Orzulari ijobat bolalar
Bugungi kunda azim Toshkentning Chilonzor tumanidagi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga ko‘pgina bolalar shifo istab, kelajakni jismonan va ruhan sog‘lom barpo etish maqsadida borishgan. Markazda 160 ta o‘rin mavjud bo‘lib, hozirda 101 nafar bola davolanmoqda. Bemor bola va uni parvarishlovchi ota-onasi uchun ham barcha shart-sharoitlar yaratilgan. 130 dan ortiq shifokor, 38 nafar ilmiy xodim va yuzlab hamshiralar bolalarni davolash ishlari bilan shug‘ullanmoqda.
Prezidentimiz shu yil 17-iyun kuni markazga kelib, bu yerni ko‘zdan kechirayotganida davolanayotgan bolalar dildagi gaplarini xatga yozib, shaxsan yurtboshimizga topshirishgan edi.
30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan Prezidentimiz bolajonlarning maktubiga javob yo‘lladi. Mamlakat rahbarining bolalarga bo‘lgan munosabati klinikada katta tadbirga aylandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddi rahbarlari ishtirok etdi.
Yoshlar ishlari agentligi hamda Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi tomonidan bemor bolalarga turli sovg‘alar va badiiy kitoblar to‘plami taqdim qilindi. Biz – “Gulxan” tahririyati jamoasi ham bu tadbirga o‘z hissamizni qo‘shdik. Bolalarga jurnalning yangi sonlaridan hadya qildik.
– Prezidentimizga orzularim haqida xat yozgandim, – deydi 12 yoshli Diyorbek Abduqodirov. – Maktubimda kelajakda yo‘l patrul xizmati xodimi bo‘lishim, Vatan posbonlari kabi harbiy libos kiyishim haqida bayon qilgandim. Bugun esa o‘sha libos sovg‘a sifatida egnimda turibdi. Yana, zamonaviy planshet, badiiy kitoblar va bir qancha sovg‘alar ham yuboribdilar. Yurtboshimizga cheksiz rahmat aytaman!
A.AXTAMOV