Qalbingizda nima bor?
Jurnalimizning qadrli muxlislari! 2023-yilning har bir sonini diqqat bilan kuzatib, sinchiklab, qiziqib o‘qib borgan aziz mushtariylar! Ana-mana deb, yana bir yilni yakunlab qo‘ydik. Qo‘lingizga jurnalning 12-soni yetib bordi. Avvalo, barcha muxlislarimizni yaqinlashib kelayotgan yangi 2024-yil bilan chin dildan qutlaymiz. Yangi yil hammaga omadli kelsin. Kimning qanday maqsadi, orzulari bo‘lsa, ro‘yobga chiqsin. Yangi yildan kim qanday natija va yangiliklar kutayotgan bo‘lsa, amalga oshsin.
Fursatdan foydalanib yil davomida ijodiy ishlarimizga yaqindan ko‘maklashgan, jurnalning faol jamoatchisiga aylangan boshqotirmalar ustasi Foziljon Oripovga, jurnalist va yozuvchilar Gulgun Usmonova, Saodat Musayeva, Zamira Ibrohimova, Dilorom Ismoilova, Islombek Asilbekov, Ibrohim Rixsiboyev, Buxorodan Oliy toifali matematika o‘qituvchisi, ijodkor Negmurod Guliyevga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Bolalar adabiyotining jonkuyarlari, “Gulxan”ning fidoyi targ‘ibotchilari taniqli ijodkor Dilshod Rajab, Zikrilla Ne’mat, Shukrullo Abdullayev, Orif To‘xtash, Ravshan Isoqovlarga jamoamiz nomidan tashakkur aytamiz.
Qalamkash o‘quvchilarimiz yildan yilga o‘z ustida tinimsiz ishlab, ijoddan ijodga o‘sib bormoqdalar. Ularning bitiklarida hayajonlari, quvonch va orzulari, intilishlari, yurtga, ota-onalariga bo‘lgan kuchli muhabbatlari yaqqol namoyon. Barcha she’rlari, hikoyalari, mulohazalarida o‘ziga xos tabiiylik, samimiylik va soddalik ko‘zga tashlanadi. Bular Malika Tohirova (Buxoro viloyati), Bahora Avazberdiyeva (Navoiy viloyati), Ulug‘bek Sharobiddinov, Farzona Hoshimova (Farg‘ona viloyati), Niginabonu Amirova (Samarqand), Farangiz Abdusalomova, Mashhura Usmonova (Jizzax), Odina Abdumo‘minova (Sirdaryo viloyati), Jamoliddin Qilichev (Andijon viloyati).
She’riyatda ustozlardan Zulxumor Abdurasulova (Andijon), G‘afur Bolqiyev (Samarqand), Sobir Jabbor, Keldibek Ma’mur (Farg‘ona), maktab hayotidan qiziqarli hikoyalar muallifi Salomat Eshimbetovalar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) faol qatnashdilar.
Shu o‘rinda keyingi ikki-uch yil davomida bizga yangi ijod namunalarini yo‘llamay qo‘ygan o‘qituvchilar samarqandlik Boborahmat Muhammadiyev, jizzaxlik Isoq Ismoilov, surxondaryolik Ochil Toshqulov kabi qalami o‘tkir ijodkorlarga “Biz bilan bog‘laning” deymiz. “Gulxan”ning elektron aloqa manzillari ishlab turibdi. Eng sara asarlaringizni jurnalning keyingi sonlarida, albatta, chop etamiz.
Hamkorligimiz yangi – 2024-yilda ham davom etadi. Zero, muxlislarimiz qalbida nimalar borligi bizni hamisha qiziqtirgan.