Odil Yoqubov
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti sohibi, mohir tarjimon, munaqqid va publitsist Odil Yoqubov 1926-yil Qozog‘iston Respublikasi Turkiston shahrida tug‘ilgan.
1951–1956-yillarda O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetida o‘qidi. Mehnat faoliyatini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida boshlagan yosh adib bir necha yil “Литературная газета”ning O‘zbekistondagi maxsus muxbiri bo‘lgan. So‘ngra “O‘zbekfilm” kinostudiyasi va Respublika kinematografiya qo‘mitasiga bosh muharrirlik qilgan. Adib 1982–1989-yillarda adabiyot va san’at ahlining katta ijod minbariga aylangan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga rahbarlik qilgan.
Odil Yoqubovning birinchi yirik asari – “Tengdoshlar” u endigina talabalik tahsilini boshlagan chog‘larida – 1951-yilda e’lon qilindi. Qissa o‘quvchilar tomonidan qizg‘in kutib olindi. 1956-yilda “Ikki muhabbat” to‘plami nashr etilgach O. Yoqubov o‘zbek kitobxonining suyukli ijodkoriga aylandi. 1958-yilda “Chin muhabbat”, “Aytsam tilim kuyadi, aytmasam dilim” komediyalari hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatrida qo‘yilgach, tomoshabinlar uni dramaturg sifatida ham tanib olishdi. Shundan so‘ng adibning “Bir felyeton”, “Yurak yonmog‘i kerak”, “Olma gullaganda”, “Qanot juft bo‘ladi” qissalari ketma-ket kitobxonlar qo‘liga borib yetdi. Yozuvchining “Izlayman” nomli povestini chin ma’noda avtobiografik asar deyishimiz mumkin.
Uning “Billur qandillar”, “Diyonat”, “Oq qushlar, oppoq qushlar” asarlari o‘zbek adabiyotining durdonalari safidan joy oldi.
Odil Yoqubovning adabiyotimiz oldidagi buyuk xizmatlaridan yana biri alloma bobolarimiz Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Beruniy va Ibn Sino hayoti va faoliyati badiiy bo‘yoqlarda juda katta mahorat bilan yaratilgan “Ulug‘bek xazinasi”, “Ko‘hna dunyo” tarixiy romanlaridir. Muallif “Ulug‘bek xazinasi” romani uchun Respublika davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Atoqli yozuvchi va jamoat arbobi Odil Yoqubov 2009-yil Toshkent shahrida vafot etdi.