Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men intilgan cho‘qqilar

“Gulxan”jonning aziz muxlislari. Jurnalimizning bu galgi mehmoni ko‘pchilikka ilk bor “Maftuningman” filmidagi Bakir Nazarov roli orqali tanilgan aktyor, O‘zbekiston xalq artisti, davlat mukofoti sovrindori, rejissor va pedagog, professor Turgun Azizov.

Turg‘un Azizov kino san’atida ham o‘z o‘rniga ega bo‘­lib, o‘ttizdan ortiq filmlarda suratga tushgan. U rejissor si­fa­tida “Qalliq o‘yini”, “Chimildiq”, “O‘zbekcha raqs”, “Hamlet” kabi qator spektakllarni sah­nalashtirgan.

 

RUS MAKTABIDA O‘QIGANMAN

Men 1934-yil 30-noyabrda Toshkentda tug‘ilganman. Otam – savdogar, onam esa uy bekasi edi. Oilada sakkizta farzand – to‘rt o‘g‘il, to‘rt qiz bo‘lganmiz. Ota-onamning mendan oldin ikkita farzandlari bevaqt vafot etgani uchun o‘lib qolmasin, yashasin degan niyatda ismimni Turg‘un qo‘yishgan ekan. Oilamizda adabiy muhit boshqacha edi. Garchand otamning kasbi savdogarlik bo‘lsa-da, biz farzandlarini ilmli qilishga, kelajakda o‘z yo‘limizni topib ketishimiz uchun harakat qilardilar. Safarga chiqsalar, albatta, kitoblar olib kelardi. Onam esa bizga uni o‘qib berardi. Pushkin, Lermontov kitoblarini o‘shanda ko‘rganman. Ehtimol rus maktabiga borishimga shu kitoblar sabab bo‘lgandir. Otamning mendan umidlari katta edi. “Seni iqtisodchi qilaman” deb ko‘p aytardilar. Ba’zan savdo-sodiq ishlariga yetaklab borar, nimalarnidir o‘rgatishga, uqtirishga urinardilar.

Men Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 48-maktabda o‘qiganman. O‘quvchilik paytlarim ancha sho‘x bola bo‘lganman. Sport va avtomobilga qiziqishim baland edi. Darsdan bo‘sh paytlarim jismoniy tarbiya fanidan ochilgan to‘garaklarga qatnardim. Tarix, matematika, adabiyot darslarini maroq bilan tinglardim. Otamning “Iqtisodchi bo‘lasan” degan so‘zlari qulog‘im ostida jaranglab turardi. Ehtimol shuning uchundir, aniq fanlarga qiziqishim o‘zgacha bo‘lgan. Lekin ulg‘ayganim sari rejalarim, maqsadlarim o‘zgara boshladi. 

O‘quvchiligimda Aleksandr Pushkin, Mixail Lermontov, Aleksandr Blok, Vladimir Mayakovskiy kitoblarini ko‘p o‘qirdim. Bo‘sh vaqtimni maktabimiz kutubxonasida o‘tkazardim. She’rlar, dostonlar yodlardim. Ba’zan u yerdagi katta-katta kitoblarni qo‘limga olardim-u, qandaydir hadikmi, bilmadim, negadir o‘qishga jur’atim yetmasdi. Shu payt onamning “Kitoblarda o‘zgacha mehr, fayz, nur bo‘ladi. Agar sen o‘sha nurni ko‘rmoqchi bo‘lsang, uni o‘qishing lozim. O‘qiganda ham shoshmasdan, mag‘zini chaqib o‘qishing kerak”, degan so‘zlarini eslardim. Buni qarangki, onam aytgan nurni qidirib, kitoblar olamiga singib ketardim...

QARORIM

Bir kuni onam bilan opam chiroyli kiyimlarni kiyib, xursand bo‘lib yurishibdi. Sababini so‘rasam, “Tog‘ang (ha, mashhur artist Abror Hidoyatov mening tog‘am edi) “Otello” spektakliga taklif qildi, shunga ketyapmiz”, deyishdi. Men ham boraman, dedim, ular hali yoshlik qilasan, deyishdi. Janjal qildim, yig‘ladim, keyin dadam olib boringlar, deb meni ham yubordi. O‘sha paytlar Pushkin bog‘ining yonida, Milliy teatrning yozgi bog‘ida spektakl bo‘lardi. Bola edim, hech narsaga tushunmadim. Lekin sahnada chiroyli ayol (Dezdemona)ni bir qop-qora odam (keyinroq bilsam, mening tog‘am) bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ygani qattiq ta’sir qilib, xotiramda muhrlanib qolgan.

Bir kuni xolamning qizi Ma’mura opam uyimizga keldi, u teatr institutida o‘qirdi. “Institutimizda imtihon bo‘lyapti, xohlasang, tomosha qilishga olib boray, deb aytdi. U paytda 15 yoshdan oshgan o‘smir edim. Bordim. Talabalar turk yozuvchisining asarini sahnalashtirishgan ekan. Menga juda yoqdi. Shu bilan menda “Aktyor bo‘lsammikan?” degan havas paydo bo‘ldi. Uydagilarga bildirmay, teatrga borib yurdim. Chunki aktyor bo‘lishimga otam qarshi bo‘lgan.

UMRBOD QARZDORMAN

Rus maktabda o‘qiganim uchun teatrshunoslik institutida ham imtihonlarni rus tilida topshirdim. Professor I.Radun imtihon olgach, “Birato‘la ikkinchi kursga olamiz”, deb qoldilar. Xursand bo‘lib, Abror tog‘amga kelib aytsam, “Sen o‘zbek tilini yaxshi bilmaysan, birinchi kursdan o‘qishing kerak”, dedilar. Institutga telefon qilib: “Jiyanim birinchi kursdan o‘qiydi, oldin ona tilini puxta o‘rgansin, o‘zbek sahnasiga chiqolmaydi bu turishda”, dedilar. “Xafa bo‘lma, ona tilingni bilmasang, ko‘zingga yosh ham, his ham kelmaydi, teatr shunday”, deb aytdilar.

Birinchi kursdan Toshxo‘ja Xo‘jayev qo‘lida o‘qiganman. Ular rusiyzabon ekanimni bilgach, bir rus dramaturgining pyesasini berib, har kuni 10-12 betdan o‘zbekchaga tarjima qilib qo‘yishimni aytdilar. Shunday qilib, menga o‘zbek tilini chuqur o‘rgatgan odam Toshxo‘ja Xo‘jayev bo‘ladi. Bu odamdan umrbod qarzdorman.

...Bilasizmi, men tog‘am o‘ynagan rollarni xuddi ulardek o‘ynasam, shunchaki nusxalagan bo‘lardim. Aktyorlik mahoratim o‘smay qolardi. Masalan, tog‘am davrida “Otello”ni poetik o‘ynashardi, biz esa boshqacha qilganmiz. Zamonaviylashtirdik. Aktyor davr farzandi, bir necha o‘n yildan keyin sahna hayoti ham o‘zgarib boradi.

Aktyorning o‘z intilgan cho‘qqisi bo‘ladi. Men intilgan cho‘qqilar Abror Hidoyatov va Shukur Burhonovlardir.

Ha, chindan ham ikki buyuk aktyor yaratgan mashhur Otello va Mirzo Ulug‘bek singari obrazlarni qaytadan sahnada jonlantirish menga nasib etdi. Bu san’atkor uchun katta baxt, jasorat va o‘ziga xos mas’uliyat.

“MAFTUNINGMAN”GADI SIR

Bir kuni tramvayda bir kishi: “Teatrda ishlaysan-a, repetitsiyadan keyin kino­stu­diyaga kir, gap bor”, deb tushib ketdi. Repetitsiya tugagach, kinostudiyaga yo‘l olarkanman, Shukur Burhonov meni to‘xtatib: “Domino o‘ynaymiz”, deb qoldilar. “Bir rejissyor chaqirgan, o‘sha yerga borishim kerak edi”, deb aytdim. “Ha, u – Yo‘ldosh A’zamov. “Maftuningman” degan kino olyapti. Qo‘shiq aytadigan aktyorlar kerakmish, sen aytolmaysan-ku, borsang boraver, baribir o‘tmaysan”, dedilar. Yoshi katta odam chaqirdi, bir o‘tay-chi, deb ketdim.

Bordim. Yo‘ldosh aka menga boshdan oyoq qarab chiqib: “So‘zini beringlar”, dedi. Qizning oyog‘ini bosadigan joyimdan sinov qilishdi. Ashula aytolmasam ham o‘sha rolga o‘tib ketdim. Kinodagi men aytadigan qo‘shiqni Nasim Hoshimov aytgan. Ha, shu sababli bir qiziq holatga ham tushib qolganman. 1958-yilda ijodiy safar bilan Moskvaga borganmiz. Bo‘sh vaqtimda Moskva do‘konlarida yursam, bir kishi menga qaradi-da, atrofidagilarga ruschada: “O‘rtoqlar, qaranglar, bu gastrolga kelgan “Maftuningman” filmi qahramoni-ku! Uning ovozi shunaqangi ajoyibki...” deb qoldi. Yana atrofiga odamlarni yig‘ib, meni qurshab olishdi. O‘shanda hozir ashula aytib ber, deb qolishmasin-da, deb yurak hovuchlab turganman.

OQIBAT RISHTALARI

Uzoq yillar teatr institutida talabalarga saboq berdim. Ularga farzand sifatida qaralsa, mehr berilsa, bog‘liqlik, oqibat rishtalari paydo bo‘ladi. Ustoz talabani o‘ziga o‘xshatib, nusxasini yaratishi shartmas, balki uning qalbini uyg‘otishi kerak. Shunda aktyor holatga kiroladi. Men ularga “Mana bunday qil”, deb urishmaganman, qattiq gapirmaganman. Hozirgi kunda ham shogirdlarimni himoya qilaman, ishlariga fikr bildiraman. Biror ma’qul  bo‘lmagan ish qilayotgan bo‘lsa, “Nega bunday qilyapsan, unaqa qilma, sen bilan birga menam sharmanda bo‘laman” deyman. Mana shu “Menam sharmanda bo‘laman”, deyishim, ularga ko‘proq ta’sir qiladi. Urishib, qattiq gapirishdan foyda yo‘q. Faqat mehr bilan yo‘lga solish kerak.

OT O‘RNINI TOY BOSMADI…

Afsuski, shunday. Ammo men o‘g‘limga ham, qizimga ham “Shu yo‘lni tanlaysan”, deb shart qo‘ymaganman. Shunday qilganimda xato bo‘lardi. Bu sohani zo‘rma-zo‘raki tanlashganida, ulardan professional emas, o‘rtamiyona aktyor, san’atkor chiqib qolardi. Men esa buni  istamayman. Bo‘lsang, zo‘ri bo‘lishing kerak. O‘zida iqtidor bo‘lishi, ichidan nimadir otilib chiqishi, san’atga nisbatan muhabbat shakllanishi, o‘z kasbini sevishi kerak.  San’atda “yashab” keta olishiga ishonishi, ko‘ngli sovib qolmasligi kerak edi. Ular qalbiga quloq solib kasb tanlashdi.

YOSH AKTYORLARGA AYTAR SO‘ZLARIM…

Shu kasbni tanladimi, vijdonan mehnat qilishi kerak. Oliftagarchilikni yig‘ishtirib qo‘yib o‘z ustida ishlash lozim. Men hech qachon bu kasbdan tashqari biror tadbir, yo to‘ylarga bormaganman. To‘ylarda so‘zga chiqadigan bo‘lsam, birov cho‘ntagimga pul solsa, o‘sha yerdagi to‘yni olgan san’atkorlarga berganman. Televideniyeda 220 ta, teatrda 81 ta rol o‘ynaganman. Teatrda o‘zim istagan barcha rollarni ijro etdim. Bu masalada to‘qman. 17 ta rejissorlik asarim ham bor. Hozir bitta “O‘zbekcha raqs” nomli rejissorlik asarim teatrlarda qo‘yilyapti. Dublyajda ham aytishga arzigudek ishlar qildim.

KO‘P YILLIK ORZUYIM

Kitobsiz hech narsaga erisha olmaysiz. Kitob insonning eng yaqin do‘sti, sirdoshi, vaqti kelsa, eng og‘ir kunida tashlab ketmaydigan va bu hayot mashaqqatlarini yengib o‘tishda ko‘maklashuvchi chin yo‘ldoshdir.

Bilasizmi, har gal uyimda nabiralarimning kitob mutolaa qilayotganini ko‘rsam, sevinchdan ko‘zlarim porlaydi. Ularning til o‘rganishini aytmaysizmi?! Ilohim mana shunday ziyoli farzandlarimiz safi kundan kunga ortib boraversin. Biz – keksalarga esa ularning rohatini ko‘rish, duo qilib yurish nasib qilsin.

Prezidentimiz hamisha yoshlar siyosatini qo‘llab-quvvatlaydilar. Albatta, ular kelajak egalari. Ertamiz esa shu – yoshlarga qoladi. Bu jarayonda teatrlarimizning, xususan, bolalar va yoshlar teatrlarining alohida o‘rni bor. Teatrlarimiz foyesi shunday go‘zal, shinam bezatilishi kerakki, unga qadam qo‘ygan yosh avlod o‘zini xuddi afsonalar olamiga kirib qolgandek his qilsin, u tomoshabinlarga estetik zavq bag‘ishlasin. Ana shunda yosh tomoshabinlar safi kengayadi.

Muxlislarimiz teatrga bayramga kelgandek kelishlarini orzu qilaman. Bu — mening ko‘p yillik orzuyim.

 

Islom ASILBEKOV

suhbatlashdi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.