Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sehrli so‘z

– Bobo, bobojon, uxlab qoldingizmi? – so‘radi Firdavs dodasi dam olayotgan xonaga kirib.

– Ha bo‘tam, biroz ko‘zim ilinibdi.

– Endi ko‘zingiz ochildimi?

– Ochildi, bo‘tam. Ni­ma gap, tinchlikmi?

– Bobo, yo‘q demasangiz menda bit­ta taklif bor. Fatxulla tog‘aning  do‘koniga boraylik.

– Eee, qoq peshinda do‘­konda nima qilamiz? – buvasining peshonasi tirishdi?

– Menga sehrli tayoqcha olib berasiz.

– Obbo sen-ey, sehrli tayoqcha do‘konda bo‘lmaydi. U ertakda bo‘ladi.

– Bobo, eshitmaganmisiz, bu­vi­jonim, Fatxullaning do‘konida anqoning urug‘idan boshqa hamma narsa bor deganlar. Do‘konga boraylik. Men sizga sehrli tayoqcha turgan peshtaxtani ko‘rsataman, yuraqoling.

– Menga  qara toy, sehrli tayoqcha nega senga shuncha zarur bo‘lib qoldi, o‘zi?

– Oyim bilan yarashib olardim-da.

– Nima, oying bilan urishib qoldingmi?

– O‘rtog‘imdan o‘rgangan gapimni aytgandim. Oyim xafa bo‘ldilar. Yomon bola bo‘libsan, endi sen bilan gaplashmayman, deyaptilar.

– U qanday so‘z ekan?

– Xunuk so‘z.

– Tushunarli. Senga sehrli tayoqcha emas, sehrli so‘z kerak ekan, bo‘tam.

– Sehrli so‘z! – quvonib ketdi Firdavs. – Bobojon, men sehrli so‘zni bilaman.

– Qani, ayt-chi!

– Abra-kadabra, suff...

– Bu nima degani?

– Nima deganini bilmayman. Sehrli so‘z-da, kinoda ko‘rganman.

– E-e, yo‘q, bo‘lmaydi. O‘zing tushun­ma­gan sehrli so‘zni oying qanday tushunsin.

– Siz boshqacha sehrli so‘zni bilasizmi?

– Bilaman, albatta.

– Unda ayting, bobojon. Oyim bilan judayam gaplashgim kelyapti.

– Aytaman. Faqat bitta sharti bor.

– Qanaqa shart?

– Bu sehrli so‘zni ko‘chada yomon bolalar bilan o‘ynaydigan bolalar aytsa sehri yo‘qoladi. Demak, sen odobsiz bolalar bilan boshqa o‘rtoq bo‘lmaslikka so‘z berishing kerak. Rozimisan?!

– Roziman. Endi sirayam xunuk so‘zlar aytmayman, yomon bolalar bilan o‘ynamayman.

– Unda hozir oyingning yoniga borib, boshingni sal egib uzrli ohangda, “Oyijon, men sizni judayam yaxshi ko‘raman. Endi sizni sirayam xafa qiladigan gap aytmayman. Meni kechiring”, degin-da uni mahkam achomlab olgin.

– I-ye, shuyam sehrli so‘zmi? – hayron bo‘ldi Firdavs.

– Eng chiroyli sehrli so‘z bu. Ishonmasang, sinab ko‘r, – jilmaydi bobosi.

– Xo‘p bo‘ladi, – Firdavs oshxona tomonga yugurib ketdi. Ko‘p o‘tmay oyisi jilmaygancha Firdavsni qo‘lidan yetaklab,  ichkaridan chiqib keldi.

Ko‘rdingizmi, bolalar?! Sehrli so‘z Fir­davsning oyisiga ta’sir qilibdi. Iltimos, siz ham bu sehrli so‘zlarni yodlab oling! Kerak bo‘ladi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.