman, deya ko‘ngliga tukkan bolalar ko‘p. Amir Temur mana shunday olovqalb o‘g‘lonlarga haqiqiy o‘rnakdir. Bobomiz yurtni bosqinchilardan tozalash, xalqning emin-erkin hayot kechirishi uchun qanday g‘ayrat-shijoat ko‘rsatganini bilasiz. U zot yuksak fazilatlar sohibi bo‘lib qolmasdan, farzandlari, barcha yaqinlari va askarlaridan ham shunday xislatlarga ega bo‘lishni talab qilganlar. “Tajribamdan ko‘rilgankim, – deyiladi “Tuzuklar”da, – azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, jang ko‘rgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir”.

 

Maslahat – muvaffaqiyat kaliti

E’tibor berganmisiz, hamisha ota-onasi gapiga quloq soladigan, bobo-buvisi nasihatlarini tinglaydigan, ustozlari yo‘l-yo‘rig‘iga amal qiladigan o‘g‘il-qizlar katta yutuqlarga erishadi. Masalan, yaqinda dzyudo bo‘yicha o‘zbekistonlik xotin-qizlar ichida ilk bor jahon chempionligiga erishgan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Diyora Keldiyorova tug‘ilib-o‘sgan xonadonda bo‘lib, chempion qizning o‘zi va ota-onasi, ustozlari bilan suhbatlashdik. Pastdarg‘om politexnika kasb-hunar kollejida tahsil olayotgan Diyoraning xushmuomala, kamtar, mehnatsevar qiz ekanini ko‘rib ajablanmadik. Negaki, aynan shunday fazilatlarga ega yoshlargina ulkan g‘alabalarga erisha olishi mumkinligini bilardik. Bilasizmi, uning qaysi xislati ko‘proq e’tiborimizni tortdi? U o‘zidan yoshi ulug‘larni yaxshilab tinglashni bilar ekan!

– Diyora doim rahmatli buvisining nasihatlariga amal qiladi, – deya ko‘ziga yosh oldi chempion qizning onasi Dilorom opa.

“Bolam, qayerda bo‘lsang ham, o‘zligingni unutma! Kamtarin bo‘l, mehnatdan, izlanishdan qochma. Shunda yutuqlar o‘z-o‘zidan kelaveradi”, der ekan buvisi Gulsara momo.

Murabbiylari va o‘qituvchilarining Diyora haqidagi iliq fikrlarini eshitib, uning zafarli odimlari bejiz emasligini angladik. Zero, har bir ishda kengashish (maslahatlashish), boshqalar fikriga quloq tutishni buyuk jahongir avlodlariga vasiyat qilib qoldirgan, bugungi yoshlar buyuk ajdodlari o‘gitlariga amal qilib kam bo‘lmayotganini ko‘rib quvondik.

“Ishlarimdan barini kengash bilan yurgizib, uni bitirishda to‘g‘ri tadbir qo‘llar edim... Dildan aytilgan maslahatni qalbim qulog‘iga quyardim va dilimga joylardim... Har kimdan so‘z olib, kengash so‘rar edim. Lekin aytilgan har bir maslahatning yaxshi tomonlari haqida o‘ylab ko‘rgach, to‘g‘ri va savoblirog‘ini tanlab olardim”, – deyiladi “Temur tuzuklari”da.

 

Boshlagan ishni yakuniga yetkazish xususida

Bu holat ham barchamizga tanish: ba’zan biror ishni niyat qilamiz-u, uni amalga oshirishga kelganda erinamiz. Yoki yaxshi bir ishni boshlab qo‘yib, uni oxiriga yetkazishga sabrimiz yetmaydi. O‘sha ishimiz bizga katta yutuqlar olib kelishi mumkinligi xayolimizga kelmaydi. “Tuzuklari”da bobokalonimiz bizga shunday nasihat qiladilar: “Yana tajribamdan o‘tkazdimki, kengash ahli birlik, ittifoqlik bilan so‘zda sobit, ishda chidamli bo‘lishlari shartdir. Qilmoqchi bo‘lgan ishlarini qilmasdan qoldirmasunlar...”

Tarixiy manbalardan ma’lumki, Sohibqiron oilaviy ishlarda ham, davlat ishlarida ham doimo tartib-intizomga qattiq rioya etganlar. Halollik, to‘g‘rilik, tadbirkorlik, himmatlilik fazilatlariga ega kishilarni qo‘llab-quvvatlaganlar. Askarlikka ham faqat oliyhimmat, oqil, mard, tadbirkor, sezgir, jur’atli, sabotli, o‘z ishiga sodiq, iste’dodli yigitlar qabul qilingan.

Jahongir bobomizning aytgan so‘zlari-yu qilgan ishlari biz, bugungi avlod uchun yuksak namuna, hayot maktabidir.

 

Elmurod NISHONOV tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.