Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qulog‘ingizga gapim bor

Qizlarjon, mening asal qizlarim, rostini aytsam, sizga havasim keladi. Chiroyingizga, oyog‘ingizdan o‘t chaqnashiga, fikringiz teranligi-yu, hayotingiz hali oldinda ekaniga. Ko‘p pand-u nasihatlarni ota-onangiz, ustozlaringiz va uyingizdagi keksalardan eshitgansiz. Ularning gaplari oldida meniki biroz maydaroq tuyulishi mumkin. Lekin aytmoqchi bo‘lganlarim kundalik turmushning zarur tomchilaridir. Chindan ham qiz o‘nga kirsa, ona songa kiradi, deydi xalqimiz. Bu, qiz bola o‘n yoshidan boshlab uy yumushlarida onasining dastyoriga aylanadi, onasining qo‘lidan ishini oladi, degani.

Qiz bola bor uy ostonasidan ma’lum, deyishadi. Bu – qiz bola navqiron yoshidan atrofiga nazar tashlasin, didli-farosatli bo‘lsin, ozodalikka e’tibor bersin, deganlari. Yaxshilab qarang-chi, hovlingiz, uyingiz to‘zimaganmi? Hamma narsa joy-joyidami? Xokandoz, supurgi bir chetda, odamning ko‘zidan naridami? Darvoqe, supurgini qanday qo‘ygansiz, yotqizibmi yo tikka? Burungilar supurgini tikka qo‘ysa, yomon bo‘ladi, deyishardi. Asl ma’nosini chaqing-a. U tikka qo‘yilsa, uchlari qiyshayib qoladi va supurish noqulay bo‘ladi. Bilasizmi, hech qachon odamga qarab supurilmaydi. Deylik, ko‘cha eshigingiz oldini supuryapsiz, kimdir o‘tib qoldi. Shunda darrov to‘xtab, uni o‘tkazib yuboring. Bu – odobga kiradi. Hatto supurgining uchi birovga tegib ketsa, uchi sindirib tashlanadi, “falokatingiz arisin”, deb.

Kechqurunlari ayniqsa, yoz faslida hovlingizga shakaroblab suv sepganmisiz? Yerning suv sepgandagi o‘ziga xos isini his qilganmisiz? Keksalarning hovliga suv sepilganidan bahra olib, “Baraka top, bolam,” deya duo qilishlariga sazovor bo‘lganmisiz? Xona ichidagi changlarni artgach, hoynahoy yengil tortgansiz. Ha, eng muhimini unutmang. Uy va hovlilarni supurayotganda, albatta, shiftdagi burchaklarga, devorlarga yaxshilab razm soling. O‘rgimchak islari bo‘lsa supurgining uchi bilan tozalab oling. Balki siz ko‘p qavatli uyda yasharsiz. Shunday bo‘lsa, har kuni kirib-chiqadigan yo‘lagingizni supurib, zinalarini yuvib turing. Zinaning o‘ng tarafdagi panjaralari ham yodingizdan chiqmasin. Yo‘lak derazasiga, devorlariga bir-bir qarab qo‘ying. Chang bo‘lsa, vaqtida tozalashni unutmang. Singlingiz yoki qo‘shni qizlarga ham o‘rnak bo‘ling. Zero, uy ostonadan boshlanadi, deganlari shu-da.

Ona qizlarim, agar deganlarimning birontasi hayotingizda asqotsa, xursand bo‘laman. Qiz bola hayotda bilishi zarur, bajarishi shart bo‘lgan uy-ro‘zg‘or yumushlari, vazifa va burchlari anchagina. Ular haqida biz jurnalning keyingi sonlarida suhbatlashamiz. Men barchangizga saodatli umr tilayman. Erta – bir kun ona Vatan yukini yengillatmoq, yurt koriga yaramoq qo‘lingizdan kelishiga ishonaman. Nafislik va nafosat olamining beg‘ubor malikalari bo‘lishingizni istab qolaman.

 

Yayra Sa’dullayeva

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.