“Ginnes”ga kimlar kiritiladi?
Uzoq vaqt nafas olmay tura oladigan, eng tez yuguradigan, kitobni juda tez o‘qiydigan, kubik-rubikni soniyalarda yig‘a oladigan odamlar haqidagi faktlarga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Mana shunday odamlarni izlab topib, ularning iste’dodlarini baholash bilan kim shug‘ullanishiga hech qiziqib ko‘rganmisiz? Bu ish bilan “Ginnesning rekordlar kitobi” shug‘ullanadi.
Sizga biroz tanish bo‘lgan bu kitob ilk bor 1955-yilda nashr etilgan. Uning yaratilishiga sabab esa, bir necha inson o‘rtasidagi eng tez ov qushi haqidagi bahs edi. Shu bahs bois ulardan biriga faktlar va raqamlar kitobini tuzish fikri keldi. Natijada tabiat va insoniyat olamidagi aqlbovar qilmas ulkan yutuqlar, noyob hodisalar va g‘aroyib voqealar haqidagi faktlardan iborat nashr paydo bo‘ldi.
Birinchi nashrda 4000ga yaqin ma’lumot bo‘lib, 198 betni tashkil etgan. Ilk kitobni tayyorlagan aka-uka MakVirterlar ko‘pincha rekord o‘rnatishga urinishlarni kuzatish yoki yangi, turli xil faoliyat va qiziqishlarning kitobga kiritishga loyiqligini aniqlash uchun dunyoning uzoq manzillariga sayohat qilishgan.
Kitob 1955-yildan beri har yili (1957-, 1959-yildan tashqari) nashr etib kelinadi va dunyo bo‘ylab eng ko‘p sotilgan kitob hisoblanadi. Hozirgacha u 100 dan ortiq mamlakatlarda 150 milliondan ortiq nusxada sotilgan va 40dan ortiq tillarga tarjima qilingan. Har bir kitob minglab yozuvlarni o‘z ichiga oladi va yozuvlarning 80 foizi yildan yilga yangilanadi! 2022-yilga kelib 60 mingdan ortiq Ginnes rekordlari ro‘yxatga olingan.
Kitobga ko‘pgina hamyurtlarimiz rekordlari ham kiritilgan. Samarqandlik polvon Faxriddin Axnazarov, chempion Muhtaram Aliyeva, 7 ta Olimpiadada ishtirok etgan dunyodagi yagona sportchi – afsonaviy sport gimnastikachimiz Oksana Chusovitina sizni ilhomlantirsa ajab emas. Shuningdek, unga turli iste’dodlarga ega tengdoshlaringiz ham kiritilgan.
Hozirda Ginnes rekordlar kitobining 2024-yildagi nashriga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu yilgi kitobda tabiat, musiqa, televideniye va sportdagi so‘nggi rekordlarga urg‘u berilgan. Agar sizda ham qandaydir qobiliyat bo‘lsa, uni rivojlantirishga harakat qiling. Zero, yangi nashrdan sizning ham ismingiz joy olishi mumkin!
Shahribonu RAHMATOVA