Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qo‘ligul qiz

Barchinoy Shavkatova Toshkent shahar, Sergeli  tumanidagi  104-maktabning  11- sinfini tamomladi.  U  izlanuvchan, o‘z ustida ishlaydigan qiz:  kashta  tikadi, munchoqdan  tillaqosh,  gul, zanjir  yasaydi. Jemper, do‘ppi, nimcha va o‘yinchoqlar  to‘qishni, tikishni biladi. Pazandachilik  kursida o‘qib,  turli  shirinlik va tansiq taomlar  pishirishni o‘rgandi. Pianino,  gitara  chalib,  qo‘shiqlar  aytadi.  Shuningdek, basketbol, voleybol, futbol, stol  tennisi  bilan  shug‘ullanib,  tumanda  faxrli  o‘rinlarni  egallagan. Yana  rus  va  ingliz  tillarida  erkin  gaplasha  oladi.   U 2020-yil Sergeli tumanida “Besh tashabbus” loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan “Qizlarjon” nomli ko‘rik-tanlovda birinchi o‘rinni egalladi. 

Barchinoy  portret,  natyurmort,  peyzaj  usulida  chiroyli rasmlar  chizadi. Bu iqtidor onasi – tasviriy  san’at o‘qituvchisi Shoira opa Toshpo‘latovadan o‘tgan. Onasining  tog‘ ortidan  oltin koptokdek  cho‘g‘lanib  chiqayotgan  quyosh, yam-yashil  daraxtlarga  qo‘nayotgan qushlar  tasvirlangan rasmlari  uni  ilhomlantirib,   qo‘liga mo‘yqalam ushlashiga sababchi bo‘ldi.

Ba’zan u televizorda dizaynerlar tomo­nidan ishlangan o‘zgacha, ko‘rkam liboslar namoyishini ko‘rganda beixtiyor shu kasb egalariga havas qilardi.  Ularga taqlid qilib, jimjimador liboslar suratini chiza boshlagan. Shoira opa qizidagi layoqatni sezib, uni Sergeli  tumanidagi  21-sonli  musiqa  va  san’at  maktabi o‘qituvchisi Oltinqiz  opa Niyazxo‘jayevaga shogirdlikka berdi.  Barchinoy ustozidan libos dizayni, qalam tasvir, rang tasvir sirlarini o‘rgandi.

Uning orzusi – kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi bo‘lish. “Kelajakda o‘z atelyemni ochish niyatidaman. Milliylik va zamonaviylik hamohang bo‘lgan, o‘ziga xos uslubdagi liboslar yaratib, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etmoqchiman”, – deydi yosh dizayner.       

Serqirra ijodkor Barchinoyning qalbida orzu va maqsadlari bir olam. Uning iqtidori qo‘l­lab-quvvatlansa, rag‘batlantirilsa, vaqti kelib o‘z samarasini berishiga ishonamiz.

 

Sofiya Nazarova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.