Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qutlov

Bolalar-u bolalar, eshitmadim demanglar! Siz “Gulxan”ning deyarli har bir sonida mazza qilib o‘qiyotgan bir-biridan qiziq ertak, hikoya va maqolalar muallifi, jurnalimiz bosh muharriri o‘rinbosari  Muhabbat Hamidova Vatanimizning II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Kasb bayrami kuni ertalab tarqalgan xushxabarni eshitib, butun jamoamiz bilan quvonib ketdik.

Muhabbat opa sal kam 50 yildan buyon “Gulxan”da faoliyat yuritadilar. U kishi maktab hayoti, bolalar dunyosini yaxshi biladilar. Shu bois jurnal sahifalarida chop etilayotgan ijodiy ishlari orqali o‘quvchilarga mustaqillik g‘oyalarini singdirishga, ularni ma’naviyat va ma’rifat bo‘stoniga yetaklashga harakat qiladilar.

Muhabbat Hamidova tashabbusi bilan jurnal sahifalarida rang-barang ruknlar tashkil qilinib, ularda milliy qadriyatlarimiz, o‘zlikni anglash ruhidagi maqolalar berib borilmoqda. Opa serg‘ayrat, shijoatli, izlanuvchan  ijodkor bo‘lish bilan birga bolalar matbuotining chinakam fidoyisidir. U kishi tahririyatga ijodiy mashqlarini ko‘tarib kelgan yosh qalamkashlarni  ochiq chehra bilan kutib olib, samimiy suhbatlashadilar, ijod haqida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadilar.  Shu tarzda o‘tgan yillar davomida o‘nlab shogirdlar tayyorladilar. Ularning ayrimlari Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi, ayrimlari hozirda respublikamiz matbuotida samarali mehnat qilmoqda. Muhabbat opa esa yoshlarni tarbiyalab, katta yo‘lga kuzatishda davom etayapti.

Opadan “Gulxan” bilan bog‘liq xotiralari haqida so‘rasangiz, “Men bu jurnalda Xudoyberdi To‘xtaboyev, Abdulla Oripov, Omon Matchon, Oydin Hojiyeva, Safar Barnoyev kabi zabardast ijodkorlar bilan ishlaganman”, deydi faxrlanib.

O‘zbekiston televideniyasining “O‘zbekiston”, “Madaniyat va ma’rifat”, “Yoshlar”, “Toshkent” kanallari, O‘zbekiston radiosining “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla” kanallari  bilan ham  muntazam aloqada.

Muhabbat opa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibasi, “Mehnat faxriysi” nishoni bilan taqdirlangan. Bolalar uchun chop etilgan kitoblarining esa sanog‘i yo‘q.

Biz – “Gulxan” jurnali jamoasi ustozni yuksak mukofot bilan chin dildan tabriklaymiz, ijodiy kuch-g‘ayrat tilaymiz. Hamisha sog‘-salomat bo‘lib, nafaqat oila, farzandlar, nabiralar ardog‘ida, balki O‘zbekiston bolalarining  e’tibori va e’tirofida  yurishlarini tilab qolamiz.

Jurnal jamoasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.