Javlon urib yashash baxti
Zamonaviy o‘zbek tasviriy san’atining yorqin namoyandalaridan biri – O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, akademik, professor, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Oltin medali sohibi Javlon UMARBEKOVni xalqimiz yaxshi taniydi. Mahoratli rassom qariyb yarim asrlik ijodiy yo‘li davomida zamonaviy o‘zbek san’atiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.
Musavvir asarlarida milliy tariximiz, uning taniqli namoyandalari aksi muhim o‘rin egallaydi. Ayniqsa, u inson taqdiri, koinotning ulkanligi va unda odamzodning o‘rnini tarannum etishga intiladi.
Ustoz san’atkorning “Bolalik”, “Qo‘shiq”, “Mening do‘stim”, “Tafakkurli inson”, “Men insonman”, “Hovuz bo‘yida”, “Kelinchak”, “Sohibqiron Amir Temur”, “Yetti iqlim sultoni”, “Uchrashuv”, “Zahiriddin Muhammad Bobur”, “Oy natyurmorti”, “Kushon natyurmorti”, “Bo‘zsuv”, "Karvon”, “Ipak yo‘li xarobalari”, “Jazoir bo‘ylab”, “Surxondaryo”, “Toshkentning 30 ko‘rinishi” kabi qator asarlari san’at yangi yoki eski bo‘lishi mumkin emasligini namoyon etadi.
Biz bugungi sahifamiz orqali ustoz san’atkor Javlon Umarbekovning bolalik chog‘lari, yoshlik yillaridagi ajib xotiralariga nazar tashlaymiz...
Ariqdagi non
1946-yil 17-iyunda Toshkentning Eski shaharida Chig‘atoy darvoza dahasida tug‘ilganman. Oilada 6 nafar farzand – 2 qiz, 4 o‘g‘il edik. Onamning aytishlaricha, men shifoxonada emas, uyimizda tug‘ilgan ekanman. Buvijonim, nabiram bu dunyoda javlon urib yashasin, degan niyat bilan menga Javlon deb ism qo‘ygan ekanlar.
Bolaligimda juda sho‘x, tinib-tinchimas bola bo‘lganman. Yoz fasli kelishi bilan bir voqea tez-tez yodimga tushaveradi. Adashmasam, endigina 1-sinfni tugatgan paytlarim edi. Jazirama yoz kunlarining birida uyimiz yonidan oqib o‘tgan ariq yoniga borib o‘tirdim. Qo‘limdagi nonni suvga botirib-botirib ishtaha bilan yeya boshladim. Keyingi safar nonni suvga botirish uchun ariqqa egilishimni bilaman, “shalop” etib suvga tushib ketdim. Har qancha harakat qilmay, ariqdan chiqa olmadim... Bir payt ko‘zimni ochib qarasam, begona uyda yotibman. Keyin bilsam, suvda oqib ketayotganimda bir amaki ko‘rib qolib, meni qutqarib, uyiga olib kelgan ekan...
Dasturxonga chizilgan asar
Hech esimdan chiqmaydigan xotiralarimdan biri – dasturxonga chizgan rasmim bo‘lgan. P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida o‘qirdim. Bir kuni ustozim katta xostga rasm chizishni topshiriq qilib berdilar. Uyga kelib xostga mos mato topa olmay rosa boshim qotdi. “Nima qilsam ekan?”, deya o‘ylab-o‘ylab onamga aytdim. Shunda onam: “Bolam, sifatli matodan tikilgan oppoq, yangi dasurxonim bor, shuni bersam bo‘ladimi?” deb so‘radi. “Agar o‘zingizga kerak bo‘lmasa, bera qoling”, dedim. O‘shanda onam menga juda chiroyli, yangi, oppoq dasturxonni olib chiqib berganida, u kishining naqadar qo‘li ochiq, farzandlarining quvonchi uchun borini berishga tayyor ekanligini his qilganman.
Dasturxonga katta ishtiyoq bilan uyga berilgan vazifani chizishni boshladim. Dasturxonning o‘rtasida bir-biriga ulangan choki bo‘lgani uchun anchagina qiynaldim. Ammo astoydil harakat qilib, bir necha kun uxlamay berilgan topshiriqni bajardim. So‘ng tayyor bo‘lgan rasmni ustozimga ko‘rsatdim. Negadir aynan shu rasm anchagina shov-shuvga sabab bo‘ldi va respublika miqyosida tashkil etilgan birinchi yoshlar ko‘rgazmasiga qo‘yildi. Ko‘rgazma davomida rasm ko‘pchilikka ma’qul keldi va o‘sha paytdagi Rassomlar uyushmasining raisi O‘rol Tansiqboyev boshliq hay’at a’zolari rasmni sotib olishlarini aytishdi. Lekin ko‘rgazma yakuniga yetgach, rasmni topshirish uchun uyushmaga olib borganimda u yerning direktori: “Rasmning o‘rtasida choki bor ekan. Bu rasmni qabul qila olmaymiz”, deb aytdi. Men shu ishni qayta chizib olib borganimdan so‘nggina qabul qilishdi va kartina uchun ajratilgan pulni berishdi. Kartinamning nomi “Hosil” edi. Shu asar hozirgacha rasmlar zaxirasida saqlanib keladi...
Bolalik nashri
Men rasm chizishga bolaligimdan qiziqdim, mehr qo‘ydim. Faxr bilan ayta olmanki, bolaligim bolalar nashrlari bilan hamnafas o‘tdi. O‘sha vaqtlarda chizgan rasmlarni tinmay bolalar nashriga yuborardim. Hozir o‘sha kunlar kino tasmasidek ko‘z o‘ngimdan o‘tyapti.
5-sinf o‘quvchisi edim. “Gulxan”, “G‘uncha”, “Tong yulduzi” (avvvalgi nomi “Lenin uchquni”) kabi gazeta va jurnallarini qo‘ldan qo‘ymay, sonma-son o‘qirdik. Keyinchalik ushbu nashrlar tayyorlanadigan tahririyatlarga borib, ish faoliyati bilan to‘liq tanishdim. Ularda e’lon qilinadigan hikoya, qissa va ertaklarga rasmlar chizib, qalam haqi ola boshladim.
O‘z ustimda tinimsiz izlanib, tajribam osha boshlaganidan keyin “Mushtum”, “Sharq Yulduzi”, “Guliston” kabi bir qator otaxon jurnallar bilan hamkorlik qila boshladim. Deyarli har kuni jurnallar joylashgan Navoiy ko‘chasidagi 30-uyga qatnardim. U yerdagi har bir tahririyatga qiziqib kirib chiqardim. Shu tariqa faoliyatim kengayib boraverdi. Nashrlar va nashriyotlar bilan hamkorlikda ishlab, bolalar va kattalar uchun yozilgan badiiy asarlarga rasmlar chiza boshladim. Masalan, “G‘afur G‘ulom” nashriyotida chop etilgan O‘lmas Umarbekov, Abdulla Oripov, Xurshid Davronning bir qator asarlariga ham rasmlar ishlaganman.
Ranglarda tarix aksi
Butunittifoq davlat kinomatografiya institutining talabasi bo‘lganimdan so‘ng, badiiy ko‘rgazmalarda qatnasha boshladim. Tasviriy san’atdagi ijod yo‘lini portret, maishiy tarixiy janrda boshladim.
Dastlab “Alisher va Husayn Boyqaroning yoshligi” asarini sharq miniatyura an’analari uslubida yaratdim. Ikki yosh o‘spirinning muloqoti, lirik – poetik holatini kompozitsiya yechimida mohirlik bilan tasvirlashga harakat qildim. “Qo‘shiq” kartinamda esa nay chalayotgan o‘spirin yigitning qiyofasi, yoshlik, beg‘uborlik ijodiy parvozlar ruhini kuylayotgan bir ohangda mujassamlashganini, “Mening do‘stim” deb nomlangan asarimda do‘stimga va kompozitsiyadan o‘rin olgan onalik siymosiga mehr va muhabbat ifodasini aks ettirdim. Bular mening san’at yo‘lidagi dadil qadamlarim edi.
Musavvir hayot go‘zalligi, tuyg‘ular tiniqligi, sofligini nozik chizgilar, qaytarilmas ranglar bilan tasvirlaydi. Buyuk tarixiy shaxslar siymosini yaratish uchun ijodkor ulug‘ ajdodlarimiz hayoti, ular yashagan davr va muhitni, zamondoshlar xotiralarini, tarixchilar yozib qoldirgan asarlarni puxta o‘rganishi zarur. Shuning uchun men doimo o‘qib-uqishga, tarixni mukammal o‘rganishga harakat qildim. Sababi, tariximizdagi har bir qahramon yoki adabiyotimizdagi buyuk yozuvchi va shoirning qiyofasi, uning tabiati ranglar orqali tasvirda aniq namoyon bo‘lishini istardim.
To‘plagan tajribamdan kelib chiqqan holda katta mavzudagi asarlarni turkumlab “Uchlik” nomi ostida birlashtirdim. Uch qismdan iborat bo‘lgan asarimning birinchisi “Tafakkurli inson” deb nomlangan. Asar Sharqning buyuk allomasi ibn Sinoning 1200 yilligiga bag‘ishlangan. Ikkinchisi – “Men insonman” asari al-Xorazmiy yubileyiga bag‘ishlangan. Nihoyat, uchinchisi ulug‘ bobokalonimiz sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlangan bo‘lib, “Yetti iqlim sultoni” deb nomlanadi.
Tan olib aytishim kerakki, bu asarlarni yaratgunimcha yelkamga cheksiz mas’uliyatni yuklagan edim. Axir, tarixga qo‘l urish, uni to‘la aks ettirish oson emasligini har daqiqada his etib turardim...
Yoshlik nafasi
Men Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida, Toshkent san’at institutida, O‘zbekiston rassomlar uyushmasida faoliyat olib bordim. Hozirgi kunda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida talabalarga dars beryapman.
Ko‘pchilik: “Nega haliyam institutda dars berasiz?! Bu tajribangiz bilan boshqa joyda ishlasangiz bo‘lmaydimi?” deb savol beradi. Men ularga doimo bir xil javob beraman: “Men har kuni bu dargohga qadam qo‘yar ekanman, o‘zimni, qalbimni yosh his qilaman. Ko‘zlari ilm olish niyatida porlab turgan yigit-qizlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganimda, rassomlik sirlarini o‘rgatayotganimda ulardagi zavq-u shavq bilan yasharaman. Shogirdlarimning yutuqlaridan g‘ururlanaman. Ularning tinim bilmay izlanishlariga qarab o‘zimning olovli yillarim nafasini sezaman, yoshligimni ko‘rgandek bo‘laman.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach – Yaponiya, Quvayt, Turkiya, AQSH kabi bir qator mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo‘ldim. Asarlarim bilan nafaqat respublika, balki xalqaro ko‘rgazmalarda ham ishtirok etganman. Bir nechta rasmlarimdan namunalar respublikamiz va xorijdagi muzeylarda saqlanadi. Lekin bir tuyg‘uni – institutdagi mo‘jazgina ustaxonamdagi shukuhni, talabalarga tahsil berayotgan onlarimni, ularning bo‘yog‘i qurimagan asarlarini qo‘limga olgandagi baxtni boshqa hech qayerda his etmadim. Shuning uchun ham men o‘sib kelayotgan yosh avlodni yurtimizga, xalqimizga munosib farzand bo‘lib kamol topishlari uchun qo‘limdan kelganicha ko‘mak va maslahat berishga tayyorman.
Bir gapni alohida ta’kidlashni istardim, yoshlarimizga nafaqat yurtimiz rassomlari, balki dunyoning buyuk ijodkorlari va ularning hayot yo‘llaridan saboq berishimiz zarur. Kelajak avlodning tasavvur olamini, fikrlash doirasini kengaytirishga xizmat qiladigan haqiqiy durdona filmlarni o‘zbek tiliga o‘girib, ularga ko‘rsatishimiz, tahlil qilib berishimiz kerak. Ana shundagina san’atimiz har tomonlama rivojlanadi, dunyoga bo‘y ko‘rsatadi.
Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA