Kimyo – qiyin emas, qiziq fan
Sizningcha, dunyodagi e-e-ng qiyin fan qaysi? Matematika deysizmi? Balki, fizikadir? Kim uchundir esa kimyodan qiyin fan yo‘q. Sahifamizning bugungi mehmoni Shahzoda Hakimova hozirda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinfida o‘qiydi. Bu degani, Shahzoda har kuni matematika, fizika, kimyo bo‘yicha o‘nlab, yuzlab masalalar ishlaydi. E-h-h, o‘zini qiynab nima qiladi, deysizmi? U biz qiyin deb o‘ylaydigan masalalarni ishlashdan zavqlanadi, kimyoni jon-dildan yaxshi ko‘radi. Shu mehr sabab u joriy yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. 18-IJSO olimpiadasida ham bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 6-7-sinfda biologiya fanidan o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”, 9-10-sinfda kimyo fanidan bo‘lib o‘tgan olimpiadalarning Toshkent shahar bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Uning kimyo haqidagi gaplarini eshitsangiz, siz ham bu fanga o‘zgacha ixlos qo‘yasiz. Yaxshisi, o‘zingiz suhbatimiz guvohi bo‘ling!
– Kimyoga qiziqish nimadan boshlangan?
– Fanni butun boshli bir kino deb tasavvur qilsak, menga ko‘rsatilgan “treyler” eng ajoyibi bo‘lgan. Buning uchun ustozlarimga rahmat. Men dunyodagi insonlar e’tibor qaratmaydigan, oddiy qabul qilib ketaveradigan narsalarning ortidagi sirni bilgim kelardi. Masalan, “Nima uchun mana shu moddaning hidi bor”, “Nega yog‘ suvda erimaydi” yoki “Qanday qilib yegan ovqatimiz bizga kuch beradi”, – degan savollarga javob topishga urinardim. Oxiri, barcha savollarimga javobni kimyodan topdim.
– Olimpiadada yaxshi natijaga ega bo‘lish uchun maktab darsliklarini yaxshi o‘zlashtirishning o‘zi yetarlimi yoki qo‘shimcha manbalarni ham o‘qish kerakmi? Siz qanday manbalardan foydalangansiz?
– Yaxshi natijaga erishish uchun maktab darsligining o‘zi yetarli emas. Ko‘proq izlanish, o‘rganish kerak. Chunki kimyo fani – tabiiy fan va u kundan kunga yangilanib boraveradi. Bundan tashqari, boshqa kitoblarni o‘qish hech qachon zarar qilmaydi. Misol uchun, adabiyot darsliklarimizda har xil asardan parchalar beriladi. Chunki butun boshli romanni darslikka kiritib bo‘lmaydi-da, kimyo fanida ham shunaqa. Kim qiziqsa, manba topib o‘qiydi. Men ko‘pincha Rossiya universitetlari o‘qituvchi pedagoglarining ma’ruzalarini, taqdimotlarini o‘qiyman.
– Olimpiada qanday bo‘ldi? Nechta bosqich va savollar? Umumiy qancha vaqt berildi? Savollar darajasi qanaqa edi?
– Olimpiada juda qiziq o‘tdi. Har xil millat vakillari, ajoyib ustozlar bor edi. Ekskursiyalar uyushtirildi. Xalqaro Mendeleyev Olimpiadasi 3 bosqichda bo‘lib o‘tdi. I turda bizga 8 ta masala berildi va ushbu masalalarni 5 soat ichida ishlashimiz shart edi. II turda esa qo‘limizga kimyo fanining 5 ta bo‘limidan 3 tadan 15 ta masala berildi va har bir bo‘limdan bittadan masala tanlab ishladik. Umumiy hisobda 5 ta. II tur uchun ham 5 soat vaqt berildi. III tur amaliy tur – laboratoriya ishi bo‘ldi. Bu tur har yili har xil bo‘ladi. Umumiy 5 soat vaqt beriladi. Olimpiada tugagach, savollarni internetdan yuklab olish, istalgan yildagi savollarni ko‘rib, o‘z bilimlaringizni sinab ko‘rishingiz mumkin.
– Kimyoni yaxshi o‘zlashtirish uchun yana qaysi fanlarni bilish kerak? Bu fanni chuqur o‘rganmoqchi bo‘lganlar o‘qishi shart kitoblar, ko‘rishi kerak bo‘lgan filmlar bormi?
– Menimcha, matematika, geometriya, fizika, biologiya va kimyo bir-biri bilan uzviy bog‘liq fanlar. Filmlar haqida bir narsa deyolmayman, lekin tajribalarni ko‘rish zarar qilmasa kerak.
– Muvaffaqiyatli odam – kunini to‘g‘ri rejalab olgan odamdir, degan gap bor. Siz kun tartibiga amal qilasizmi?
– Bu fikrga qo‘shilmay ilojim yo‘q. Masalan, olimpiadaga tayyorgarlik payti guruhimiz uchun kun tartibi tuzilgan edi va iloji boricha uni buzmaslik, har kuni berilgan vazifalarni ortga surmay vaqtida bajarish shart edi. Men ham bunga amal qilishga harakat qilaman, lekin umumiy olganda kunlarim 100% bir xil o‘tmaydi. Axir yillar emas, biz o‘tamiz.
– Kitob o‘qishga qiziqasizmi?
– Badiiy adabiyotga juda qiziqaman. Har qanday turdagi kitoblar menga qiziq. Mening eng yoqtirgan kitoblarim: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Zuhd va hayo” kitobi, Tohir Malikning “Devona”, Fyodor Dostoyevskiyning “Kulgili odamning tushi” kabi asarlari.
– Kimga havas qilasiz?
– Havas qiladigan insonlarim talaygina: ustozlarim, ota-onam, birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov... Umuman olib qaraganda, bolaligini saqlab qola olgan hammaga havasim keladi.
– Ko‘pchilik yaxshi o‘qiydiganlarning haqiqiy do‘sti bo‘lmaydi. Ular barcha e’tiborini o‘qishga qaratishadi, deb hisoblaydi. Sizning chin do‘stingiz bormi?
– Ha, mening ko‘plab chin do‘stlarim, ishona oluvchi insonlarim bor. Menimcha, kishining kimligi insoniy munosabatlarda kim bilan do‘st bo‘lishida ko‘rinadi.
– Kimyo faniga qiziquvchi yosh do‘stlaringizga qanday maslahat berasiz?
– Qiziqishingizni, ishonchingizni yo‘qotmang. Har qanday holatda ham dunyoga o‘zgacha boqishga harakat qiling. O‘rni kelganda nima uchun bunday bo‘layotganini so‘rashdan uyalmang. Kattalar javoblari bo‘lmagani uchun koyishlari mumkin. Eng muhimi, o‘zingizning kim ekanligingizni, boshqalardan farq qilishingizni unutmang! Atrof-muhitning go‘zalligigina ta’sir qilsin sizlarga.
– Kelajakda qayerda o‘qimoqchisiz? O‘zingizni qaysi kasb vakili sifatida tasavvur qilasiz?
– Menda hozircha aniq reja yo‘q, ammo variantlar bor. Maqsad esa bitta – insonlarga yordam berib, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shish.
Dilnavoz Najimova
suhbatlashdi