Rahmat, beg‘ubor bolakay
Bugun havo qattiq sovuq. Qahraton qilichini qayragan. Odatim bo‘yicha ishga erta otlandim. Olgan nafasim qalin po‘stinimning yoqasida qirov hosil qilayotganini ko‘rib yoqamni tuzatar ekanman ko‘zim beixtiyor yerda yotgan qip-qizil pulga tushdi. Ikki ming so‘m. Bir bechoragina bola sovuqda cho‘ntagiga qo‘l suqqan-u tushirgan bo‘lsa kerak. Egilib, pulni oldim. Kimniki, deb so‘ray desam, tevarakda kimsa yo‘q. Shundoqqina qo‘limda pul bilan maktabga yaqinlashar ekanman, bir oriqqina, jussasi mittigina bolacha yig‘lab yuboray degan alfozda ichkaridan otilib chiqdi. Aftidan, birinchi sinf. Ikki ko‘zi yerda. U yoq, bu yoqqa alanglar ekan, qo‘limdagi pulni ko‘rib yugurib keldi. Yuzimga qaramasdan ham:
– Bu mening pulim! – deb qo‘limdan shartta oldi-yu yugurib ketdi.
– Rahmat, – dedim beixtiyor.
– Arzimaydi! – dedi burnini tortgancha ketayotib.
– Keyingi safar ehtiyot bo‘l, – dedim ortidan.
Zavqim toshdi. Kulgim qistadi. Kunning sovug‘i ham, maktabning muammolari ham unutilib kayfiyatim ko‘tarildi. Kuni bo‘yi esimga tushsa jilmayib yurdim.
Rahmat, beg‘ubor bolakay!
Salomat Eshimbetova,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Beruniy tumani
47-maktab o‘qituvchisi