Zikrilla NE’MAT
Zikrilla Ne’mat 1961-yilning 13-dekabrida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) ning jurnalistika fakultetida, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida tahsil oldi. O‘zbekiston Respublikasi IIV “Postda”, “Na postu” gazetalari va “Qalqon”, “Shit” jurnallari Birlashgan tahririyati bosh muharriri vazifasida ishladi.
Dastlabki she’rlari o‘quvchilik davrida hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida bosildi. “Ikkimizning yoniq ishqimiz” nomli ilk she’rlar to‘plami 1993-yilda chop etildi. Shundan so‘ng Zikrilla Ne’matning “Yurtim navosi” (1997), “Vatan va muhabbat” (1999), “Qaytar dunyo” (2000), “Ostonadan boshlanar Vatan” (2003), “Muhabbatsiz yashab bo‘lmas” (2004), “Spitamenning so‘nmas qo‘shig‘i” (2005), “Muhabbat mehrobi” (2005), “Sog‘inch dunyosi” (2006), “Sog‘inch sarchashmasi” (2007), “Ezgulik o‘lkasi” (2009) nomli qator kitoblari chop etildi. Bundan tashqari she’r, g‘azal, muxammas, tuyuq va tarjimalari jamlangan “Onam ekkan rayhonlar” saylanmasining 1-jildi (2011), bolalarga atalgan “Besh baho olgan kunim” majmuasi (2013), mumtoz shoirlar g‘azallariga Vafoiy taxallusi bilan bog‘lagan muxammaslar to‘plami – “Muxammas gulshani” (2014) dunyoga keldi.
Zikrilla Ne’matning ko‘plab she’rlari taniqli hofizlar tomonidan kuylanib kelmoqda. Shoirning “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan “Vatan haqida qo‘shiqlar” (2012) kitobi “Eng ulug‘, eng aziz” Respublika an’anaviy tanlovida sovrinli o‘ringa loyiq topildi.