Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men izlanishdaman

2020-yil G‘u­zor tuma­ni­da­gi 34-maktabni tamomladim. Ammo maktabni tugatishim ka­ran­tin davriga to‘g‘ri keldi. Koronavirus ko‘pchilik qatori bizning oila uchun ham sinovli kechdi. Maktabni kumush medal bilan tugatgan bo‘lsam-da, o‘qishga kirolmadim. Ayrimlar “Medalni sotib olgansan, biliming bo‘lganda o‘qishga kirarding”, deb ta’na qilishdi.

Shunday bo‘lsa-da, ko‘proq  tayyorlanib, yana o‘qishga topshirishni niyat qildim. Ammo onam betob bo‘lib, kechasi bilan uxlolmas, men ularga qarab chiqardim. Ular men uchun kun-u tun duoda edilar. Har kun kechasi “Tez yordam” chaqirardik. Ikki oy sun’iy gullar yasab sotib, repetitor pulini o‘zim to‘ladim. Meni tumanda “Gulchi qiz” deb atay boshlashdi. Baxtimga akam ishga kirib, repetitor xarajatlarini o‘z zimmalariga oldilar.

Afsuski, kirish imtihonlariga bir o‘zim borishimga to‘g‘ri keldi. Sababi, onam og‘irlashib qolgani uchun kasalxonada, yaqinlarim ularning yonida edi. Test sinovlarini topshirib chiqqach, grantga kiray deb Xudoga yolvordim. Nihoyat, mandat chiqdi. Termiz davlat pedagogika instituti Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Buni qarangki, akam ham Moskvada arxitektura bo‘yicha grant asosida o‘qishga qabul qilindilar. Qiyinchiliklar, sinovli kunlarni yengib o‘tganimizga ishongim kelmasdi. Quvon­ganimdan dadamni qu­chib yig‘ladim. Da­dam ham sevinch yosh­­larini ti­ya olmadilar. Onam an­cha tu­­­­­­za­­lib qol­di­lar. O‘qish­­ning ilk kuni tele­vide­niyedan in­ter­vyu olishdi. Ota-onam men bilan faxrlanishdi.

Talaba bo‘lgach, bir soniya ham vaqtimni behuda o‘tkazmaslikka qaror qildim. Bugun 30 ga yaqin maqolalarim respublika va xalqaro jurnallarda chop etildi. 100 dan ziyod sertifikatlarni qo‘lga kiritdim. Bir qator xalqaro forumlarda, seminar-treninglarda faol ishtirok etdim.  Respublika bo‘yicha talabalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Ulug‘bek vorislari” tanlovi qatnashchisiman.

Yaqinda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani “IT va media” bo‘yicha tuman koordinatori etib saylandim. Milliy tiklanish demokratik partiyasi a’zosiman.

Kelajakda IELTS sertifikatini qo‘l­ga kiritib, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida magistraturani xorijda o‘qimoqchiman. Maqsadim –milliylikdan chekinmagan holda, tanlagan sohamga xorij tajribasini tabiq etish, kerakli mutaxassis bo‘lish.

Har bir muvaffaqiyatimda ota-onamning duolari bor. Men esa harakat va izlanishdaman. Demak, hammasi yaxshi bo‘ladi.

 

 Madina QOBILOVA,

Qashqadaryo viloyati

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.