Tilimizning jonli nafasi
Mamlakatimizda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganiga 29 yil bo‘ldi. Yurtimiz katta taraqqiyot yo‘liga chiqib oldi. Xalqimizning yashash tarzi kun sari o‘zgarmoqda. Har kunimiz yangiliklarga boy, biroz bee’tibor bo‘lsak, hayotdan ortda qolib ketamiz. Ona tilimizning lug‘at kitobi yangi so‘zlar bilan boyimoqda. Dunyoning ko‘plab mintaqalari bilan bog‘lanayotgan xalqaro aloqalar bois xorijdagi o‘quv muassasalarida o‘zbek tilini o‘rganishga qiziquvchilar soni tobora ortmoqda. Bunga misol qilib yaqindagina tahririyatimizga kirib kelgan qo‘qonlik yurtdoshimiz Aziza Mashrabboyevani aytishimiz mumkin. U bir necha yildan beri Janubiy Koreya yoshlariga o‘zbek tilidan saboq bermoqda. Uning aytishicha, Koreyada tilimizni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish katta. Koreyalik yoshlar Aziza faoliyat yuritadigan o‘quv markaziga kelib o‘zbek tilini qunt bilan o‘rganishmoqda. Aziza menga “Alifbe” kitobiga o‘xshab rasmlar bilan bezatilgan “O‘zbekcha gaplashaylik” deb nomlangan darslikni ko‘rsatdi va “O‘quvchilar shu kitobdagi til o‘rganish uchun berilgan topshiriqlarni tez yodlab olishlari uchun she’riy shaklga solib bersangiz”, deb iltimos qildi. Men kitobni ochib qaradim, juda oddiy topshiriqlar. Lekin til o‘rganishning eng oson yo‘lida berilgan. “Mana xona, katta xona”, “Mana kitob, ana oftob” singari. Qiziqib kitobni varaqladim. O‘ylab qoldim, “Koreyslar bizning ona tilimizni o‘rganamiz deyishadi-yu, men yordam bermaymanmi?”. Bir nechta mashqlarini darrov qofiyaga solib ishlab berdim. Mana ulardan namunalar:
Qora qalam, oq qog‘oz,
Rasm chizaman oz-oz.
Goh chizganim o‘xshamas,
Tajribam kamroq biroz.
Chizaman quloq rasmin,
Qoshiq, ruchka, deraza.
Xarita chizmoq qiyin,
Harakat qildim rosa.
***
Bu nima? Bu gazeta,
Unda ma’lumot mingta.
Ana u-chi, shifokor,
U ishlasa yo‘q bemor.
***
Shirinlikni kamroq ye,
Konfet, qand va shakarni.
Tishlaring og‘rib qolsa,
Qidirma shifokorni.
***
– Bu Bobur, bu Iroda,
Ular hali talaba.
– Sang Min bilan Chi Su-chi?
– Ular juda a’lochi.
Aziza “Endi bu darslikni qayta nashr ettiraman”, deb Koreyaga jo‘nab ketdi. Men esa unga yordamim tekkanidan xursand bo‘ldim.
Ha, har qanday so‘z, tushuncha, fikr tilda namoyon bo‘ladi. So‘z va ifodasiz hech qanday tushuncha bo‘lmaydi. Tilimizning go‘zalligi, uning jonli nafasi va boyligi o‘zbek tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan dunyo yoshlari uchun rang-barang qirralarini ko‘rsataveradi. Bu esa, xalqaro aloqalarda, do‘stona munosabatlarda o‘z aksini topmoqda.
Zahro Hasanova