Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oddiygina savol

“Gulxan” jurnali ijodkorlarini hamisha yurtimizdagi kutubxona, maktablar hamda litseylarda bo‘lib o‘tadigan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarga taklif etishadi. Bunday uchrashuvlar turli mavzularda, turli muhim sanalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Yaqinda poytaxtimizning ko‘zga ko‘ringan, namunali maktablaridan birida mana shunday uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Maktab zaliga yig‘ilgan 7-8-9-sinf o‘quvchilari va ustozlar jamoasi bizni ochiq chehra bilan kutib olishdi. Biz ularga “Gulxan” jurnalidagi faoliyatimiz, o‘z davrida bu nashrlarga bosh muharrirlik qilgan taniqli ijodkorlar O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev, O‘zbekiston xalq shoirlari Oydin Hojiyeva, Omon Matjon, taniqli bolalar yozuvchisi Safar Barnoyevlar haqida faxr bilan so‘zlab berdik. Yangi yozgan she’rlarimdan o‘qib berdim. Jurnaldagi “Nishona” va rasmlar galereyasi rukni haqida ma’lumot berdim.

Navbat savol-javoblarga keldi. Negadir savollar juda kam bo‘ldi. Albatta, keyingi yillarda maktablarga “Gulxan” jurnalining bormayotgani, ota-onalar bu nashrlarga farzandlarini obuna qilib qo‘ymagani, shu sabab o‘quvchilar jurnal bilan yaxshi tanish emasligini hisobga olsak, bu tabiiy holat edi.

Ulardan kutilgan savollar bo‘lmagach, savol berish navbati bizga keldi:

–   Mana, barchalaringiz yuqori sinflarda o‘qir ekansiz. Albatta, oldingizga qo‘ygan rejalaringiz, maqsadlaringiz bor. Mamlakatimiz rahbari har bir nutqlarida o‘sib kelayotgan yoshlarga  ishonishlarini,  ulardan umidlari katta  ekanini ta’kidlaydilar.  Qani kim o‘z rejalari haqida gapirib beradi? – deb savol berdik. Hamma jim. Tortinishyapti, deb o‘ylab, 5-qatorda o‘tirgan  bo‘yi baland bir  yigitga  qarab “Siz javob bering-chi” dedik.  Yigit o‘rnidan turib “Katta bo‘lganimdami” dedi. Biz hayron qoldik. “Siz allaqachon katta bo‘lgansiz, 3-4-sinf o‘quvchisi emassiz”, dedim. Yigit “Hali o‘ylaganim yo‘q” deb javob berdi. So‘ng 1-qatorda o‘tirgan 8-sinfda o‘qiydigan qizga  yuzlandik, “Siz ayting-chi” deb. U qiz ham o‘rnidan turib “Katta bo‘lganimdami?” deb savol berdi. Ustimdan bir chelak suv quyib yuborishgandek seskanib ketdim. Nahotki, 8-9-sinf o‘quvchilari kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lishi haqida o‘ylashmagan bo‘lsa? Nahotki, ularning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi, orzulari yo‘q. Balki, ko‘pchilikning oldida o‘rnidan turib  javob berishga tortinishgandir. Axir qisqagina javob qilishsa ham bo‘lardi-ku. Men turli savollar girdobida qoldim... Biz bolaligimizda 5-6-sinflarda o‘qiyotganimizda “Kim bo‘lsam ekan”, “Mening orzuyim” degan erkin mavzularda insho yozardik. Agar ular ko‘proq badiiy kitoblar o‘qishganda, gazeta va jurnallarga oshno bo‘lishganda yoki gohida atrofidagi  ziyoli, bilimli insonlarning suhbatlariga quloq tutishganida edi, biz bergan oddiygina savolga javob bera olishardi.

 

Siz nima deysiz, aziz jurnalxonlar?.. Fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.