“Ijodni anglash baxti”
O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim Ozod SHARAFIDDINOVning G‘afur G‘ulom haqidagi xotiralari bugungi kun o‘quvchilari uchun ham qiziqarli bo‘lishiga ishonamiz.
Men G‘afur G‘ulomning nomini maktabda o‘qib yurgan kezlarimdayoq eshitgan edim. Urush boshlangandan keyin maktab sahnasidagi birinchi marta juda zo‘r ko‘tarinkilik bilan yoddan o‘qigan she’rim G‘. G‘ulomniki bo‘lgan edi. Bolalik chog‘larimdayoq men bu ulug‘ insonni shaxsan tanish baxtiga muyassar bo‘lgandim. 1-4-sinflarda men Qorasaroy ko‘chasida “Kadiobod” mahallasidagi 22-maktabda o‘qiganman. Bu maktab G‘afur G‘ulomning hovlisidan uzog‘i bilan yuz qadam narida edi. Bu maktabni “Xolida maktabi” deb ham atashardi. Xolida G‘afur akaning qizi bo‘lib, shu maktabda o‘qigan, qorachadan kelgan, tiqmachoqdek qiz edi. Bolalik sho‘xliklari bilan G‘afur G‘ulomning hovlisiga bir-ikki kirib chiqqanimiz ham esimda. G‘afur aka ko‘chadan o‘tib qolsa, albatta, salom berardik, agar indamay ketaversa, aylanib ham, o‘rgilib ham salom beraverar, alik olmasligiga yo‘l qo‘ymasdik. Agar G‘afur aka biror bizbop yumush buyurib qolsa, shodlikdan entikib, oyog‘imizni qo‘limizga olib, uni ado etardik.
Yuqori sinfga ko‘chganda bu ajoyib inson bilan shaxsan tanishdim, uning qo‘lini oldim, keyin she’rlarini yod o‘qib, darsini oldim. Keyin-keyin men adabiy hayotning ichiga kirib borar ekanman, ustoz bilan yanada yaqinlashdim, uning adabiy kechalariga boradigan bo‘lib qoldim. Biror joyda G‘afur G‘ulom ma’ruza o‘qiydigan yoki biror bahsda ishtirok etadigan bo‘lsa, uni qoldirmay, albatta, yetib borardik. Baxtimni qarangki, G‘afur G‘ulom bilan bir necha marta safarlarda bo‘lish, adabiy bayramlarda birga ishtirok etish nasib qilgan ekan. Har bir uchrashuv, har bir safar chog‘ida bu insonning yangi-yangi qirralari, tafakkurining zo‘rligi, xayolot ufqlarining cheksizligi, tengi yo‘q iste’dodi ko‘z o‘ngimda to‘laroq namoyon bo‘la borardi.
Biz – talabalarining qo‘lidan ustoz shoirning kitobi tushmas edi. Uning har bir yangi kitobi chiqishi bilanoq uni xarid qilardik va bir zumda o‘qib chiqib, yod oladigan she’rlarini yodlab olardik, keyin o‘zaro gurunglarimizda sha’riy mahoratning zo‘rligidan, poetik obrazlarning zo‘rligidan, turli she’riy ifodalarning tesha tegmaganligidan zavqlanib yurardik. Bir odam ularga til tekkizadigan bo‘lsa, g‘ashimiz kelardi, darhol sevimli shoirimizni behuda xurujlardan himoya qilishga kirishardik...