Kitob – mening hayotimda
EZGULIK ELCHILARI
Bolaligimda ma’naviy ko‘makka muhtoj, tashna edim. Ustozlarim meni kitobxonlikka yo‘naltira bildilar. 7-sinfga o‘tar chog‘im ruhimda keskin ijobiy, ijodiy o‘zgarish bo‘ldi. Maktabimizdagilar meni muxbir va shoir sifatida taniy boshladilar. Badiiy adabiyotga “sho‘ng‘ib”, uning zilol chashmalaridan chanqog‘imni qondirayotganimni o‘zim ham sezmay qolibman... Xuddi shu bois birinchi o‘qituvchim Sanobarxon Xudoyberdiyeva hamda ona tili va adabiyoti fani fidoyisi Ergashxon Aliyevadan cheksiz minnatdorman. (Oxiratlari obod bo‘lsin!)
ERTAKLAR
Ertaklarga erta elakishganman. Elma-el e’zozlangan ertaklarga. Esimda: enaxonlar-u onaxonlar evaralar-u nabiralarini ergashtirib, egatlarga egilib ezilganlarida ertaklarimni entikib eshitishardi. Eshitganda esnashmasdi. Erinmasdan eshitishgan. Eng e’tiborlisi, enaxonlar egachisi Ergashoy enamiz ertasiga “Ekstra” elektr elagichni ehson etganlar. Esdalikni ehtirom-la ehtiyotlayman. Erinchoq “eskimos”lar esa eplab eski elakda elayversin! Elektr –ekonom...
Endilikdagi “ertaksevar”lar ertalabdanoq ekran “erkatoy”lari. Eski ertaklarni eslashmaydiyam!.. Ehtimol, erinishar. Ehtimol...
Ertaklar – ezgulik elchilari.
Ezgulik esa eskirmaydi!
SIM-SIM ESHIKNI OCH!
Prezidentimiz: “Kitob o‘qigan bola, televizor ko‘radigan o‘nta bolani boshqarishi mumkin”, deganlar. Mamlakat rahbarining bu fikriga yuz ellik foiz qo‘shilaman. “Iy-yi, yana ellik foizini qaydan oldingiz, deysiz-da! Kitobsevar bolaligim va o‘smirligimdan.
Shahrimizdagi “Amiriy” nomli axborot-kutubxona markazining muhtasham binosi oldida xotiralar og‘ushida turibman, xuddi ertakdagi Alibobo singari. Kutubxona –ma’naviy xazina, kutubxonachilar esa –xazinabonlar. Ularning ko‘pchiligini uzoq vaqtlardan beri taniyman, qadrdon bo‘lib ketganmiz. Ular Dilnozaxon Sobirova, Nargizaxon Turdimatova, Mahfuzaxon Nishonova, Dilnozaxon Qo‘ziyeva, Barnoxon Abdullayevalardir.
Ommaviy haftalik ichida o‘zbek va tojik xalqlarining atoqli yozuvchisi Sadriddin Ayniy tavalludining 145 yilligiga “Sudxo‘rning o‘limi” asarining taqdimoti tashkillashtirildi.
– Haftalikda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umidaxon Teshaboyeva ham qatnashib, “Turkiy adabiyotlar durdonalari” taqdimotini o‘tkazib berdilar, – dedi kutubxonaning axborot bibliografiya xizmati rahbari Dilfuzaxon Qo‘ziyeva.
KITOB
Yoshi katta “bola”man –
Oq tolalar boshimda.
Kitobni do‘st bilganman,
Bosh egaman qoshida.
Kitob dilga yorug‘lik –
Quvvat olib kiradi.
Meni etdi taniqli,
Qalbimga zavq beradi.
Sobir JABBOR